http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Boqimandalik - taraqqiyot kushandasi

on .

Bugun “Olmaliq KMK” AJ mehnat jamoasi nafaqat ishlab chiqarishda faol, balki Olmaliq shahri obodligi yo’lida ham salmoqli ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Ayniqsa, ular tomonidan ko’p qavatli uylar holatini saqlash, ularni ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorlash masalalari borasida ham diqqatga molik ishlar bajarilgan. Ammo, tanganing ikkinchi tomoni bo’lganidek, OKMK Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi ko’p qavatli uylarning ahvoli, uy atrofidagi hududlar talab darajasidami? Yoki aholida haliyam boqimandalik kayfiyati hukmronmi? Keling, bu haqda quyida batafsil tanishamiz.

2017 yil 12 sentyabrdagi “Olmaliq KMK” AJ bosh direktorining buyrug’iga ko’ra, Uy-joylarni ta’mirlash va ulardan foydalanish boshqarmasi tasarrufidagi ko’p qavatli uylar kombinat korxonalariga biriktirilgan. Har bir korxona o’ziga biriktirilgan ko’p qavatli uylar, trotuarlar, bolalar maydonchalari, irrigatsion tizimlar ta’miri va saqlanishi bo’yicha UJTFB bilan hamkorlikda chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, har chorakda amalga oshirilgan ishlar bo’yicha hisobotini berib borish vazifalari yuklatilgan.

Kombinatning 32 ta korxonalariga jami bo’lib 291 ta ko’p qavatli uylar biriktirilgan holda ular bo’yicha korxona-tashkilotlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarning monitoringini UJTFB uchastkalari boshliqlari olib borishadi.

Boshqarma ishlab chiqarish texnik bo’limi boshlig’i Ilhom Ergashev bu yil kombinat uylarida olib borilgan ishlar bo’yicha quyidagicha ma’lumot berdi:

- Hozirda tasarrufimizda 296 ta ko’p qavatli uylar mavjud bo’lib, 50 ta ko’p qavatli uyning tom qismi mukammal ta’mirga kiritilgan, ulardan 19 tasiga 17 861 m2 yumshoq qoplama, 18 tasiga 9 265 m2 shifer, 13 tasiga 14 824 m2 profnastil qoplamalari yotqizilib, jami bo’lib 41 950 m2 tom qismi yangilanadi. 18 iyun holatiga ko’ra, 21 ta uyning tom qismi mukammal ta’mirdan chiqarildi. Shundan 5 tasi (66 434m2) yumshoq qoplama bilan, 11 ta uy tomi (9 995m2) shifer, 5 ta uy (5 830m2) profnastil bilan, jami 18 964 m2 tom qismi yopildi.

Tomni qoplamalar bilan yopish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mir ishlari boshqarmasi hamda boshqarmamiz kuchlari bilan amalga oshirildi.

Joriy yil boshida “Obod mahalla” dasturi asosida “Koinot” mahallasida 21 ta ko’p qavatli uyning 12 732 m2 fasad qismi ta’mirlandi. Uylarning atrofidagi yo’laklarga 6 365 m2 asfalt yotqizildi. 234 ta uy oldiga o’rnatilishi belgilangan 515 ta tungi chiroqlarning 66 ta uy oldiga 118 tasini o’rnatdik. Trotuarlarning 9 042 m2 hududiga asfalt yotqizildi. 16 ta uyning oldiga bolalar maydonchasi qurilishi belgilangan bo’lib, hozirda 10 ta jamlama metallkonstruksiyalar olib kelingan. Reja bo’yicha 19 ta uyning 2 281 metr oqava tizimi yangilanishi lozim edi. Amalda 8 ta uyning 936 metr oqava tizimi yangisiga almashtirildi. 9 ta uyning esa 3 928 metr issiq va sovuq suv quvurlari yangilandi. Bundan tashqari, 36 ta uyning 12 651 metr suv quvurlarini yangilash ham rejamizga kiritilgan.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida boshqarmaning o’zida abonentlar bilan ishlash bo’limi tashkil etildi. Ushbu bo’lim barcha to’lovlar, qarzdorlik va hisob-kitob ishlari bilan shug’ullanadi. Shuningdek, har bir uchastkamizda tomlarni yopish bilan shug’ullanuvi mutaxassis faoliyat yuritib kelayapti. Fuqarolar yuzaga keladigan muammolar bo’yicha bemalol murojaat qilishlari mumkin.

UJTFB ishlab chiqarish texnik bo’limi boshlig’i Ilxom Ergashevning hisobotidan ko’rinib turibdiki, salmoqli ishlar bajarilgan va bajarilayapti. Xo’sh, aholi ta’mirlangan uylar holatini ko’ngildagidek saqlay olayaptimi? Savolimizga javob izlab 1-Turar-joylarni ta’mirlash uchastkasi boshlig’i Shukurjon Umirovga yuzlanamiz.

- Afsuski, besh qo’l barobar bo’lmaganidek, turli xil odamlar bor, - deydi Sh.Umirov. - Amalga oshirgan ishlarimizni qadriga yetib, uni avaylab-asrayotgan uy egalari ham bor, albatta. Ammo, atrofda bo’layotgan hodisalarga befarq aholi vakillari ham yo’q emas. Misol uchun Turkiston ko’chasidagi 16-, 18-uylarni oladigan bo’lsak, ushbu uylardagi yashovchilarning ba’zilarida ekologik madaniyat yetishmaydi. Chiqindilarni belgilangan joyga tashlashdan erinib, shundoqqina katta yo’l yoqasiga tashlab ketishadi. Yana bir misol, mana Amir Temur ko’chasi 57-uyning oldidagi manzarani ko’rib turibsiz. Chiqindi jadval bo’yicha deyarli har kuni olib chiqib ketilishiga qaramay, bu yerda ba’zi bir erinchoqlar uyning oldiga chiqindisini to’kib tashlagan.

Uchastka boshlig’i hamda sanitar tozalik bo’yicha usta Zarifa Qo’chqorova bilan reyd o’tkazar ekanmiz, haqiqatdan ham xunuk manzaralarning guvohi bo’ldik. Babushkin ko’chasidagi 21-uyning 1-uy yo’lagida xonadon egalarining turli xil buyumlari tashlab qo’yilgan. Sharof Rashidov ko’chasi 17-uyning 3-uy yo’lagidagi ahvolni ko’rib “maymunlar yig’laydi”. Bu yerdagilarga ozodalik, saranjom-sarishtalik begona tushunchalar ekanligi aniq. Bo’lmasa bu yerda uy hayvonlarining axlatlari yotmasdi. Ta’mirlangan devorlarga esa suv oqizishmasdi.

 Babushkin ko’chasidagi 22-uyda esa mutlaqo boshqacha manzara. Avtomobil transporti boshqarmasi jamoasi tomonidan ta’mirlangan ushbu uy boshqalarga nisbatan namunali. Uy yo’laklari ozoda.

Shu o’rinda mavzuga aloqador murojaat bilan tahririyatimizga arz qilgan Amir Temur ko’chasi 60-uyda yashovchi aholining murojaatini ham o’rgandik. Arizaga ko’ra, ushbu uy oldi o’z vaqtida tozalanmaydi, bolalar maydonchasi haqida gapirmasa ham bo’ladi. Murojaat bo’yicha Amir Temur ko’chasi, 60-uy oldiga boramiz. Haqiqatdan 60-uy atrofida xunuk manzaralar ko’zga tashlanadi. Uy oldidagi ariqcha chiqindilarga to’la, turli o’t-o’lanlar o’sib yotibdi. Shakl berilmagan daraxtlarning shohlari har tomonga tarvaqaylab ketgan. Bolalar maydonchasi (agar uni bolalar maydonchasi deya olsak) g’arib holatda. Temirdan yasalgan ikkita jihoz ham bir ahvolda. Bu holat yuzasidan mutasaddilardan albatta, javob kutamiz.

Shahrimizning quyi qismidagi ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatuvchi 3-UJTU boshlig’i Nasim Rasilxonov hamda ushbu uchastka sanitar tozalash bo’yicha ustasi Farida Utaboevalar hamrohligida reydimizni  davom ettiramiz. Mazkur uchastka 52 ta ko’p qavatli uylarga xizmat ko’rsatib, bu yerda ham aholi bilan bog’liq muammolar talaygina. Metallurglar ko’chasi 34-uy, “Oydin hayot” ko’chasi 16-uylarni namunali, desak bo’ladi. Shu ko’chadagi 20-uy hamda 32-uyning artoflarida noqonuniy qurilmalar bor. Hatto shu ko’chadagi 32-uyning birinchi qavatidagi xonadon egasi birinchi qavatni to’laligicha o’rab olganini ko’rib, hayron qoldik. Xudo ko’rsatmasin, bir nohush holat yuz bersa, qutqaruv xizmatlarining avtoulovlari ushbu uyga bemalol kirishlari dargumon. Ushbu uyning orqa tarafini ham xususiy tadbirkor to’sib olgan. Uchastka boshlig’ining aytishicha, bu haqda tadbirkor va xonadon egasi bir necha marotaba ogohlantirilgan, mutasaddilarga murojaat qilingan. Ammo natija yo’q. Reydimiz davomida “Metallurglar” ko’chasi 12-uy oldiga shu uyda yashovchi fuqaro noqonuniy garaj tashkil etib olgani, har kuni uning traktori uy oldida shovqin qilib, qo’shnilarning tinchini buzayotganini uchastka ustasi ma’lum qildi. Holat bo’yicha uy oldiga borganimizda ham traktor turganini guvohi bo’ldik. O’zini Abduzohid Mamadaliev deya tanishtirgan hamshahrimiz, uy oldida garaj tashkil etmaganini, balki 3-UJTU uyga lozim darajada e’tibor qaratmayotganini ta’kidlay ketdi. Uy yerto’lasi suvga to’lganini aytib, bizni uy yerto’lasiga boshladi. Uy yerto’lasida xonadon egasi aytganidek suv bo’lib, holat sababini so’raganimizda ushbu uy xonadonlari egalarining kanalizatsiya quvuriga turli xil buyumlarni tashlashi oqibatida kelib chiqqanini uchastka boshlig’i bizga tushuntira boshladi. Xonadon egasi o’zini haqligini isbotlashga urinadi, bu yoqda uchastka mas’ullari xonadon egalarini ayblashadi. Nima bo’lgan taqdirda ham yuzaga kelgan muammoni hamjihatlikda yechish lozim.

Biz reydimiz asosida tayyorlangan ushbu maqola orqali birovni yomonlash yoki dilini og’ritmoqchi emasmiz, balki aholi ongida shakllangan - “Barchasini kombinat qilib beradi”, degan tushunchaning noto’g’ri ekanligini, o’z uyi va mahallasi obodligiga hamma birdek mas’ul ekanligini bildirmoqchimiz xolos. Birov sizga tashqaridan kelib hech narsa qilib bermaydi. O’zingiz harakat qiling, kombinat mehnat jamoalari tomonidan amalga oshirilgan ishlarni qadriga yeting. Zero boqimandalik taraqqiyot kushandasi ekanligini unutmang.

Sherzod TILOVBERDIEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech