http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

“Yoshlik” bog’i ochildi

on .

Xabaringiz bor, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil shahrimizga tashrif buyurganlarida 5/3 kichik nohiyasi hududida “Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasini tashkil etish bo’yicha o’z takliflarini bildirgan edi. Yurtboshimiz tashabbusi asosida qisqa vaqt ichida 7 qavatli uylar barpo etilib, shahrimizdagi yana bir obod mahalla qad rostladi. Ushbu mahalla hududida esa zamonaviy “Yoshlik” bog’i ham qurib bitkazildi. “Olmaliq KMK” AJ “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti quruvchilari tomonidan 2018 yilda  qurilishi boshlangan mazkur istirohat bog’i 2019 yilda qurib bitkazildi.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida esa ushbu bog’ rasman o’z faoliyatini boshladi. Istirohat bog’ining tantanali ochilish marosimi avvalida “Metallurg” madaniyat saroyi badiiy dastalari tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

Shundan  so’ng, “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining ijtimoiy masalalar bo’yia o’rinbosari Ulug’bek Fayazov, kombinat boshqaruvi raisining xodimlar bo’yicha o’rinbosari Azim Mirzajonov va kombinat xodimlar Kasaba uyushmasi kengashi raisi Abdurashid Haydarovlar ramziy lentani qirqishib, istirohat bog’ini rasman ochib berishdi.

“Yoshlik” bog’i umumiy 2 gektar yer maydonida joylashgan bo’lib, yangi barpo etilgan “Mustaqillikning 27 yilligi” mahallasiga o’ziga xos ko’rk bo’lib turibdi. Istirohat bog’ini bunyod etilishida bosh pudratchi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti jamoasi jonbozlik ko’rsatishdi. Kapital qurilish ishlari boshqarmasi bosh muhandisi G’ani Nigmatovning aytishicha, bog’ning kiraverishiga o’rnatilgan 14,5 metrlik stella oqshomda chirog’lar yog’dusi ila turli rangda tovlanishi  ham har qanday kishi e’tiborini tortishi shubhasiz.

Aholining dam olishi uchun bog’da barcha shart-sharoitlar yaratilgan bo’lib, ayniqsa, 10 ta shiyponcha kunning jazirama issig’ida hamshaharlarimiz uchun dam olishga qulaylik yaratadi. 16ta arg’amchi o’rindiqlarda ham bolalar va kattalar hordiq olishlari shubhasiz. Bog’ning o’rtasiga o’rnatilgan diametri  9 metr bo’lgan favvora ham boqqa o’ziga xos chiroy baxsh etadi. Ayniqsa, sun’iy sharshara uzra oqib tushayotgan obi hayot 70 metrlik ariqchada oqib, ajib bir manzara kasb etadi.

Bolajonlar uchun xizmat qilishga shay harakatlana oladigan “Oqqushlar”, “Samolyotlar”, “Quvnoq paravozcha” kabi attraktsionlar ham jajji farzandlarimizga quvonch bag’ishlaydi.

O’rta va yoshi kattalar uchun mo’ljallangan turli sport jihozlari bilan ta’minlangan mashqlar maydonchasi ko’pchilikda katta taassurot qoldirdi. O’lchami 20x40m bo’lgan sun’iy qoplamali futbol maydonchasida endilikda mahalla bolalari futbolning sir-asrorlarini o’rganishadi. Ajabmas, mahalladan Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov kabi taniqli futbolchilarning izdoshlari chiqsa. 

Turli 6ta sirpanchiq(gorka)lar bilan jihozlangan o’ziga xos dizaynga ega bolalar maydonchasi ham endilikda  mahalladagi jajji o’g’il-qizlarning sevimli maskaniga aylanishi tayin.

Bir so’z bilan aytganda, shahrimizning chekka hududida qad rostlagan “Yoshlik bog’i” “Olmaliq KMK” AJ tomonidan hamshaharlarimizga yurtimiz mustaqilligining 28 yilligi oldidan o’ziga xos sovg’asi bo’ldi.

Sherzod TILOVBERDIEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech