Yangiliklar

“Olmaliq KMK” AJ: Umumxalq xayriya hashari

on .

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi farmoyishiga ko’ra Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining joriy yil 15 avgustdagi 00984-sonli Buyrug’i ijrosini ta’minlash maqsadida bugun OKMKning barcha kon va korxonalari, sex va bo’limlarida umumxalq xayriya hashari erta tongdan boshlab yuborildi.

Sexlar ichi va ulkan uskuna-jihozlar atrofiga yanada orastalik yugurdi, zavod va fabrikalar hovlisidagi dov-daraxtlar oqlanib, taglari yumshatildi, hududlardagi ariq-zovurlar tozalanib, korxonalar bo’ylab o’zgacha fayz yugurdi. Kombinat korxonalarida Mustaqilligimizning 28 yilligini munosib kutib olishga tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan bugungi kunda alohida gulzorlar tashkil etilib, gul ko’chatlari ham ekilmoqda.

Bundan tashqari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga biriktirilgan shahar ko’chalarida ham obodonlashtirish va tozalash ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda. Yo’l yoqalari tozalanib, dov-daraxtlarga ishlov berilayapti, ariqlar ichidagi chiqindilar olib chiqib tashlanmoqda.

Zero, xalqimiz to’ylar oldidan orastalik ishlarini amalga oshiradi. Ana shu qadriyat qadrlangan OKMKda ham minglab konchi-metallurglar umumxalq xayriya hasharida faol bo’lib, Mustaqilligimizning 28 yillik shodiyonalariga munosib tayyorgarlik ko’rishni boshlab yuborishdi. Axir ozoda maskanlarga, fayzli go’shalargagina to’ylar yarashadi, bayramlar yarashadi.

Umumxalq xayriya hasharidan fotolavhalar.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech