http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Salohiyati yuqori, imkoniyatlari keng korxona

on .

Foydali qazilmalarni boyitish, fuqaro va sanoat qurilishi qattiq tog’ jinslarini yuzaga chiqarish uchun burg’ulash va portlatish ishlarining omilkorona olib borilishini taqozo etadi. Burg’ulash-portlatish ishlari tog’-konchilik ishlarida muhim ahamiyat kasb etishi bilan birga mahsulot tannarxi shakllanishida asosiy o’rinda turadi.

1997 yilda foydalanishga topshirilgan Emulsion portlatish materiallari zavodi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishlab chiqarish faoliyatida keskin burilish yasagan korxonalar sirasiga kiradi. OKMKning 2016 yilga mo’ljallangan investitsion loyihalari doirasida “Patronlashtirilgan portlatish vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi mazkur korxona ishlab chiqarish hayotida yangi bir bosqichni boshlab berdi. Kombinat ishlab chiqarish faoliyati doirasi oshib borishiga uyg’un holda zavod quvvatlari ham oshib bormoqda. Texnologik liniyalarining kengayib borishi va yangi transport vositalari keltirilishi hisobiga korxona yangi ko’rsatkichlar sari dadil chiqib borayapti.

Har bir ishlab chiqarish korxonasida bo’lgani kabi PMZda ham ish kuni ish taqsimoti xonasidan boshlanadi. Mazkur korxonada esa mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilinishiga alohida urg’u beriladi. Bu bejiz emas, chunki zavodda mehnat qilayotganlar bevosita portlatish materiallari bilan ishlaydi va kombinat konlarida portlatish ishlari olib borilishida ishtirok etadi. Korxona emulsion portlatish materiallari ishlab chiqarish hamda portlatish ishlarini olib borish uchastkalariga bo’lingan holda faoliyat olib boradi.

- Uchastkamizda 64 nafar ishchi-xodimlar portlatuvchi, tog’-kon ishchisi, omborchi va portlatish materiallarini taqsimlab beruvchi kasblarida mehnat qilib kelishadi, - deydi Portlatish ishlarini olib borish uchastkasi boshlig’i Ibrohim Saparmatov. - Ish taqsimoti xonasida xavfsizlik talablari umumiy tartibda qayta tushuntirilishi bilan birga ish kuni uchun belgilangan loyihalar, naryadlar bilan ishchilar tanishtiriladi. Portlatuvchilarga naryad - yo’l varaqalari imzolari bilan tasdiqlangan holda topshiriladi. Yo’riqnomalar, topshiriqlar va portlatish materiallarii olganidan so’ng portlatuvchi maxsus mashinalarda karyerlarga yo’l oladi. Quduqlarni to’g’ri quvvatlash(zaryadlash) texnologiyasiga rioya qilinishini ta’minlash va ularning chuqurligini o’lchash, portlatish tizimini montaj qilish va tekshirish, PM xususiyatlari va mo’ljallanishini mazkur kasb egalari mukammal bilishlari shart. Quvvatlash mashinalari blokka yetib kelishi bilan quduqlarni quvvatlashga kirishadi. Quduqlar quvvatlanganidan keyin portlatuvchi quvvatlangan blokni tog’-kon ishchisiga topshiradi. Ko’rinib turibdiki, vazifalar ko’lami keng va shunga mos ravishda mas’uliyat va talab ham yuqori. Shundan kelib chiqqan holda har bir ish kuni vazifalari, kasb va lavozimlarga asosan xavfsizlik talablari belgilab boriladi. Qat’iy talabchanlik va zavodning boshqa xizmatlari bilan hamjihatlikda ishlarning to’g’ri tashkillashtirilib borilishi evaziga kombinat kon va karyerlarida portlatish ishlari belgilangan tartiblarda hamda yuqori sifat ko’rsatkichlari ta’minlangan holda amalga oshirib kelinmoqda. Jamoamizning Alimboy Nazaraliyev, Abdunabi Sheranov, Aleksandr Korjov, Shavkat O’sarov, Azimqul Sultonov, Ixtiyor Fozilov kabi tajribali ishchilari ortidan Akrom Yunusov va Abdulatif Abdullayev kabi serg’ayrat, umidli yoshlarning kamol topib borayotgani quvonchlidir.

Portlatish materiallarining karyerlarga yetkazilishi, quvvatlash mashinalarining  pand bermasdan ishlashi, yo’llarda xavfsiz harakatlar ta’minlanishida kollona boshlig’i Abdumalik Begmatov rahbarligi ostidagi avtotransportchilarning hissasi beqiyosdir. Ma’lumki, maxsus avtomobilь haydovchilari emulsion portlatish vositalarini tayyorlash va mexanizatsiyalashtirilgan usulda quduqlarni quvvatlash ishlarini bajaruvchi texnik ijrochi ham hisoblanishadi. Quvvatlash-qorishtirish mashinasini komponentlar bilan yuklash va quvvatlash, EPV tayyorlashda belgilangan kalibrovkalanishni va quduqlarni quvvatlash texnologiyasini ta’minlash, yuklanayotgan materiallar va yonilg’i yuklanish miqdorlarini nazorat qilib borish kabi vazifalar Inomjon Ergashev, Faxriddin Abdurahmonov, Ruslan Isayev, Elmurod Sultonov, Sirojiddin Toshpo’latov va Adham Hayitaliyev kabi haydovchilar tomonidan bekamu-ko’stlikda izchil bajarib borilmoqda.

Korxonada yaxshi an’anaga aylangan yana bir jihat - mehnatkashlarning ijtimoiy-huquqiy manfaatlari ta’minlanishiga qaratilgan e’tibordir. Zavod kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi Buhojar Rahimova yo’lboshchiligidagi hisobot yili uchun belgilangan barcha tadbirlar yuqori saviyada o’tkazilishi ta’minlab kelinmoqda. Kuni kecha korxonaning yosh ishchi-xodimlari o’rtasida “Mehnat muhofazasi - mening mezonim” ko’rik-tanlovi o’tkazildi. Tanlovda ishtirok etgan 10 nafar yosh ishchilar o’z sohalariga doir yuksak bilimga ega ekanliklarini namoyon etishdi. Bellashuvda g’oliblikni Portlatish ishlarini olib borish uchastkasi ishchisi Furqat Bo’riboyev qo’lga kiritdi.

Ma’lumki, kasaba uyushmalari mehnatni muhofaza qilish sohasida vakillikni, shuningdek, xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni amalga oshiradi. Bundan tashqari, mehnatni muhofaza qilish holatini o’rganish, ish beruvchilarning jamoa shartnomalari va kelishuvlarida nazarda tutilgan mehnatni muhofaza qilish bo’yicha majburiyatlari bajarilishini nazorat qilib boradi. Muntazam o’tkazib borilayotgan kasb mahorati tanlovlari shu yo’nalishda belgilangan vazifalarga hamohangdir.

Sport yo’riqchisi Mira’zam Jo’rayev boshchiligida tashkillashtirilayotgan sport-sog’lomlashtirish musobaqalari ham qizg’in kurashlar ostida o’tmoqda.

Kombinat ochiq tog’-kon qazib olish konlari soni hamda burg’ulash-portlatish ishlari hajmi ortib borayotgan bir vaqtda o’z ish quvvatlarini yangi texnologiyalar va texnikalar hisobiga kengaytirib borayotgan Portlatish materiallari zavodi aynan yuqoridagi omillar evaziga o’zining yangi yuksalish davriga chiqib bormoqda.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech