http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Kasbidan zavq olayotgan konchilar

on .

“Olmaliq KMK” AJ Chodak kon boshqarmasi mehnat jamoasi faoliyatini yoritish maqsadida ijodiy guruhimiz bilan Namangan viloyatiga yo’l oldik.

Dastlabki manzilimiz Pirmirob koni bo’ldi. Pirmirob koni tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, 1970 yilda Markaziy Pirmirob uchastkasi ishga tushirilgan bo’lib, Janubiy Pirmirob shaxtasi 1990 yilda ochilgan. Pirmirob so’zi miroblarning piri, ya’ni suvchilarning piri degan ma’noni anglatadi.

Kon boshlig’i v.b. Nurillaxon Xotamovning ta’kidlashicha, hozirgi kunda konning 8-, 48-, 10-shtolniylarida ma’dan qazib olinmoqda. Konning 42-shtolniysi zahira chiqish yo’llari va konning shamollatish tizimi uchun foydalanilmoqda. 57-shtolniyning qiya gorizontida qazish ishlari olib borilmoqda. Yer osti konida ishlarni amaga oshirish xavfli bo’lganligi sababli u yerda ishlayotgan har bir mutaxassis xavfsizlik texnikasiga qat’iy amal qilishi lozim. Kon bosimining va shamollatish tizimining me’yorda ishlashi har doim muhim hisoblangan. Mustahkamlagichlarni tekshirish, zaharli gazlarni shamollatish tizimi orqali chiqarib tashlash konda ishlayotgan har bir ishchining asosiy vazifasi sanaladi.

- 60-70 yillarda konning razvedka qilingan joylari hozirda kompyuter grafikasiga kiritib borilmoqda, - deydi kon geologi Saidkarim Sarkaboev. -XIX asrda asos solingan Chodak konida 1951 yilda oltin va kumush metallari borligi aniqlangan. Va 1961 yil qidiruv ishlari olib borilib, 12 yillik zahira borligi ayon bo’ldi. 1965 yili esa Oltin saralash fabrikasi qurilib, 1970 yilda ishga tushirildi. 49 yil o’tgan bo’lsada ma’dan zaxirasi yana 7-8 yilga yetadi. Bashorat esa 10-15 yilga yetishini  ko’rsatmoqda.

Lahm o’tuvchilarning ish kiyimlari hamda shaxsiy himoya va qutqaruv vositalari - KS 600 lampasi, o’z-o’zini himoya qilish SI-30-KS uskunasi, ko’zoynaklar bilan ta’minlangan holda yer ostiga, ya’ni 60 metr chuqurlikka tushib bordik. Kon boshlig’i o’rinbosari Eldor Kenjaev hamda bosh muhandis v.b. Bahrom Saloidinovlar hamrohligida tog’ o’tish ishlari olib borilayotgan 45-shtolniyga kirib borar ekanmiz, ichkarida etni junjiktiruvchi sovuq havo yuzimizga uriladi. Bu kon ichida konchilarni kislorod bilan ta’minlab beruvchi VOD-16P va mahalliy SVM-5, SVM-6 markali shamollatish ventilyatorlari tomonidan haydalayotgan havo oqimi bo’lib, konda kislorodni bir me’yorda ushlab turadi.

- Ushbu shtolniyda hozirda tog’ o’tish ishlari olib borilmoqda, - deydi E.Kenjaev. - Gorizontal lahm o’tish ishlari amalga oshirilayotgan konda bugungi kunda 300-400 metr ichkariga kirib borilgan. 3KR-600 hamda 7KR-600 rusumli elektrovozlarimiz yordamida VO 0,8 markali vagonetkalar orqali kovlangan tog’ jinslari tashqariga olib chiqilmoqda. PP-63 va PP-54, PT-48 va NKR-100 kabi shpur va quduqlarni burg’ulovchi uskunalar yordamida lahm o’tiladigan joylar burg’ulanmoqda. Bu uskunalar siqilgan havoda ishlashi bilan ahamiyatli. 2017 yili modernizatsiyalash dasturiga ko’ra, olib kelingan kompressorlar esa ish unumdorligi bilan ajralib turadi. 2-3 oy ichida belgilangan nuqta, ya’ni 375-376 shtrekka yetib boramiz va ushbu shtolniy bu vaqt mobaynida ma’dan qazib olish uchun tayyor bo’ladi.

Chodaksoyning o’ng tomonida joylashgan Pirmirob konidan qazib olinayotgan ruda qattiqligi bo’yicha mustahkam. Oyiga 7292 tonna ruda qazib olish, 157 metr tog’ tayyorlash ishlari, 106 metr razvedka ishlari, 70 metr qirqish ishlari, 2024 m3 tozalash ishlarini amalga oshirish, bularning barchasi ahil jamoa tomonidan yurug’ yuz bilan ado etib kelinmoqda. Belgilangan topshiriq va vazifalarni bajarishda lahm o’tuvchilar Valijon Abduvaliev, Mansurxon Xotamov, Sanjar Abdusaloev, Zoir Qurbonboev, PPM-1-S mashinistlari Nasriddin Nazmiev, Mirjamol Munavvarov, Otabek Aslonov, lebedka mashinistlari Mavloniddin Abdullaev, Bunyod G’anievlarning o’rni alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, uchastka boshlig’i Bahrom Samoiddinovning sa’y-harakatlari tahsinga loyiq bo’layapti.

Konning Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha tog’ muhandisi Alisher Nasriddinovning ma’lum qilishicha, har bir konchi shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan. Yana bir quvonchli xabar, yodingizda bo’lsa kombinat xodimlari Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan kombinat korxonalari o’rtasida o’tkazilgan “Eng namunali ish taqsimlash xonasi” ko’rik-tanlovida Pirmirob koni ish taqsimlash xonasi g’olib, deb topilgan. Bu natija ham MM va XT bo’yicha ishlarning to’g’ri yo’lga qo’yilganini anglatadi.

Yana bir muhim jihat, MM va XT xodimlarining tashabbuslari bilan 2014 yilda tuz xonasi tashkil etildi. Konchilar ishdan so’ng, tuzxonada hordiq chiqarish imkoniyatiga ega bo’lishdi. Tuz xonasining foydali tomoni shundaki, u yerda yarim soat o’tirgan odamning nafas yo’llariga xona harorati ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ya’ni xonadagi tuzli xarorat inson salomatligi uchun foydali bo’lib, u o’ziga kerakli muolajani oladi.

45-shtolniyda amalga oshirilayotgan ishlarni kuzatar ekanmiz, bir zum bo’lsada o’z tanimizda konchilik kasbining mashaqqatlarini his qildik. 60 metr yer qa’rida, kishida vahm uyg’otuvchi bir oz qorong’u konda mehnat qilish, mehnati ortidan oilasi farovonligini ta’minlash, yurt iqtisodiy qudrati yuksalishiga hissa qo’shayotganidan faxrlanish har bir ish kunida, har bir konchining xayolidan o’tadigan tariflab bo’lmas kechinmalardir.

Konchilar bilan bo’lib o’tgan suhbatimiz chog’ida konchilik kasbining mashaqqatlari oldida kasbidan zavq ola bilish, konchilik ularning hayot mazmuni ekanligiga amin bo’ldik.

Sherzod TILOVBERDIEV

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech