Yangiliklar

Tahlil tadqiqotlaridan davlat standartlarigacha

on .

“Olmaliq KMK” AJning bosh laboratoriyasi hisoblangan Markaziy tahlil laboratoriyasida Mendeleyev davriy jadvalidagi 40dan ortiq elementlar tahlil qilinadi va har kuni tarkib chegaralari 10-5dan 100 %gacha bo’lgan 3-3,5 mingta element aniqlash tahlillari bajariladi.

Bunday keng doiradagi tahlil tadqiqotlarini olib borishda davlat standartlari va o’lchovlarni o’tkazishning ilg’or uslublari, shuningdek, belgilangan tartiblarda tasdiqlangan, o’z ish tajribalaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan uslublardan keng foydalanib kelinadi. Laboratoriyada jahonga mashhur bo’lgan “Perkin Yelmer”, “Mettler Toledo”, “Sartoruos”, “Spestro”, “Leso”, “Eltra” va boshqa firmalar asbob-uskunalaridan foydalanib kelinayotgani OKMK tizimida mahsulotlarni shahodatlash va ro’yxatga olish bilan bir qatorda kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan oltin va kumush metallarining London birjasida ro’yxatga olinishi bilan bog’liq bo’lgan mas’uliyatli ishlar muvaffaqiyatli bajarilishiga xizmat qildi.

Kombinat bosh laboratoriyasi to’rtta asosiy bo’linmalarga tayangan holda faoliyat yuritib kelayotgan bo’lsa, Dilrabo O’rinboeva rahbarlik qilib kelayotgan namunalarni tahlil qilish va kimyo-tahlil ishlari bo’linmasi jamoa faoliyatida o’z mavqeiga ega. Tahlillarni o’tkazishning zamonaviy usullarini o’zlashtirish, asboblar majmuasini modernizatsiya qilib borish, kadrlar salohiyatidan unumli foydalanish, yuqori sifat darajasiga ega bo’lgan sinovlar kafolatini ta’minlash bo’linma faoliyat yo’nalishining asosini tashkil qiladi. Yosh, umidli muhandis-texnik xodimlardan biri Hikmatillo Kenjayev rahbarligi ostida faoliyat yuritib kelayotgan namunalarni tahlil qilish guruhi zimmasiga birinchi va ikkinchi metallning tarkibiga doir xulosalarni chiqarishdek mas’ul vazifa yuklatilgan.

- Namunalar tahlillari analistik kimyo tahlilining muhim tarmog’i bo’lgani holda rudalar va metallurgiya mahsulotlari tarkibidagi metallarning miqdoriy nisbatlarini aniqlash uning asosiy vazifasi hisoblanadi, - deydi namunalar tahlillari guruhi boshlig’i Hikmatillo Kenjayev. - Kimyoviy tahlillarda mahsulotning to’liq elementlar tarkibini aniqlashga e’tibor qaratilsa, namunalar tahlillarida esa ruda yoki mahsulotdagi bir va bir necha komponentning tarkibiga baho berishga alohida urg’u beriladi. Guruhimiz faoliyatida qattiq materiallar, ya’ni ruda, to’kilmalar, konsentratlar, qayta ishlashning tashlanmalari, shteynlarda oltin va kumushning tarkibini aniqlash uslublari qo’llanib kelinadi. Amalda materiallarning yo’qotilishiga yo’l qo’ymay qimmatbaho metallar konsentratsiyasini turli piro va gidrometallurgiya operatsiyalari asosida aniqlash negizida namunalarda tahlillar tadqiqotlari o’tkazib boriladi. Tahlilga jalb etilayotgan namunalarni ilmiy asoslangan talablarga asosan tanlab olish va tahlillarni o’tkazishga tayyorlash kimyo zalida amalga oshiriladi. Gornli eritish, qorishtirish, pishitish, yakuniy namuna mahsulotni tarozida o’lchab olish kabi murakkab operatsiyalar guruhimizning 24 nafar laborantlari tomonidan kecha-yu kunduz uzluksiz olib boriladi. Ayni bugungi ish smenasida laboratoriya tadqiqotlari Z.Ergasheva, N.Mamatqulova, M.Abdiyeva. T.Xoldorova kabi laborantlarimiz tomonidan bajarilmoqda. Hisobot oyi davomida 1370dan ziyod tahlil namunalarida laboratoriya tadqiqotlari o’tkazilishi rejalangan. Munavara Inomjonova, Gulnara Aksanova, Ulzoda Aymatova, Natalьya Galiyeva, Muhabbat Sartiboyeva, Nilufar Mamatqulova singari tajribali laborantlarimiz mahoratiga tayangan holda ish rejalarimizni belgilab boramiz. Yuqorida nomlari keltirilgan ustoz xodimalarimiz izidan Umidjon Ayupov, Saidkarim Burgutboyev, Pokiza Sartiboyeva, Shohsanam O’ktamjonova va Doniyor Qayumov kabi yosh umidli laborantlarimiz kamolga yetib borayotgani diqatga molikdir.

Ayni davrga kelib “Olmaliq KMK” AJda ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mineral xom ashyo bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatlarini barqaror rivojlantirish, ruda qazib chiqarish, rangli, qimmatbaho va nodir metallar, shuningdek, ichki va tashqi bozorlarda doimiy yuqori talabgir bo’lgan boshqa raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini ko’paytirish, mahsulotlar assortimentini va tayyor mahsulotlar hajmini oshirish masalalariga asosiy e’tibor qaratilgan. Mavjud xom ashyolardan maksimal darajada foydalanish imkonini beradigan ilg’or texnologiyalarni joriy etish borasida izlanishlar olib borilayotgan bir vaqtda kombinatning ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarini yuqori sifatli laboratoriya ta’minoti bilan ta’minlash maqsadida tashkillashtirilgan Markaziy analitik tahlil laboratoriyasi tomonidan olib borilayotgan ishlar ana shu istiqbolli vazifalarga hamohangligi e’tiborga molikdir. Rangli, qimmatbaho, nodir metallar va qattiq qotishmalar sohasidagi amaliy tadqiqotlar dasturini bajarish doirasida maqsadli yo’nalishlarni tashkillashtirish, yangi texnologiyalar va innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqish va ularni ishlab chiqarishga joriy etishda bugun OKMK bosh laboratoriyasi hamda uning barcha bo’lim va guruhlari tashabbus va g’ayrat ko’rsatib kelayotgani mas’ul vazifalar ijrosi ta’minlanishidan dalolat beradi.

Hasan ABDULLAYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech