Yangiliklar

Sportdagi zafarlarimiz qo’sh bayramga sovg’a

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Jismoniy-tarbiya va sport bo’limining faoliyati 1957 yildan boshlanib, o’tgan davr mobaynida o’z tarixini shonli lavhalar bilan bezay oldi.

Jahon, Yevropa olimpiada o’yinlari chempion va sovrindorlari, xalqaro toifadagi sportchilar va murabbiylarni yetishtirib chiqargan OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining sport inshootlariga 1988 yilda sport klubi maqomi berilgan. Larisa Luninina, Shaxid Zagretdinov, Vladimir Shin, Anatoliy Pivovarov, Georgiy A’zamov, Lyudmila Frolova, G’olib Ahmedov va Sergey Tsoy kabi sportchilar jahon arenalarida mamlakatimiz sha’nini sharaf bilan himoya qilishgani kishiga faxr bag’ishlaydi. Yuksak marralarni ko’zlash, g’alabaga ishtiyoq bugun ham so’nmagan. Ayniqsa, mehnatkashlar o’rtasida sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, ommaviy sport musobaqalariga ishchi-xodimlarni keng jalb etish maqsadida kombinat Jismoniy tarbiya va sport bo’limi tomonidan reja asosida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. An’anaviy tarzda uchta guruh sexlari o’rtasida o’tkazib kelinayotgan bu yilgi spartakiada bahslarida jamoalar sportning 8 ta turi bo’yicha g’oliblik uchun kurash olib borishdi. Birinchi guruh sexlari o’rtasidagi bellashuvlarda MTMZ, ATB, MBF, STTB jamoalari yuqori natijalarni qo’lga kiritishdi. Ijtimoiy ob’ektlar boshqarmasi, Ohak zavodi, Sanoat suv ta’minoti sexi, Ijro apparati va OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining havaskor sportchilari ikkinchi guruh jamoalari orasida yuqori natijalarni qo’lga kiritishgani tahsinga sazovordir. Angren kon boshqarmasi, Shaxta qurilish boshqarmasi, 2-Avtobaza, Angren quvur zavodi unitar korxonasi jamoalari ishtirokidagi uchinchi guruh sexlari bahslari ham qizg’in kurashlar ostida o’tdi. “Spartakida-2019” musobaqalarida 1134 nafar havaskor sportchilar ishtirok etishgan bo’lsa, ularning 451 nafarini ayollar tashkil qildi. OKMK yoshlarining “Spartakida-2019” musobaqalari voleybol, stol tennisi, yugurish, shashka mini futbol sport turlari bo’yicha o’tkazildi. “Bolalar yozgi spartakidasi”da futbol, yengil atletika va shashka sport turlari bo’yicha bolajonlar startga chiqishlari bilan birga yozgi ta’tilni quvnoq o’tkazishga erishdilar. Shahrimizning Usmon Nosir, G’ofur G’ulom, Gul-tepa, Oydin mahallalari jamoalari ushbu bahslarda sovrinli o’rinlarni qo’lga kiritishdi. Mamlakatimizda nishonlanadigan milliy bayramlar hamda tog’-konchilik sanoati xodimlari kuni munosabati bilan tashkillashtiriladigan ommaviy sport bellashuvlari doimo sport ixlosmandlarining diqqat markazida bo’lib keladi. O’tgan davr ichida  bayramlar sport tadbirlarida 500 nafardan ziyod hamshaharlarimiz qatnashib, g’olib va sovrindorlar munosib taqdirlanishdi. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalarga hamohang holda erkaklar o’rtasida OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashining sovrinlari uchun ochiq turnir o’tkazildi. “Olmaliq KMK” AJ ishlab chiqarish korxonalari jamoalari o’rtasida tashkillashtirilgan oilaviy yugurish musobaqasi ham keng auditoriyani o’ziga jalb eta oldi. Salomatlik kuni doirasidagi yugurish marafon musobaqalari ham yoshlarimiz o’rtasida keng ommalashib bormoqda. OKMK Jismoniy tarbiya va sport bo’limida 16 ta sport turi bo’yicha 46 guruh faoliyat yuritib kelmoqda. Markaziy sektsiyalarimizda 607 nafar bolalar, 668 nafar sportchilar 21 nafar tajribali murabbiylar qo’l ostida sport  sir-asrorlarini o’zlashtirib borishayapti. Gandbol bo’yicha erkaklar va ayollar jamoalari joriy yilda O’zbekiston kubogini boshlari uzra baland ko’tarishdi. Voleybolchilarimiz mamlakat birinchiligi va kubogi bahslarida ikkinchi natijani qayd etishdi. Basketbolchi qizlarimiz jamoasi birinchilik va kubog bahslarida mutlaq g’oliblikni qo’lga kiritishdi. So’nggi yillarda boks sport turi yangi bosqichga ko’tarilib bormoqda. Boks bo’yicha murabbiy Tolib Jumaboevga oliy toifadagi murabbiy kategoriyasi berilgani kombinat sport bo’limi faoliyatiga berilgan yuksak e’tirofdir.

Bahor faslining birinchi oyida pauerlifting bo’yicha O’zbekiston birinchiligi o’tkazildi. Iqtidorli murabbiy Aleksandr Romanenkoning shogirdlari Kemran SHirinov, Nariman Turapov va Aleksey Chebanolar mazkur birinchilikda O’zbekiston chempioni degan faxrli nomga sazovor bo’lishdi. Ushbu murabbiyning yana bir shogirdi SHuhrat Abdaxatov paraolimpiadachilar bellashuvida shohsupaning ikkinchi pog’onasini zabt etdi. Maftuna Tojiboeva qo’l ostida shug’ullanib kelayotgan Yoqutxon Mahmudova, Sevinch Mamadalieva va Nozanin To’ychiboeva kabi karate-dochi qizlarimiz aprelь oyida o’tkazilgan mamlakat birinchiligida kumush medallar sovrindoriga aylanishdi. Aql gimnastikasi deb e’tirof etiluvchi shaxmat sport turining shahrimizda muxlislari nihoyatda ko’p. Murabbiy Fozil Soliev shogirdlari shaxmat bo’yicha bir qator turnirlarda yuqori natijalarni qo’lga kiritib kelishmoqda. Joriy yil 19-20 iyun kunlari Toshkent shahrida o’tkazilgan Osiyo chempionatida Ozoda Xusainova shohsupaning yuqori pog’onasidan joy oldi. Jismoniy tarbiya va sport  bo’limi tomonidan yilning birinchi yarim yilligida 145 ta ommaviy-sport musobaqalari tashkillashtirilib, unda 5980 nafar sportsevarlar ishtirok etishdi. Kombinat sportchilari tomonidan qo’lga kiritilayotgan g’alabalar istiqlol ayomi hamda OKMKning 70 yilligiga munosib sovg’adir.

Vladimir BASHKIROV

OKMK Jismoniy tarbiya va sport

bo’limi boshlig’i

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech