http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

MBF: yuksalish pog’onalarida

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining tarixi o’tgan asrning 39-yillaridan boshlanadi. Aynan ana shu yili Qalmoqqir kon maydoni bazasida mis eritish kombinatini bunyod etish to’g’risidagi qaror qabul qilingan edi. Biroq ikkinchi jahon urushining boshlanishi bu vazifa bajarilishini biroz muhlat ortga surdi.

“Olmaliq KMK” AJning tarkibiy bo’linmasi hisoblangan Mis boyitish fabrikasi O’zbekistonda bunday yo’nalishdagi yirik korxonadir. Fabrika 1961 yilda ishga tushirilgan. O’sha yilning 16 iyunida esa fabrikaning birinchi seksiyasi doimiy faoliyatini boshlab, mis konsentratining dastlabki tonnalari olingan. Bu kun fabrikaning tug’ilgan kuni bo’lib qoldi. 1961 yilning 30 iyunida to’g’ridan-to’g’ri tizim bo’yicha oksidlangan yengil boyitiladigan rudalarni qayta ishlash bo’yicha 2-seksiya ishga tushirildi. 1962 yilda 3-seksiya, oktyabrda esa 4-seksiya qurib bitkazildi. Fabrika quvvatlarini oshirish borasida ishlar keyingi yillarda davom ettirilgan holda 1985 yilda Maydalash-boyitish majmuasi 10-seksiyasi ishga tushirildi. Hozirgi vaqtda fabrika tarkibiga 1-sonli Bo’laklash sexi, Maydalash va flotatsiya sexi, 2-sonli Bo’laklash-boyitish majmuasi, Mis-molibden kontsentratini selektsiyalash va quritish sexi, Chiqindilarni transportirovka qilish va joylashtirish sexi, Energetika sexi, yordamchi uchastkalar hamda mexanikaviy va energetik jihozlarning ta’mirlanishini ta’minlovchi xizmatlar, texnologik jarayonni avtomatik boshqarish tizimi(TJABT) xizmati kiradi. Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, boyitish jarayonlarining eng mukammal texnologiyalari aynan kombinatning bosh Mis boyitish fabrikasida joriy etilgan.

O’tgan asrning 90 yillaridagi iqtisodiy aloqalar uzilishi ortidan kelgan qiyinchiliklarni ham fabrika jamoasi sabot bilan yengib o’ta oldi. 1996-1997 yillarga kelib MBF ishlab chiqarishida barqarorlikka erishish yo’lida dastlabki qadamlar qo’yildi. Yemirilgan texnologik uskuna va jihozlarni yangilash, asosiy material resurslari bilan ta’minotning yaxshilanishi evaziga aynan shu yillarda rudalarni qabul qilib olish va qayta ishlash 22 mln. 500 ming tonnadan oshirilishiga erishildi. Bevosita mamlakatimiz istiqloli yillarida ishlab chiqarishni texnik qayta qurollantirish yo’lida ham ma’nan, ham jismonan eskirgan uskuna va jihozlarni yangi yirik hajmdagi, texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlari yuqori bo’lgan texnologik qurilmalarga almashtirish o’z samarasini berdi. Shu bilan bir qatorda qurilmalarga xizmat ko’rsatish va ta’mirlash bo’yicha yangi xizmatlar tashkil etib borildi. Mazkur yo’nalishda ayniqsa, elektr dvigatellarini ta’mirlash hamda dastgoh qurilmali  roliklarni tayyorlash bo’yicha uchastkaning tashkil etilgani diqqatga molikdir. Ma’lum  texnologik jarayonlarni avtomatlashtirilgan ravishda boshqarish tizimlari barcha texnologik va ishlab chiqarish operatsiyalari ustidan mukammal nazoratni olib borish imkonini beradi. Ayni kunga kelib MBFda avtomatik nazoratning yuzlab lokal tizimlari, avtomatlashtirilgan rentgen-spektral qurilmalar ekspluatatsiya qilib kelinmoqda. Elektr energiyasi, gaz, bug’ va texnologik aylanma suvlar sarf-harajatini avtomatlashtirilgan ravishda nazorat qilib borish tizimi kombinat miqyosida birinchilardan bo’lib joriy etildi. Zarur ehtiyot va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish borasida Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi bilan hamkorlikda 2001 yildan beri bir qator tahsinga loyiq ishlarga qo’l urildi. Bugun tegirmonlar zirh qoplamalari, maydalagichlarning sobit turuvchi va harakatlanuvchan bronlari, boyitmalarni transportirovka qilishda ko’p qo’llaniluvchi nasoslarning ehtiyot va butlovchi qismlariga bo’lgan talab MTMZ tomonidan qondirib kelinmoqda. 2002 yilda konveyr lentalariga o’rnatilgan chastotani qayta muvofiqlashtiruvchi   qurilmalar o’rniga KEV firmasining zamonaviy qurilmalari o’rnatilishi hisobiga  rudalarni qabul qilish komplekslarida dumpkarlarni bo’shatib qabul qilib olish vaqtini 70 daqiqadan 20 daqiqagacha tushirishga erishildi. Bu o’z navbatida MBFning qabul qilish ko’rsatkichini oshirish bilan birga energiya tejamkorlikka erishishga ham xizmat qildi.

Mamlakatimiz Prezidentining qaroriga asosan, 2004 yildan boshlab fabrika bosh korpusining flotatsiya bo’limlarini texnik qayta qurollantirish ishlariga keng miqyosda kirishildi. Rossiya Federatsiyasi RIVS firmasining RIF-45 va RIF-25 flotomashinalari bugun har tomonlama samaradorligini to’liq isbotlagan. Ushbu jihatlar 2006-2010 yillar davomida mehnat omilkorligini 1,4%ga oshishiga olib keldi. 2012 yilda markaziy uzatmali, yuqori tezlikli TS-28 quyuqlashtirish uskunasini bunyod etish ishlari boshlab yuborildi. Oradan bir yil o’tib, filtrlash-quritish bo’g’inining ish hajmi 2500m3ni tashkil qiladigan yangi quyuqlashtirish uskunasi foydalanishga topshirildi. Bu bilan bir qator texnologik yo’qotishlarga barham berilib, tabiiy gaz va ishlab chiqarish harajatlarini keskin qisqartirishga erishildi. Aynan shu yili kombinat boyituvchilari tomonidan “MBF Maydalash va yanchish bo’limini qayta qurollantirish” investitsion loyihasining birinchi bosqichi yakuniga yetkazilib, Maydalash-boyitish kompleksida ikkita yangi tegirmonlar foydalanishga qabul qilindi. Yuqoridagi investitsion loyihaning navbatdagi bosqichi doirasida 2013-2015 yillar davomida MBFda ЩДП-15X21 jag’li yangichli, yarim maydalovchi 95X54 o’lchamli tegirmon va MSHTS 58X81 rusumli ikkita sharli tegirmonli, konveyr va nasos qurilmalari bilan jihozlangan Maydalash va yanchish uchastkasi(UDI) bunyod etildi. Shulardan kelib chiqib 2015 yilni fabrika tarixidagi eng sermahsul yil sifatida ko’rsatish mumkin. Shu yili Mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish sexini rekonstruksiya qilish ishlari yakuniga yetkazildi. Maydalangan mahsulotlarni yirikligi bo’yicha klasslarga ajratishning yangi ko’rinishi sifatida baholangan GVCH-41-RA namchil vibratsion g’alvir uskunasining texnologik jarayonlarga joriy etilishi o’ziga xos yangilik bo’ldi, desak adashmagan bo’lamiz.

OKMKning shonli yubileyi arafasida bugun o’z oldimizga qo’ygan vazifalarga ham to’xtalib o’tishimiz zarur. Mamlakatimiz Prezidentining 2017 yil 3 yanvaridagi “Xom ashyolarni qazib olish va uni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish to’g’risida”gi qaroriga asosan 155,3 mln. so’mlik qayta jihozlash va fabrikaning asosiy quvvatlarini  barqarorlashtirish yo’nalishida ishlar amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. Ikkita  sharli tegirmon o’rnatgan holda maydalash uchastkasini kengaytirish, quyuqlashtirish uskunalarini yuqori tezlikli  quyuqlashtirgichlarga almashtirish, maydalash bo’limining  klassifikatsiyalash tizimlarini rekonstruktsiya qilish, diskli vakuum filtrlarni  yangi filtr-presslariga almashtirish, chiqindilarni to’plash sexini rekonstruktsiya qilish, birinchi va ikkinchi flotatsiya monosektsiyalarini rekonstruktsiya qilish kabi istiqbolli vazifalarni fabrika jamoasi sharaf bilan uddalashiga ishonchim komil. Boyituvchilarga munosib mehnat sharoitlarini yaratish maqsadida birgina o’tgan oyning o’zida amalga oshirilgan ishlarga ham to’xtalib o’tadigan bo’lsam - 800 nafar xotin-qizlar uchun maishiy korpus to’liq ta’mirdan chiqarilib, barcha sanitar-gigiyena sharoitlari yaratildi. 2-Maydalash-boyitish kompleksining ma’muriy binosi va ishchilar oshxonasi to’liq kapital ta’mirdan chiqarildi. Yana bir muhim jihat - Mis boyitish fabrikasi shimoliy o’tkazish punkti ostonasiga soyabonli o’rindiqlar o’rnatilib, hududlar obodonlashtirildi. Fabrika bosh ma’muriy binosining tashqi fasadida ta’mirlash ishlari boshlab yuborildi. Shahrimiz ko’cha va xiyobonlari, ijtimoiy ob’ektlarda ham keng miqyosda obodonlashtirish ishlari fabrika jamoasining xayrli ko’magi ostida olib borildi.

Joriy hisobot yilida kombinat bosh boyitish fabrikasi jamoasi zimmasiga 34 mln. 300 ming tonnadan ziyod rudalarni qabul qilib olish va qayta ishlash vazifasi yuklatilgan. Oldimizda turgan vazifa nihoyatda mashaqqatli hamda matonatli mehnatni talab qilishini fabrikaning har bir a’zosi chuqur his qilib turibdi. O’tgan yillar davomida olib borilgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta qurollantirish ishlari bugun o’z natijasinii ko’rsatishiga ishonchimiz komil.  Ruda, qumli tegirmonlar, nasoslar va gidrosiklonlarni texnologik o’lchamlarga muvofiq yuklash, ularda mukammal ta’mir va ekspluatatsion xizmatlarni  maqsadli olib borish evaziga rudalarni qayta ishlash ko’rsatkichi kamaytirilishi bilan bir qatorda xom ashyolardan metallarni yuqori samaradorlikda saralab olishga ayni davrga kelib asosiy urg’u berilgan. Buni raqamlarda izohlaydigan bo’lsak, birgina iyul oyining o’zida 27 mln. tonnadan ortiq ruda qayta ishlangan holda misni saralab olish 83,02%gacha oshirilgan. Bu esa amalda saralab olinish 106,3%ni tashkil etganidan dalolat beradi. Eng asosiysi, yuksalishning eng yuqori pog’onalariga bugun chiqib olgan Mis boyitish fabrikasi jamoasi OKMKning shonli yubileyini munosib kutib olish uchun mustahkam asosga va mehnat salohiyatiga ega. Alisher Ahmadaliyev, Ahror Komilov, Davron Omonov, Mirhamid O’rozaliev, Shahzod Yuldoshev kabi iqtidorli, serg’ayrat, bilimli  boyituvchilarning yangi avlodi yetishib chiqayotgani umidimizni yana ham oshiradi. Mis boyitish fabrikasi tarixida o’ziga xos iz qoldirgan Ne’mat Toshpo’latov, Jebar Seitov, Gennadiy Gaponov, Isliddin O’rozaliyev, Qurbonali Maxsumov, Hurniso Saidrahmonova, Abdiali Yakupov, O’rozali Yuldoshev kabi ustozlarimiz va ishlab chiqarish ilg’orlari nomini bugun faxr bilan tilga  olishimiz ham qarz, ham farzdir.

Yuksak ishlab chiqarish barqarorligi, iqtisodiy va insoniy salohiyatga ega bo’lgan Mis boyitish fabrikasi OKMK faoliyatining oldingi marralarida bo’lib boraveradi.

Ravshan Sidiqov

Mis boyitish fabrikasi direktori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech