Yangiliklar

Talab, taklif va samaradorlik

on .

Kombinat korxonalarining suv resurslariga bo’lgan talab va ehtiyojini to’la qondirish asosiy vazifasi bo’lgan “Olmaliq KMK” AJ Sanoat suv ta’minoti sexi 2019 yilning ikkinchi yarim yilligini tashabbuskorlik, ish ko’rsatkichlarining yuqori sur’ati bilan qarshi oldi, deyish mumkin.

Sanoat korxonalarida ishlab chiqarish quvvatlarining oshishi hisobiga ularning suvga bo’lgan ehtiyoji ham ortib boradi. Bu esa o’z navbatida biz so’z yuritayotgan sex mehnat jamoasiga qo’shimcha mas’uliyatni yuklaydi.

Ta’minot sexi suv manbalaridan oqilona foydalanib, suv resurslarini texnik jarayonlarga uzluksiz ravishda yetkazib berish hamda energiyatejamkor yangi qurilmalarni ishlab chiqarishga keng tatbiq etgan holda kombinat korxonalarini sanoat suviga bo’lgan ehtiyojini bir necha o’n yillardan buyon qondirib kelmoqda. Bugungi kunda sex jamoasi tomonidan belgilangan vazifa va topshiriqlar o’z vaqtida sifatli bajarilayotgani diqqatga molikdir. Ayni damda sexda 7 ta uchastka faoliyat yuritib kelayapti. Sexning 1-uchastkasi yer osti suvlarini chiqarib berish bilan shug’ullansa, 2-uchastka Mis boyitish fabrikasining chiqindi tashlash omboridan(SXX) tozalangan texnik suvni fabrikaga qaytarib beradi. Rux zavodi, 2-Mis boyitish fabrikasi, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi va Issiqlik elektr markaziga muntazam ravishda sanoat suvini yetkazib berishga 3-uchastka mas’ul. 4-uchastka jamoasi ham 2-uchastka kabi MBF chiqindi tashlash omboridan (OXX) tozalangan texnik suvni Mis boyitish fabrikasiga qayta yetkazib beradi. 5-uchastkaga esa barcha uchastkalarni traktor, ekskavator, motopompa va SAK kabi texnika vositalari bilan ta’minlash vazifasi yuklatilgan. 6-uchastka burg’ulash uchastkasi bo’lib, ushbu jamoada ikkita burg’ulash uskunasi mavjud.

Hozirda bitta burg’ulash uskunasi Angren kon boshqarmasining xo’jalik ichimlik suvi tizimini tozalash ishlariga safarbar etilgan. 2-uskuna esa MBF hududida ish olib bormoqda. Fabrika hududidagi mavjud 23 ta yer osti qudug’idan 21 tasi aynan ushbu uskuna yordamida tozalandi. 7-uchastka kontur drenaj suv havzalaridan (OXX) sirqib chiqayotgan suvlarni ushlab qoladi. Mazkur uchastka mavjud 103 ta yer osti qudug’idan behuda suv chiqib ketmasligini oldini oladi.

Bugungi kunda sex jamoasi zimmasiga bir qator yuksak marralarni zabt etish vazifasi yuklatilgan. Bu haqda sex boshlig’i Rahmatilla Kaumtov shunday deydi: - 2019 yilda “Qalmoqqir” nasos stantsiyasidan 2-MBFga boruvchi diametri 720 mm. bo’lgan quvurning 200 metri yangisiga almashtirildi, 2-uchastkadan MBFga boruvchi 1-quvur tizimida diametri 820 mm. bo’lgan 120 metr suv quvurlari yangilandi. Ohangaron tumanidagi Qoraxitoy suv havzasida 13 ta yer osti qudug’i mavjud bo’lib, ularga vaakumli tizim qo’llanilgan. Mazkur ob’ektda ham diametri 820 mm. bo’lgan 315 metr quvur yangisiga almashtirildi. Ta’mir ishlari mexanik Abubakir Eshonqulov boshchiligidagi ta’mir brigadasi tomonidan amalga oshirildi. Elektrpayvandlovchilar Ro’zimurod To’xtayev, Sherzod Davlatov, Sherali Aytqulov, Azamat Oxunov, Sanjar Mamasharipov, Bekzod Tillayev, chilangarlar Ahror Abdullayev, Zayniddin Isomiddinov, Maqsud O’razboev, Alimardon Yo’ldoshev, Maqsud Jiyanov, Davron Mamasidiqov, traktorchilar Sherali Alimov, Dilmurod Ro’ziqulov, Qahramon Mirzayev, ekskavatorchi Xudoyberdi Mirzayevlar ta’mir ishlarida jonbozlik ko’rsatishdi.

Kombinat rahbariyatining bevosita tashabbusi hamda topshirig’i bilan hozirgi kunda kombinat korxonalari joylashgan sanoat zonasidagi ichimlik suvi ta’minoti Olmaliq shahar “Suvoqava” korxonasi tasarrufidan kombinatga o’tkazilmoqda. Buning uchun hozirdan ishlar boshlab yuborilgan. Jumladan, “Qoraxitoy” suv havzasining sanitar zonasi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan temir-beton panjaralar bilan o’ralmoqda. Issiqlik elektr markazi hududida xlorator stantsiyasi qurib bitkazildi. Bu ichimlik suvini tozalab berishga xizmat qiladi. Sanoat zonasida soatiga 300-350 m3/soat ichimlik suviga ehtiyoj borligini hisobga oladigan bo’lsak, katta mablag’ tejaladi. Oqava tizimi ham to’laligicha kombinat tasarrufiga o’tkaziladi.

Shuningdek, kombinat tarkibida yangi korxona sifatida ish boshlashi kutilayotgan, investitsion loyiha asosida barpo etilayotgan 3-Mis boyitish fabrikasiga ham soatiga 18000 m3/soat suv yetkazib berish rejalashtirilmoqda. Ushbu fabrika ishga tushishi bilan yiliga 60 mln. tonna ruda qayta ishlanadi. Natijada texnik suvga bo’lgan talab ham ikki baravarga oshadi. Aniq hisob-kitoblarga ko’ra, fabrika ehtiyoji uchun soatiga 28000-30000 m3/soat texnik suv yetkazib berishimiz kerak bo’ladi. Hozirda bu borada ishlar boshlangan. “O’zgidrogeologiya” davlat geologiya korxonasidan mutaxassislar chaqirilib, ular tomonidan “Qoraxitoy” va “Aqcha” suv havzalari hududlarining yerosti suvlari o’rganilmoqda. Mutaxassislar bizga loyiha tayyorlab beradi. Hozir ular tomonidan tayyorlanayotgan loyiha bo’yicha 16 ta yer osti quduqlarini burg’ulashga ruxsat beriladi. Umumiy tarzda 50 ta yerosti quduqlari burg’ulanadi. 50 ta quduq soatiga 200 m3/soat suv berishini hisobga olsak, jami bo’lib 10 000 m3/soatiga suv yetkazilishi ta’minlanadi. 3-MBFga esa yuqorida ta’kidlaganimizdek, 28000-30000 m3/soat suv zarur bo’ladi. Ushbu ehtiyojni to’la qondirish uchun esa o’zimizdagi mavjud 52 ta yer osti quduqlari to’liq rekonstruksiya qilinib, avtomatlashtiriladi. Rekonstruksiya ishlari 2020-2021 yillarga mo’ljallangan. Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi tomonidan esa rekonstruktsiya qilingan quduqlar avtomatlashtiriladi. Suv quvurlari tizimi temir-betondan yasalgan bo’lib, ba’zi joylarda yoriqlar yuzaga kelgan. Bu esa kelayotan suvning yo’qolishiga olib keladi. Buni oldini olish uchun barcha quvurlar metall quvurlarga almashtiriladi. “O’zgidrogeologiya” davlat geologiya korxonasi mutaxassislarining takliflariga ko’ra, ishlab turgan nasoslar quvvati kuchlirog’iga almashtirilishi lozim. Bu esa o’zimizdan yana qo’shimcha 8000 m3/soat texnik suv berish imkoniyatini yaratadi. Shunda jami 18000 m3/soatiga suv yangi fabrikaga beriladi. Buning uchun “Qoraxitoy” va “Aqcha” suv havzalaridan 25 km. uzunlikdagi diametri 1020 mm. bo’lgan ikkita quvur tortiladi. Bu quvurlar IEM hududida barpo etiladigan nasos stantsiyasiga suv yetkazib beradi. Shu o’rinda soatiga 10 000 m3/soat suv qanday yetkazib beriladi, degan savol tug’ilishi mumkin. Ayni damda 3-MBFni qurish bo’yicha Rossiyaning Toms hamda Mexanobr kompaniyalari tomonidan taqdimotlar o’tkazilmoqda. Rossiyalik mutaxassislarning taklifiga ko’ra, fabrikadagi texnologik jarayondan chiqqan suv aylanma suv ta’minoti nasos stantsiyasi orqali fabrikaning yana 10 000 m3/soat suvga bo’lgan ehtiyojini qondiradi. Buning uchun MBFning chiqindi saqlash ombori tomondagi 60-piket hududida aylanma suv ta’minoti nasos stantsiyasini qurish kerak bo’ladi. Va 14 dona 2500 kVt elektrodvigatelli TSN3000/197 nasos agregatlarini o’rnatish, 3-MBFdagi baklarga 3 ta tarmoqli 8 km. diametri 1420 mm. bo’lgan suv quvuri aylanma suv ta’minoti nasos stansiyasidan tortilishi lozim.

Sex boshlig’ining ta’kidlashicha, sexdagi texnologiyalar 2017 yildan boshlab bosqichma-bosqich yangilanib bormoqda. Masalan, Germaniyaning SP-17 rusumli nasoslari buyurtma qilindi. Shuningdek, SP-215 45 kVt elektrodvigatellar olib kelindi. Ushbu elektrodvigatellar quduqlarga o’rnatiladi. 2017 yilda ish samaradorligini oshirish maqsadida sexda maxsus markazlashtirilgan ta’mir brigadasi tashkil etildi. Bu brigada quduq nasoslarini sexning o’ziga olib kelib ta’mirlaydi. Bunda ta’mirlangan nasoslarning yuklamalari, suv tortish quvvati o’ta sinchkovlik bilan tekshirib boriladi. Bu ishlarni bajarishda chilangarlar Alisher Eshonqulov, Ahmadali Xolmatov, elektromontyor Fayzulla Boymakovlarning tajribasi qo’l kelmoqda.

Bir so’z bilan aytganda, Sanoat suv ta’minoti sexi kichik bir yordamchi sex bo’lsada, uzviy texnologik zanjirda muhim strategik ahamiyat kasb etib kelmoqda.

Sherzod Tilovberdiyev

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech