http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

6-avtokorxona: vazifalar muddatidan oldin

on .

Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan Chodak kon boshqarmasiga ijodiy safarimizni davom ettirgan holda navbatdagi manzil - boshqarmaga transport xizmatini ko’rsatuvchi Avtomobil transporti boshqarmasiga qarashli 6-avtokorxona sari otlanamiz.

Asosiy vazifasi kon boshqarmasi tarkibidagi kon va fabrika ishchi-xodimlarini o’z manzillariga tashish hamda konlardan qazib olinayotgan ma’danlarni Oltin saralash fabrikasiga eltishdan iborat bo’lgan 6-avtokorxonada bugun ish qizg’in.

- Bundan tashqari, Kovuldi konida qazib olinayotgan ma’danlarni 74 km. uzoqlikdagi Pop stansiyasidan Oltin saralash fabrikasiga eltib beramiz, - deydi 6-avtokorxona boshlig’i Nabijon Amonov. - Hozirgi kunda avtokorxonamiz texnoparkida jami 50 dona avtotransport vositasi bo’lib, ulardan 5 tasi “ISUZU” avtobuslari, 5 dona “Nefaz” va 1 dona “MAN” vaxtovkalari, 1 dona KrAZ-65-10, 9 dona KrAZ65- 055 rusumli avtotransport texnikalari, 2 dona “Dresta” avtoyuklagichi, 2 dona “MAN” va “ISUZU” o’zi ag’daruvchi transport vositalari mavjud.

Ma’lumki, bugungi kunda Oltin saralash fabrikasiga qarashli chiqindi tashlash omborida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ushbu keng qamrovli qurilish ishlarida ham avtokorxonamizning 4 ta 75/310 “BelAZ”, “Volvo” avtoyuklagichlari, “Dresta” hamda “Chetra” rusumli buldozerlar, D-34/3 avtogreyderlari javlon urib, quruvchilarga yordam berib kelayapti. Avtokorxonada amalga oshirilishi lozim bo’lgan ishlarning to’g’ri tashkil etilishi, ishga bo’lgan yondashuvning puxtaligi bois, avtokorxona chiqindi tashlash omboridagi yuklatilgan vazifalarini muddatidan avval tugatish arafasida.

Bevosita so’zlarimiz isbotini raqamlarda ham ko’rishimiz mumkin. Amaldagi yilning o’tgan 5 oyi davomida mehnat jamoasi tomonidan ma’dan tashish rejasi 102,7%ga bajarilgan. Mashina soatlar xo’jalik ishlarini bajarish rejasi 52800 soat belgilangan bo’lib, amalda bu ko’rsatkich 54588 soatga uddalandi. Xabaringiz bor, kombinat korxonalarida tejamkorlik siyosati ham yo’lga qo’yilgan bo’lib, aynan shu yo’nalishda ko’plab korxonalar oldiga yoqilg’i, energetika resurslarini tejash vazifasi yuklatilgan. 6-avtokorxona mehnat jamoasi bu yo’nalishda ham salmoqli ko’rsatkichlar qayd etib kelmoqda. Xususan, o’tgan 5 oy davomida avtokorxona 160,7 tonna dizel yoqilg’isi, 25 tonna benzin tejashga muvaffaq bo’lgan.

O’z kasbini chin dildan sevish, kasbini ardoqlash hamda kasbi ortidan el-yurt oldida izzat-hurmatga sazovor bo’lish. Har bir insonga bu qanchalar yoqimli, albatta. 6-avtokorxona boshlig’i Nabijon Amonov Xalq deputatlari Pop tumani Kengashi deputati sifatida faoliyat olib borgan holda tuman aholisining muammolarini yechishda ham jonbozlik ko’rsatib kelmoqda.

Har qanday mehnat jamoasi yutuqlarida albatta, tajribali ishchi-xodimlar muhim ahamiyat kasb etadi. “KrAZ” avtoulovi haydovchilari Aminjon Lochinov, Tohirjon Otaboyev, Sobirjon Mahkamov, Yunusali Abdullayev, Sobirjon Shomatov, avtoyuklagich haydovchisi Sobirjon Mirajabov, “MAN” vaxtovkasi haydovchilari Mamasoli Mamasobitov va Abdukarim Temirovlarni ana shunday jamoa ustunlari, desak mubolag’a bo’lmaydi. Bilamiz, har qanday avtokorxonada dispetcherlik xizmati faoliyati yo’lga qo’yilgan bo’lib, dispetcherlar texnologik jarayonni boshqarib turadi. Ular avtokorxonaning ko’zi hisoblanishadi. Biz hikoya qilayotgan avtokorxonaning ko’zi esa 40 yildan buyon dispetcherlik qilib kelayotgan Atler Shorahmedov. Har bir ish kuni boshlanishidan avval haydovchining guvohnomasi, mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha guvohnomasi, texnik talon, sug’urta polisi kabi hujjatlarni to’liq tekshirish, avtoulovning sozligiga e’tibor qaratish, birinchi galda har bir haydovchining xarakterini bilish, kim qanday ishlashini sezish. Bularning barchasini Atler aka erinmay ko’zdan kechiradi. Uning o’tkir nigohi har kuni GPS navigatori o’rnatilgan avtoulovlarning harakatiga qaratiladi. Jadval asosida buyurtma bo’yicha o’z vaqtida turli yo’nalishlarga avtotransport vositalarini yo’llaydi.

6-avtokorxona boshlig’i o’rinbo s ari Abduvoit Boboyevning ta’kidlashicha, mehnat jamoasi o’rtasida huquqbuzarliklarni oldini olishga doir targ’ibot ishlari muntazam olib borilayapti. Haftaning har juma kuni mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha yig’ilish o’tkazib kelinmoqda. Bu yo’nalishda profilaktika ishlarining muntazam olib borilishi natijasida o’tgan 5 oy davomida jamoada baxtsiz hodisalar kuzatilmagan. Yo’l harakati xavfsizligi qoidalariga kiritilgan o’zgarishlar hamda yangi 28 ta yo’l belgilari haydovchilarga tushuntirildi.

Chodak qon boshqarmasi mehnat ahlining yaqin ko’makchilariga aylangan avtokorxona jamoasining ishlariga muvaffaqiyat tilagan holda keyingi manzil tomon oshiqamiz. Navbatdagi manzil Chodak kon boshqarmasining Oltin saralash fabrikasi.

Sherzod Tilovberdiyev

 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech