http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Shonli sanaga hozirlik boshlandi

on .

Nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi balki jahondagi eng yirik metallurgiya korxonalaridan biri hisoblanuvchi, O’zbekiston rangli metallurgiya sanoatining bayroqdori Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bu yil o’zining 70 yilligini nishonlaydi.

OKMKning 70 yilligi - qo’lga kiritilgan zafarlarning muqaddimasi va ertangi kunga faxr bilan nazar tashlagan holda jonajon kombinatimiz va mamlakatimiz iqbolini ko’rish pallasi hamdir. Ko’p millatli, o’z kasbining fidoyisi bo’lgan insonlarni birlashtirgan, mehnatsevar ishchi-xodimlar, yuksak ilm, tajriba sohibi bo’lgan muhandis-texnik xodimlarni o’zida mujassam etgan OKMK mehnat jamoasining eng katta yutug’i murakkab va mashaqqatli bo’lgan kon-metallurgiya jarayonlarini ishlab chiqarishga ishonch bilan tadbiq etgani va ko’p tarmoqli ishlab chiqarish majmuasini o’z ichiga olgan korxona quvvatlarini oshirish yo’lida ijobiy natijalarni qo’lga kiritib borayotganidir. Shu kunlarda ham korxonada rangli va nodir metallarni qazib olish va qayta ishlashning yangi samarali uslublarini joriy etish, asosiy sex, uchastkalarni texnik va texnologik qurollantirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, ijtimoiy infratuzilmani izchil rivojlantirib borish borasida inqilobiy ishlar olib borilmoqda. “Olmaliq KMK” AJ oldida turgan birinchi galdagi hamda yaqin yillarda amalga oshirilishi ko’zlangan vazifa – ishlab chiqarishni modernizatsiya va rekonsturksiya qilish ishlarini davom ettirish, samaradorlikni oshirish, yangi ishlab chiqarish turlarini tashkil etish, mis-molibden, tarkibida oltin bo’lgan va polimetall rudalarni qazish va qayta ishlash hajmini oshirish va ular asnosida tayyor mahsulotlar turini ko’paytirish bo’lib qoladi. 17 iyul kuni “Olmaliq KMK” AJ boshqaruvi raisining kombinat tashkil topganligining 70 yillik tantanalariga hozirlik ko’rish va uni o’tkazishga qaratilgan buyrug’ida yuqoridagi jihatlarga urg’u berilgan holda shonli sanani munosib qarshi olishga xizmat qiluvchi bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan. Jumladan, yubiley tantanalariga tayyorgarlik ko’rish va uni o’tkazish uchun mas’ul rahbar xodimlardan iborat ishchi guruhi tasdiqlandi.

Joriy yilning 20-21 sentyabr kunlari nishonlanishi ko’zda tutilayotgan tantanalarga hozirlik ko’rish va uni o’tkazish chora-tadbirlari ishlab chiqilib, ijro muddatlari hamda mas’ul rahbarlarga zarur topshiriqlar buyruqning 2-ilovasida ko’rsatib o’tilgan. Bevosita yubiley tantanalariga bag’ishlab kombinat shon-sharafi va yutuqlari muzeyini tashkil etish, har bir korxona faoliyatini o’zida aks etiruvchi esdalik sovg’alarini tayyorlash, “Zamonaviy metallurg”, “Zamonaviy konchi” ilmiy -innovatsion amaliy san’at tanlovini o’tkazish, bayram yarim marafoni, kombinat ishchi-xodimlari o’rtasida pul-buyum lotoreyasini tashkillashtirish, musiqiy, ilmiy, ijodiy va bolalar ijodiyoti tanlovlarini, nazm va she’riyat mushoiralarini o’tkazish va g’oliblarni munosib mukofotlash kabi muhim jihatlar ham boshqaruv raisini buyrug’ida o’z ifodasini topgan. Bayram shodiyonalarining yakuniy qismida 10 000 nafardan ziyod mehmonlar uchun mashhur estrada yulduzlari ishtirokida gala konsert dasturini o’tkazish va bayram tantanalarini to’g’ridan-to’g’ri efirda namoyish etib borish masalalari ham e’tiborga olingan. Bundan tashqari, OKMKda yaxshi ezgu a’nanaga aylangan otaliqqa olingan 8 dan ziyod maxsus ixtisoslashtirilgan maktab internatlari va saxovat uylarida xayriya bayram dasturxoni va ayyom tomoshalari tashkillashtirish rejalangan. O’zining 70 yillik tarixi silsilasida davom etib kelayotgan shonli an’analar va bugungi kunimiz o’rtasidagi mushtarak jihatlarni baholash hamda istiqbolli marralarni belgilash imkonini beradigan OKMKning 70 yillik shodiyonasini ko’tarinki ruhda nishonlanishi va tarix sahifalariga zarhal harflar bilan yozilishi shubhasiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech