http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Energopoyezddan – ishlab chiqarish markazigacha

on .

"O’tmishsiz kelajak yo’q", deyishadi. Haq gap. Bu yil o’zining 60 yilligini nishonlayotgan Issiqlik elektr markazi dastlab, elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi energopoyezd sifatida ish boshlagan bo’lsa, o’tgan davr mobaynida yirik energiya resurslari ishlab chiqaruvchi korxonaga aylandi.

Bevosita korxona tarixiga nazar tashlar ekanmiz, 1958 yildan avval, ya’ni korxona “Olmaliq KMK” AJ tarkibida o’z faoliyatini boshlashdan avval, yuqorida ta’kidlaganimizdek energopoyezd uskunasi yordamida elektr energiyasi olingan. 1958 yil korxonaning asosiy korpusi qurib bitkazilgan. 1959 yilning sentyabr oyida esa korxonaning birinchi bug’ qozoni ishga tushirilgan.

IEM boshlig’i Jabborali Ahmedovning eslashicha, 1959 yildan to 1976 yilga qadar markaz kengayib boravergan. Korxonada oxirgi suv isitish qozoni 1976 yili o’rnatilib, ishga tushirilgan.

1968 yildan boshlab esa markaz to’la quvvat bilan ishlay boshlagan. O’sha davrda markazda 4ta bug’ qozoni va 2ta bug’ trubinasi ishga tushirilgan.

Markazning birinchi rahbari sifatida Baybakov Dmitriy Yefimovich tarixga kirgan. Undan keyin esa ko’p yillar davomida markazga tajribali energetik Rahimbek Haydarov rahbarlik qildi. So’ngra, markazga Orif Ahrorxodjayev boshchilik qildi.

Oradan yillar o’tib korxona kombinat tarkibidagi zamonaviy energetika resurslarini ishlab chiqaruvchi markazga aylandi. Yurtimiz mustaqillikka erishganidan so’ng, korxonada modernizatsiya ishlari keng ko’lamda olib borildi.

2002 yilda elektr energiyasi ishlab chiqaradigan bug’ turbinalari almashtirildi.

2005 yilda qo’shimcha bug’ turbinasi qurildi.

2011 yili kompyuterlashtirilgan ochiq modifikatsiyadagi soatiga maksimal 90 tonna bug’ ishlab chiqarish quvvatiga ega bo’lgan bug’ qozoni ishga tushirildi.

2012 yili 2-bug’ turbinasi almashtirildi.

Hozirgi kunda markazda 3ta bug’ turbinasi, 3ta suv isitish qozoni va 5ta bug’ qozoni mavjud. Bug’ turbinasining har biri soatiga 12000 kilovolt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega. 5 ta bug’ qozonining har biri soatiga 75 tonna bug’ ishlab chiqarish quvvatiga ega.

Bugungi kunda markazda qozon-trubina, elektr ta’minoti, kimyo va yerosti kommunikatsiyalari va issiqlik tarmoqlari sexlari faoliyat yuritib kelmoqda.

Markaz faoliyatida ko’p yillar davomida mehnat qilgan, tajribali ishchi-xodimlarning o’rni bo’lak. Ulardan mehnat faxriysi rahmatli Xolbo’ta Qo’chqorovni alohida ta’kidlash joiz. Bugungi kunda markazda Qo’chqorovlar sulolasi vakillari otalari izidan borib, mehnat qilishmoqda. Katta usta Galina Pershina, elektr ta’minoti sexi boshlig’i Asan Boyjanov, markaz rahbarining umumiy masalalar bo’yicha o’rinbosari Orif Ahrorxodjayevlar ham markaz taraqqiyotida o’z hissalarini qo’shishgan. Kombinat bosh energetigining o’rinbosari Dmitriy Kim ham dastlab IEMda faoliyat yuritgan.

Kombinat korxonalarini bug’ va issiq suv ko’riinishidagi issiqlik energiyasi bilan ta’minlab kelayotgan markaz Olmaliq shahri aholisining issiq suvga bo’lgan ehtiyojini ham qondirib keladi. Bundan tashqari, markazda elektr energiyasi ham ishlab chiqarilib, ishlab chiqarilgan elektr energiyasi “O’zbekenergo” AJ tizimiga uzatiladi.

Amaldagi yilning o’tgan olti oyi davomida IEM mehnat jamoasi tomonidan 104440 ming kVt/s elektr energiyasi ishlab chiqildi. Iste’molchilarga 470278 Gkal issiqlik energiyasi yetkazib berildi. Tejamkorligi bo’yicha3362,9 m3 tabiiy gaz iqtisod qilindi.

IEM jamoasining 60 yillik yubiley sanasiga “Olmaliq KMK” AJ rahbariyati tomonidan munosib sovg’a hozirlandi. Ishchilarga yaxshi mehnat sharoitini yaratib berish maqsadida markazning ma’muriy binosi, ishlab chiqarish binolari to’liq rekonstruksiya qilinmoqda. Pudratchi qurilish korxonasi bo’lgan “Great builders” MCHJ tomonidan yuvinish xonalari, oshxona, sanuzellar, kiyinish xonalari zamonaviy ko’rinishga keltirilmoqda. 2019 yil boshidan boshlangan ta’mirlash ishlari 20 iyulga tugatilishi rejalashtirilgan.

Fursatdan foydalanib, Issiqlik elektr markazining qutlug’ 60 yillik yubileyi bilan kombinat mehnat ahli nomidan qutlab qolamiz.

Sherzod TILOVBERDIYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech