http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Kombinatning po’lat karvoni

on .

Sanoatning arteriya qon tomiri, deya e’tirof etiluvchi sanoat temir yo’l transporti xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlari bilan uzviy bog’liqlikda faoliyat yuritadi.

Shu bilan birga ularning istiqbollarini ham belgilab beradi. Iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini yuk va yo’lovchilar tashuvi bilan qamrab olish asnosida mavjud temir yo’l transporti vositalari, temir yo’l stansiyalar o’tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish hamda tarmoqda poezdlar harakatlari xavfsizligini ta’minlash, mazkur soha faoliyatining asosini tashkil qiladi.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining ishlab chiqarish tizimida muhim ahamiyat kasb etuvchi temir yo’llar tizimi kombinat korxonalari bilan birga qad rostladi va rivojlanib bordi. Bugungi kunga kelib 4ta asosiy sex, 5ta yordamchi xizmatlarini o’z safiga birlashtirgan Sanoat temir yo’l transporti boshqarmasi kombinatning asosiy konlari va boyitish korxonalarini o’zaro bog’lab turuvchi bir butun halqaga aylangan. Boshqarma 234,3 km uzunlikdagi temir yo’llardan foydalanib kelayotgan bo’lsa, shularning 221,6 km.dan ziyodrog’i elektrifikatsiyalangan temir yo’llardir. Tog’ jinslarini boyitish fabrikalari va tashlanma konlarga eltish asosiy vazifasi bo’lgan 1-Temir yo’l sexi shaksiz boshqarmaning yuragi hisoblanadi. 42ta PE2U(M) tortuv agregatlari va 532ta 2VS-105 dumpkarlari texnik soz holatda, barcha ishlab chiqarish ko’rsatkichlari sex jamoasi tomonidan bajarilishi ta’minlab kelinmoqda. Sariq-cho’qqi koni qazilmalarini 2-Mis boyitish fabrikasiga tashish bilan bir qatorda Mis eritish zavodining tashlanma va konvertor shlaklarini, shu bilan birga texnologik va xalq xo’jaligi yuklarini «O’zbekiston temir yo’llari» AJ bilan hamkorlikda, yuk tashish ishlarini amalga oshirib kelayotgan 2-TYS ham boshqarma faoliyatida muhim ahamiyat kasb etuvchi bo’g’inlardan biridir.

Tortuv agregatlari, teplovozlar, maxsus temir yo’l va avtotraktor texnikalarini ta’mirlash faoliyati asosini tashkil etuvchi, joriy va kapital ta’mirlash texnologik jarayoni hujjati yuqori, mutassadi xodimlar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan. Sanoat temir yo’l transporti boshqarmasi tizimida 3-TYSni asosiy ta’mir korxonasi maqomida ko’rsatsak xato qilmagan bo’lamiz. STTBning eng yosh ish uchastkalaridan biri hisoblanuvchi mazkur sexdan 2002 yildan buyon PE-2U(M) rusumdagi tortuv agregatlari kapital ta’miri o’zlashtirilgani ahamiyatga molik jihatdir. Tortuv agregatlari va teplovozlarni rejali ravishda o’tkaziladigan joriy ta’mirlash turlari TR-1, TR-2, TR-3 hamda kapital ta’mirlash turi KR-2 o’zining sifat ko’rsatkichlari bilan doimo ajralib turadi.

STTB sun’iy inshootlarning kapital qurilishi va ularni saqlab borish, turli o’lchamlardagi qum-shag’al ishlab chiqarish o’zagi hisoblanadi. STTBning 242,64 km uzunlikdagi temir yo’llari, 496ta strelkali o’tkazgichlari, 32ta avtomobillar kesishuv yo’llari va sun’iy inshootlarga xizmat ko’rsatib kelayotgan 4-Temir yo’l sexining ham boshqarma ishlab chiqarish tizimida o’z o’rni bor. Temir yo’l transporti murakkab ko’p tarmoqli soha. Yuqorida sanab o’tilgan asosiy sexlar bilan bir qatorda vagon xizmati, ko’tarish-transport mexanizmlari xizmati, kontakt tarmoqlari xizmati, signallashtirish, markazlashtirish, bloklash va aloqa xizmati, ma’muriy-xo’jalik qismi kabi uchastkalarida olib borilayotgan ishlar umummehnat yutuqlarining tarkibiy bir qismi bo’lib qolmoqda. So’nggi o’n yil ichida transport parkining yangi zamonaviy texnikalar hisobiga kengayib borayotgani diqqatga molikdir. Jumladan, 2017 yilda Sherobod sement zavodini ishga tushirish yuzasidan amalga oshirilgan investitsion dasturi doirasida dastlab TEM 18DM markali 4ta, kombinat ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish dasturi doirasida yana bitta shu markadagi teplovozlar xarid qilindi. “Yoshlik-I” konini o’zlashtirish dasturi doirasida 7ta TEM 18DM teplovozlari, 4ta xoper-dozatorlari, o’zi ag’daruvchi 61ta 2 VS 105 vagonlari olinib, foydalanishga topshirildi. O’tgan yili ham mazkur yo’nalishlarda ishlar davom ettirilib, 2ta teplovoz, 81ta 2 VS 105 vagonlari, 1ta ko’tarish-rixtovkalash mashinasi, “Dresta” rusumli frontal yuklagichlari xaridi amalga oshirildi. So’nggi o’n yillik ichida sohada amalga oshirilgan maqsadli, tashkiliy-texnik tadbirlar yuklar aylanma oboroti 157% gacha oshirish imkonini yaratdi. Aniq raqamlar bilan ifodalanadigan bo’lsa, 2009 yilda STTB tomonidan 45438,7 ming tonnalik tashuvlar amalga oshirilgan bo’lsa, 2018 yilga kelib bu ko’rsatkich 71 415,2 ming tonnani tashkil qildi. Joriy hisobot yilida ham kombinat temir yo’lchilari o’z oldiga yuksak marralarni qo’yishgan. Jumladan, Qalmoqqir konidan “Razvyazka” 2 spiralli s’ezdi yo’lida temir yo’llar, kontakt tarmoqlari, ta’minot liniyalari, signallashtirish, markazlashtirish, bloklash qurilmalari va aloqa tarmoqlarini qurishni ikkinchi bosqichini amalga oshirish, “Yoshlik-I” konini o’zlashtirish va xom ashyolarni qazib olish va qayta ishlash bo’yicha Qalmoqqir, Sariq-cho’qqi konlari, MBF, ATB va STTB quvvatlarini oshirish dasturlari doirasida yangi zamonaviy temir yo’l texnikalari xarid qilish, ularni yig’ish va foydalanishga topshirish vazifalari oldimizda turibdi. Yuqorida ta’kidlab o’tilganidek kombinat temir yo’lchilari Qalmoqqir va Sariq-cho’qqi konlaridan qazib olinayotgan mis-molibden polimetall rudalarini boyitish fabrikalariga, shuningdek, «O’zbekiston temir yo’llari» AJ Ohangaron stansiyasidan xalq xo’jaligi va texnologik yuklarini manziliga yetkazish vazifasini ham sharaf bilan bajarib kelishmoqda. Ushbu vazifalar B.Abduraimov, X.Mambetov, A.Abdurashidov, Sh.Mamatqulov, Yu.Korobov kabi faxriy ustozlarimiz tomonidan yaratilgan tajriba maktabi asosida izchil bajarib borilmoqda. Har bir sex va uchastkalarda shakllangan ishlab chiqarish tizimi ularning o’z yetakchilari va ilg’orlari yetishib chiqishiga zamin yaratgan. S.Sarmanov, X.Anorboyev, E.Raxmatullayev, X.Madumarov, I.Moshev kabi ishchi-xodimlarimizni 1-TYS ilg’orlari sifatida mamnuniyat bilan ko’rsatib o’tish lozim bo’ladi. Z.Lagutina, L.Kim, A.Musayev, M.Egamqulov, R.Murzin kabi temiryo’lchilar 2-TYS mehnat yutuqlariga munosib ulush qo’shib kelishmoqda. 3-TYS jamoasi esa D.Husanov, O.Turg’unov, A.Marasulov, A.Gazizulin, X.G’aniyev kabi serg’ayrat xodimlari bilan faxrlana oladi. A.Tojibayev, A.Aliyev, S.Mirzayev, M.Ortiqboyev kabi 4-TYSi yo’l montyorlari ham yuqori ko’rsatkichlar bilan o’z kasb bayramlarini qarshi olishayapti. Yuk ko’tarish qurilmalari xizmati ishchi xodimlari X.Narqulova, B.Raxmatillayev, A.Madumarov, A.Komilov, E.Anarqulov, V.Hasanova, A.Shamtashev, A.Almatovlar ustoz shogird an’analarini davom ettirgan holda, yosh kelajak avlodni malakali ustoz sifatida munosib tarbiyalab kelmoqda.

Nafaqat kombinat, shahar miqyosida, balki respublika xalqaro tanlov va musobaqalarda yuqori natijalarni ko’lga kiritib kelayotgan A.Jumanov, X.Mamasharipov, O.Qarshiboyev, A.Yusupov, F.Normatov, M.Obidova, Z.Chancharova va R.Abdiqulov kabi iqtidorli va izlanuvchan yoshlarimizni kombinat temir yo’l sanoatining ertangi yorqin kelajak avlodi sifatida alohida ko’rsatib o’tishni lozim deb bilaman. Ulkan transport-kommunikatsiya va tranzit salohiyatiga ega, OKMK ishlab chiqarish tizimlarini ishonchli va samarali bog’laydigan STTB ishchi jamoasi oldida bugungi kunga kelib yangi aniq maqsad va rejalarga tayangan holda, sidqidildan faoliyat olib bormoqda.

Yangi marralarni zabt etish yo’lida temir yo’l infratuzilmasiga innovatsion texnologiyalarni jalb etish, transport parkini texnik va texnologik jihatdan yangilash, samarali ta’mir vositalarini joriy etish, temir yo’llarda xarakatlanish va yuklar tashish xavfsizligini ta’minlash borasida izlanishlar izchil olib borilmoqda. Yaqin yillarda ishga tushiriladigan kon va ishlab-chiqarish ob’ektlarida ham temir yo’l transporti xizmatlarini yo’lga qo’yish yuzasidan istiqbolli loyihalarning asosiy ijrosi sifatida bugun g’ayrat bilan mehnat qilib kelayotgan kombinat temir yo’lchilarini kasb bayramlari yaqinlashib kelmoqda.

Qadrli va muhtaram temiryo’lchilar, aziz hamkasblar!

Sizlarni kasb bayramimiz temiryo’lchilar kuni, yaqinlashib kelayotgan mustaqilligimizning 28 yilligi hamda kombinatimizning tashkil topganligining 70 yilligi munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etaman. Barchangizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, xonadonlaringizga, el-yurtimizga fayz-u baraka tilayman.

Sirojiddin MANAZAROV,

STTB bosh muhandisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech