http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Sifatli, tezkor va uzluksiz

on .

Shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan texnika asrida aloqa xizmatining o’rni beqiyos.

Tarixda birinchi jahon urushi haqidagi xabar Turkistonga 6 oy mobaynida yetib kelgan bo’lsa, hozir aloqa xizmatining yutug’i sabab dunyoning u burchagida sodir bo’lgan yangilik zum o’tmay boshqa burchagiga yetib boradi. Insoniyat tarixida muhim kashfiyotlardan biri sifatida hisoblanuvchi telefonning yaratilishi bilan bog’liq qiziqarli ma’lumotlarga bir qur nazar tashlaymiz.

XIX asrning so’nggi yillarida simli telegrafning takomillashib, rivojlanishi bilan telefon ham ixtiro etildi. 60-yillarda I.Reys telefon apparatini loyihalashtirdi va u tezda amaliyotda qo’llanila boshladi. Keyinchalik telefon rivoji amerikalik ixtirochilar I.Grey va A.Bell nomi bilan bog’liq bo’ldi. Bell uzatuvchi va qabul qiluvchi elektromagnit telefonini taqdim etganda unga katta qiziqish bilan qarab “Belltelefonkompaniyasi”ning tashkil etilishiga ko’maklashdilar.

1878-yilda D.Yuz o’zi a’zo bo’lgan London qirollik jamiyatiga mikrofon ixtiro etganligini ma’lum qildi. Yuz sifatsiz elektr ulanishlarni tadqiq eta turib, bunday ulanishda telefonda shovqin eshitilishini aniqladi. Shuningdek, u turli materiallardan tayyorlangan ulanishlarni tekshirib, presslangan ko’mirdan foydalanilganda katta samara berilishini aniqlab, mazkur natijalarga tayangan holda 1877 yilda mikrofon deb nomlangan telefon uzatkichni taqdim etdi. “Bellkompaniyasi” Yuzning yangi ixtirosini o’zining dastlabki apparatida mavjud bo’lmagan detal sifatida ishlab chiqara boshladi. Telefonning takomillashuvi ustida ko’plab ixtirochilar mehnat qildilar. Edison boshqa turdagi telefon apparatini loyihalashtirdi (1878). U ilk bor telefon apparati sxemasiga induksion katushka va presslangan ko’mir qurumli mikrofonni kiritdi hamda uzoq masofalarga ovozni uzatishni ta’minladi. Bellning ixtirosi telefoniya asrini boshlab berdi.

Sekin-astalik bilan telefon hayotimizning ajralmas qismiga aylanishga ulgurdi. Bejiz so’zimizni telefon bilan boshlamadik. Kombinatimizda ham aynan telefon bilan bog’liq bir jamoa faoliyat yuritadi. “Olmaliq KMK” AJ Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasiga qarashli Aloqa sexi tomonidan bugun kombinatning barcha korxonalari aloqa xizmati bilan ta’minlangan. Quyida sex jamoasining ayni damda bajarayotgan ishlari xususida batafsil, sex boshlig’i Shakir Kanagataliyev ma’lumot beradi.

- Xabaringiz bor, Rux zavodi, Mis boyitish fabrikasi hamda Mis eritish zavodlarida investitsion loyihalar asosida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Jamoamiz ham ushbu loyihaning amalga oshirilishida o’z hissasini qo’shib kelayapti. Jumladan, yuqorida nomlari zikr etilgan korxonalarda hamda Chirchiq shahridagi Nodir metallar va qattiq qotishmalar ishlab chiqarish bo’yicha Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasida sifatli aloqa xizmatini ta’minlash uchun zamonaviy raqamli avtomat telefon stantsiyalari o’rnatiladi. Hozirda Sloveniyaning Iskratel rusumli ushbu ATSlarni montaj qilish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, tashqi ta’sirlarga chidamsiz bo’lgan mis aloqa kabellari optik tolali kabellarga almashtirilayapti. MBF hamda MEZning 3 km. magistral aloqa kabellari optik tolali kabellarga o’zgartirildi. Optik tolali kabelning afzalligi shundaki, birinchidan u arzon bo’lsa, ikkinchidan har qanday tashqi ta’sirlarga chidamli. Uchinchidan 1 dona soch tolasichalik qalinlikdagi optik tolali kabelning o’zi 10 000 tagacha abonentni aloqa xizmati bilan ta’minlay oladi. To’rtinchidan IP telefoniyasi ham bor. Bu simsiz aloqa deganidir. MBF, MEZ hamda Rux zavodida jami bo’lib 78 724 metr ichki aloqa kabellari yangilandi. Mazkur korxonalardagi aloqa xizmati to’laligicha raqamli tizimga o’tkazilgach, bemalol Respublika bo’ylab qo’ng’iroqlarni ham amalga oshirish imkoniyati tug’iladi.

Shuningdek, har bir sanoat korxonasida shovqin vaqtida ham sifatli aloqani ta’minlash uchun baland tovushli sanoat aloqa(PGS)sini yo’lga qo’ymoqchimiz. Buning uchun ayni kunlarda ishlar boshlab yuborilgan. Loyihalar ustida ish olib borilayapti. Zarur bo’lgan qurilmalarni olib kelish ko’zda tutilgan.

Barchamizga ma’lumki, konlarda, zavod va fabrikalarda ishlab chiqarish jarayonida har qanday holatlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday holatlarda albatta, tezkor aloqa xizmatiga ehtiyoj tug’iladi. Kombinatning asosiy ishlab chiqarish ob’ektlarida tezkor va sifatli aloqa xizmatini ta’minlash uchun 100 dona Yaponiyada ishlab chiqarilgan zamonaviy Alinco radiostansiyalarini xarid qildik. Ushbu radiostantsiyalar ma’lum bir belgilangan chastotalarda 60 km. radiusda tezkor aloqani ta’minlab beradi.

Birinchi bosqichda MEZ, MBF, Rux zavodi hamda Ilmiy ishlab chiqarish birlashmasi to’laligicha raqamli aloqa tizimiga o’tkaziladi. Ikkinchi bosqichda esa Ijro apparati binosida joylashgan markazlashgan stantsiyamizni raqamli aloqa tizimiga o’tkazamiz. Bu stantsiyamiz shaharning yuqori qismidagi kombinat korxonalarini aloqa xizmati bilan ta’minlaydi.

Aloqa xizmat ko’rsatish geografiyasi olis Surxon vohasidan tortib, to Chodak kon boshqarmasigacha bo’lgan masofani tashkil etayotgan sex jamoasi 600 km. uzunlikdagi aloqa kabellariga xizmat ko’rsatib kelmoqda. Jamoa oldiga yana bir qancha muhim vazifalar qo’yilgan. Xususan, bu yilgi ish rejasiga ko’ra, Xonjiza KB, Angren KB, Chodak KB shaxtalarida ham sifatli raqamli aloqa xizmatini yo’lga qo’yish, sanatoriy-profilaktoriy, Kapital qurilish boshqarmasi, Loyiha ishlari boshqarmasi, Uch-quloch koni hamda Olmaliq shahar infeksion kasalliklar shifoxonasini aloqa xizmati bilan ta’minlash shular jumlasidandir.

Yuqoridagi loyihaviy aloqa ishlari hamda talablardan kelib chiqqan holda har bir korxonani raqamli aloqa xizmati bilan ta’minlash vazifalarida dasturchi-muhandislar Eduard Yan, Bekpo’lat Komilov, katta usta Adham Daniyarov, elektromexanik Ulug’bek Abduvalievlarni beminnat mehnatlarini alohida ta’kidlab o’tish joiz. Ayniqsa, mis kabellarni optik tolali kabellarga almashtirishda katta ustalar Turdali Ahmedov va Olim Saydaliyevlarning ko’p yillik ish tajribalari qo’l kelayotgani diqqatga molikdir.

Xulosa o’rnida shuni aytish lozimki, Aloqa sexi kombinat korxonalarini sifatli va tezkor aloqa bilan ta’minlashdan to’xtamaydi.

Sherzod TILOVBERDIYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech