http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Rivojlanish va farovonlik bunyodkorlari

on .

Bunyodkorlik doimo iqtisodiyotning tayanchi va asosi bo’lib kelgan. Tarixga nazar tashlaydigan bo’lsak, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining kon, fabrika va zavodlari qad rostlashi bilan bir vaqtning o’zida yirik sanoat markazi bo’lgan Olmaliq shahri ham rivojlanib borganiga guvoh bo’lamiz.

Kombinat tarkibida dastlab Ixtisoslashtirilgan ta’mir-montaj va qurilish boshqarmasi sifatida tor doirada faoliyatini boshlagan OKMK “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti bugunga kelib yirik, ko’p tarmoqli qurilish korxonasiga aylangan.

Ma’lumki, bugungi kunda ilg’or ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish, zamonaviy transport, muhandislik-kommunikatsion va ijtimoiy infratuzilmani texnik va texnologik yangilash hisobiga yangi ish o’rinlarini yaratish, raqobatbardosh mahsulotlar nomenklaturasini kengaytirish asnosida mamlakatimiz iqtisodiyotining barqaror o’sishiga xizmat qiladigan strategik jihatdan muhim investitsion loyihalar ijrosini ta’minlash yo’lida kombinat tomonidan ulkan loyihalar amalga oshirib kelinayapti. Va albatta, mazkur loyihalarning bosh ijrochisi sifatida maydonga chiqqan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti faoliyati OKMKning tarixi bilan chambarchas bog’liqdir.

Mehnat jamoamizning so’nggi o’n yillikda bosib o’tgan yo’liga razm soladigan bo’lsak, ta’mir va qurilish-ta’mir ishlari hajmining oshishi va kombinat sexlari quvvatlarini oshirish bo’yicha investitsion loyihalarni o’zlashtirish hamda istiqbolli rivojlanish maqsadlarida “Olmaliq KMK” AJning 2007 yil 1 yanvardagi buyrug’iga asosan, Ixtisoslashtirilgan ta’mir-montaj va qurilish boshqarmasi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti sifatida qayta tashkil qilindi. Oradan ko’p o’tmay, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil mart oyidagi qarori va “Olmaliq KMK” AJning 157-sonli “Olmaliqmetallurgqurilish” trestini qayta tashkil etish to’g’risida”gi buyrug’iga ko’ra, qurilish tashkilotimiz qayta tashkil etilib, uning zimmasiga yuklatilayotgan vazifalar salmog’i ham yanada ortdi.

Investitsion loyihalar doirasida “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan juda katta qurilish ishlari amalga oshirildi. Jumladan, 3500 tonnali sabzavotlarni saqlash omborining qurilishi, 10-12 mingta o’rindiqqa mo’ljallangan “OKMK” sport kompleksining qurilishi, Qalmoqqir koni balans orti rudalarni qayta ishlash, “Yoshlik I” va “Yoshlik II” konlaridagi qurilish ishlari, Angren kon boshqarmasi tasarrufidagi “Samarchuq” va “Qayrag’och” uchastkalarining qurilishi hamda boshqa shu kabi loyihalar ijrosini ta’minlab borgan holda qariyb 308,4 mlrd. so’mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgani e’tirofga loyiq natijadir.

Birgina o’tgan ikki yil davomida shahrimiz aholisi farovonligini ta’minlash yo’lida olib borilgan ishlarga to’xtaladigan bo’lsak, shahar bolalar shifoxonasi to’liq ta’mirdan chiqarilib, yangi zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan holda foydalanishga topshirildi. Shu bilan birga shifoxona hududini obodonlashtirish va ko’kalamzorlashtirish ishlari ham yo’lga qo’yildi. Bolalar shifoxonasi joriy yilning mart oylarida ishga tushirildi. Shifoxonani kapital ta’mirlash ishlarida asosan trestimizning qurilish boshqarmasi, montaj ishlari boshqarmasi, ixtisoslashtirilgan ishlar boshqarmasi hamda qurilish-montaj ishlari boshqarmasi ishchi-xodimlari o’zlarining fidokorona mehnatlari bilan jonbozlik ko’rsatishdi.

Shu bilan bir qatorda korxonamiz bunyodkorlari tomonidan bir qancha ob’ektlarda kapital-qurilish ishlari ham jadal olib borildi. Bunga misol qilib 100 mingta tovuqqa mo’ljallangan parandaxona hamda chorva kompleksini kengaytirish ishlari, Mis eritish zavodidagi 5-sonli kislota omborining qurilishi va shu kabi korxonalarda bir qancha qurilish va montaj ishlari amalga oshirilganligini keltirib o’tish mumkin.

Shahrimiz ko’rkiga ko’rk qo’shib turgan “Yoshlar bog’i”ning barpo etilishida ham trestimiz ishchilarining hissasi katta bo’ldi.

Jamoamiz sa’y-harakatlari bilan nafaqat sanoat korxonalarida, balki shahrimizdagi bir qator ijtimoiy ob’ektlarda ham qurilish-ta’mir ishlari yakuniga yetkazildi. Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasiga qarashli 28- va 31-sonli maktabgacha ta’lim muassasalari kapital ta’mirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi. Mazkur yo’nalishda ishlar davom ettirilib, ayni kunlarda 35-sonli bolalar bog’chasini kapital ta’mirlash ishlariga kirishildi. Bolajonlarimizning yozgi ta’tilini mazmunli tashkillashtirish maqsadida Bo’stonliq tumanidagi “Gulzor”, “Metallurg”, Piskent tumanidagi “Tong” oromgohi hamda Jizzax viloyatidagi “Istiqlol” oromgohlari ham to’liq kapital ta’mirdan chiqarildi va o’z muddatida ishga tushirildi. Rux zavodida olib borilayotgan kapital ta’mir ishlarida trest quruvchilari g’ayrat bilan mehnat qilishmoqda. Bundan tashqari, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodining tog’-konchilik uskunalari uchastkasini kengaytirish borasida boshlangan ishlar bugunga kelib yakuniy bosqichga kirgan. 3-Mis boyitish fabrikasini bunyod etish yo’lida dastlabki yer qazish, qurilish maydonlarini ishlarni amalga oshirishga tayyorlash, vertikal rejalashtirish ishlari boshlab yuborildi. Kombinat bosh boyitish fabrikasi - Mis boyitish fabrikasida yangi maydalash tegirmonini qurish va montajga tayyorlash ishlari shu kunlarda qizg’in olib borilmoqda. 

Ko’p yillardan beri tashlandiq holga kelgan Totuvlik ko’chasidagi 9-sonli turar-joy ham to’liq ta’mirdan chiqarildi. Qurilish materiallari va konstruksiyalarini ishlab chiqarish boshqarmasi tomonidan shahrimiz yo’llari ta’mirlanib, asfalьt yotqizildi hamda shahrimiz turar-joylarining fasad qismlari sanoat alьpinistlarimiz mahorati evaziga yangi ko’rinish kasb etmoqda.

Trestimizda qurilish ishlaridan tashqari mahsulot ishlab chiqarish bo’yicha ishlar ham yaxshi yo’lga qo’yilgan. Xususan, bir necha turdagi temir-beton mahsulotlari, asfalt, beton, yog’och mahsulotlari, viniplast mahsulotlari, metall konstruktsiyalar bunga misol bo’la oladi.

Shu bilan birga 2019 yil mobaynida kombinat rahbariyati tomonidan “Olmaliqmetallurgqurilish” trestining kelajakda yanada ravnaq topishi maqsadida 24 mlrd. so’mlik 27 xil turdagi yangi transport vositalari bilan ta’minlandi. Ular yordamida joriy yil boshidan 94 mlrd. so’mlik kapital qurilish ishlari amalga oshirildi.

Shahrimizning gullab-yashnashi, kombinat korxona va sexlarida yangi inshootlar tiklanishiga qurilish sohasida o’zlarining beminnat hissalarini qo’shib kelayotgan faxriylarimizdan S.Nishonov, A.Saparov, A.Abdug’aniyev, ustozlarimiz S.Bobkov, A.Narinbayev, U.Payzov, umidli yoshlardan B.Norboyev, D.Usmonov, S.Tagayevlarning mehnatlarini misol tariqasida keltirishimiz mumkin.

Har bir yo’lovchi yo’lda borar ekan, avval bosgan iziga, so’ng borajak manziliga qaraydi. Bizning kombinat ham havas qilarli darajadagi yo’lni bosib o’tdi va albatta istiqbolli kelajak sari odimlab bormoqda.

Kombinatimizning bunyodkor tashkiloti bo’lgan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti quruvchilari jamoasi bugun kasb bayramini nishonlamoqda. Kamtarona mehnatimiz natijalari sarhisob qilinadigan, istiqbolli rejalar belgilab olinadigan mazkur pallalarda kombinat quruvchilari ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlarining oldingi saflarida borayotgani faxr tuyg’usini uyg’otadi.

Shu fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimni kasb bayrami bilan tabriklayman. Ularga sog’lik-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, ishlariga rivoj, mashaqqatli, o’z o’rnida sharafli bo’lgan yaratuvchanlik mehnatlarida ulkan zafarlar yor bo’lishini tilayman. “Olmaliqmetallurgqurilish” trestida yillar davomida to’plangan amaliyot va tajriba “Olmaliq KMK” AJni 2019-2022 yillar davomida asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini barqarorlashtirish va qayta rekonstruksiya qilishning ustuvor vazifalariga xizmat qilishiga ishonch bildirib qolaman. Bayramingiz muborak bo’lsin, kombinat bunyodkorlari.

Dilorom Asrayeva

"Olmaliqmetallurgqurilish" tresti

Ishlab chiqarish va texnik bo'limi boshlig'i 

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech