http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Oltin saralash fabrikasida ishlar qizg’in

on .

Chodak kon boshqarmasi Oltin saralash fabrikasi asosan Guzaksoy va Pirmirob shaxtalaridan keltirilgan rudalarni qayta ishlash vazifasini bajaradi.

Shuningdek, fabrikada Kovuldi koni rudalari ham qayta ishlanadi. Dastlab, o’ziag’daruvchi avtotransport vositalarida keltirilgan tarkibida qimmatbaho metallar bo’lgan rudalar qabul qilish maydonchasida 30 tonnagacha tosh bosuvchi tarozida tortiladi.

Bu jarayonda tarozibon Z.Sulaymonova har bir avtoulovda kelayotan rudalarni aniq hisob-kitobini olib boradi. Bir ish kunida 500-530 tonna ruda qabul qilinadi. Jarayonning ushbu bosqichida Texnik nazorat xizmati xodimi har bir avtoulovdan to’kilgan rudalardan namuna olib, tahlil etib boradi. Bunda rudalar tarkibida birinchi va ikkinchi metallning aniqlangan me’yorga muvofiqligi tekshiriladi. So’ngra, rudalar tarozida tortilib, shixtalanadi va qabul qilish bunkeriga o’tkaziladi. Biz bugun hikoya qilmoqchi bo’lgan maydalash bo’limida esa rudalar 3 bosqichli maydalash jarayonidan o’tadi. Avval yirik maydalash jarayoni amalga oshirilib, SMD-111 jag’li yirik maydalash uskunasi yordamida rudalar maydalanadi. Texnologik jarayon davom etib, konusli KSD-1750 maydalash uskunasida rudalar o’rta hajmda maydalanadi. 150-160 mm. fraktsiyada kelgan rudalar 12-20 mm.li fraksiyagacha maydalanadi. O’rta hajmdagi maydalashdan keyin GR-173 rusumli elaklar yordamida maydalangan rudalar elanadi.

Bundan maqsad jarayonning keyingi bosqichidagi amalga oshiriladigan maydalashda maydalash uskunasiga ortiqcha yuklama tushirmaslikdir. Texnologik jarayon shu tariqa davom etgan holda maydalangan rudalar keyingi bo’limlarga jo’natiladi.

Maydalash bo’limida har bir uskuna bir-biriga bog’liq holatda bo’lib, biz jarayonni kuzatib turgan vaqt birdaniga barcha uskunalar to’xtab qoldi. Fabrika direktori v.b. Bahrom Buzrukovning ta’kidlashicha, bu to’xtash normal holat bo’lib, mabodo biron bir uskunada nosozlik kuzatilsa, u avtomatik tarzda bloklanar ekan. Bu jarayon quyidan yuqori nuqtaga qarab amalga oshirilishi qiziq, albatta. Maydalash uskunalarining kojuxlari bo’shab ketsa ham avtomatik tarzda jarayon to’xtaydi. Oradan qisqa daqiqa o’tar-o’tmas tarkibida qimmatbaho metallni uzatayotgan konveyr lentalari ishlab ketdi. Bu yuzaga kelgan nosozlikni bartaraf etilganidan dalolat beradi.

Qat’iy tartib-intizom bor joyda har qanday ko’zlangan natijaga erishilishi ayni haqiqat. Maydalash bo’limi mehnat jamoasi tomonidan yuklatilgan vazifalarni o’z vaqtida va sifatli bajarilishida ham mehnat intizomiga qat’iy rioya qilish muhim omil bo’lib kelmoqda. Ayniqsa, tajribali ishchilarning sa’y-harakatlari evaziga mehnat samaradorligiga erishilmoqda. Ular qatorida brigadir Murodjon Asatullaev, maydalovchilar Akbarali Murzoyev, Doniyor Yandashev, Kamoliddin Validdinovlar nomlarini alohida e’tirof etib o’tish joiz.

Chiqindi ombori kengaytirilayapti

Oltin saralash fabrikasining chiqindi to’plash omborida ayni vaqtda rekonstruktsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

- 2014 yilda chiqindi to’plash omborini rekonstruksiya qilish ishlarining 3-bosqichi bajarilgan, - deydi fabrika direktori v.b. Bahrom Buzrukov. - 2019 yilning aprel oyida esa rekonstruksiya ishlarining 4-bosqichi boshlandi. 4-bosqich ishlari 2019 yil 3-chorakka qadar olib boriladi. Qurilish ishlari davomida chiqindi ombori yonlari 3,75 metr balandlikkacha ko’tariladi. Bu esa fabrika chiqindilarini yana besh yil saqlash imkoniyatini yaratadi. Qurilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti ishchilari tomonidan amalga oshirilmoqda. Qurilish vazifalariga Avtomobil transporti boshqarmasi texnikalari safarbar etilgan bo’lib, 4-chorakgacha 289 000 m3 hajmda ishlar bajarilishi belgilangan. Ma’lumki, har qanday chiqindi omborida mavjud suvni o’rtaga to’plash talab etiladi. Agar suv omborning chetiga chiqsa, o’pirilish yuz berib, bu omborga talofat yetkazadi. Bunday xatarlarning oldini olish uchun yuvish xaritasiga ko’ra, omborning chap va o’ng qirg’oqlariga 64 ta ochib-yopish zulf(zadvijka)lar o’rnatildi. Yuvish(naliv) xaritasiga asosan bajarilgan ishlar suvni chetga chiqishiga yo’l qo’ymaydi.

Hozirda dunyoda tabiiy resurslarning ko’p miqdorda ishlatib yuborilishi natijasida yillar davomida to’plangan sanoat chiqindilarini qayta ishlash ehtiyojini tug’dirmoqda. Bu masalada fabrikada ham salmoqli ishlar amalga oshirib kelinayapti. Xususan, fabrikaning eski chiqindi omboridagi sanoat chiqindilarini qayta ishlash bo’yicha kombinat Tajriba-tadqiqot fabrikasi xodimlari bilan hamkorlikda may oyida “Knelson” apparati yordamida qimmatbaho metallarni saralab olish bo’yicha bir necha tajribalar o’tkazdi. Hozirda ushbu tajribalarning yakuni bo’yicha hisobotlar tayyorlangan bo’lib, agar bu tajribalar iqtisodiy samara bersa kelgusida albatta, sanoat chiqindilari qayta ishlanadi.

Sherzod TILOVBERDIYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech