Yangiliklar

OKMK oliy sifatli sementni Afg’onistonga yetkazish bo’yicha shartnoma imzoladi

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati(OKMK) yil yakuniga qadar Afg’onistonga  oliy sifatli sement mahsulotining bir necha partiyasini yetkazib berishni rejalashtirdi.

Joriy yilning iyul oyi o’rtalarida ushbu mahsulotni Afg’onistonga yetkazib berish bo’yicha qator shartnomalar imzolandi. Bizning sementimiz ushbu mamlakat hududlarida olib borilayotgan ijtimoiy ob’ektlar qurilishi va infrastruktura bunyodkorligi uchun ishlatiladi. Buning uchun kombinatimizning Jizzax va Sherobod sement zavodlari mahsuloti yekazib beriladi.

Vatanimizda ishlab chiqarilayotgan sement mahsulotiga Afg’oniston kompaniyalarining qiziqishi bir qator faktorlar bilan izohlanadi. Birinchidan, ushbu mahsulot ishlab chiqarilayotgan Sherobod sement zavodi respublikamizning eng janubiy hududida joylashgan korxonadir. Afg’onistonga bu mahsulot boshqa korxonalarga qaraganda transport harajatlari kam va qisqa muddatda yetkazib beriladi.

Bundan tashqari, ushbu sanoat ob’ekti logistik markazning “o’chog’i”da joylashgan. Ya’ni, yukni istalgan transportda manzilga yetkazish imkoniyati mavjud.

Joriy yilning mart oyida “Olmaliq KMK” AJ Afg’onistonning  “Hamid Company LTD” savdo kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan edi. Sherobod sement zavodining 960 tonna sementi ortilgan 15ta temiryo’l vagonida kulrang  sementimizning birinchi sinov namunalari “Mozori-Sharif” stansiyasiga yetkazib berildi.

Shuningdek, kombinatimizning sement mahsuloti qo’shni davlatlarga ham eskport qilinmoqda. Xususan, Jizzax sement zavodi 1599 tonna oq sementni - Tojikistonga, 1280 tonnani - Qirg’izistonga, 512 tonnani - Qozog’istonga va 147 tonnani Turkmanistonga eksport qildi.

2019 yilning o’tgan birinchi  yarim yilligida kombinat tomonidan 1,6 million dollardan ziyodlik  28 ming tonna  sement mahsulotimizning eksporti amalga oshirildi.

Ma’lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati O’zbekistonda yagona mis ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. Kombinat rafinadlangan mis, molibden, qo’rg’oshin konsentrati va boshqa mahsulotlarni ishlab chiqaradi.

Respublikamizda ishlab chiqarilayotgan kumushning  90%  va oltinnig 20% “Olmaliq KMK” AJ ulushiga to’g’ri keladi.

Shu o’rinda ta’kidlash joizki, 2018 yilning avgust oyida kombinatning davlat ulushi  SFI Management Group xorijiy kompaniyasining ishonchli boshqaruviga berildi.

“Olmaliq KMK” AJ

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech