http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Shonli  an’analardan istiqbollar sari

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarixi mamlakatimizning og’ir industriya va metallurgiya sanoatining rivoji bilan chambarchas bog’liq.

OKMK tarixini ikki davrga bo’lib o’rganib chiqadigan bo’lsak, birinchi davr - kombinat barpo etilgan paytdan boshlab O’zbekiston mustaqilligi e’lon qilinganiga qadar o’tgan davr bo’lib, bu davrda, ya’ni 1960-1990 yillar davomida kombinat barcha sohalarda loyiha quvvatlariga chiqdi. Olmaliq kon-metallurgiya kombinati mamlakatimiz uchun og’ir kechgan istiqlolimizning dastlabki yillarida o’z quvvatlarini saqlab qolibgina qolmay, salohiyatli ishlab chiqarish majmuasiga aylantirish uchun mustahkam poydevor qo’yishga ham muvaffaq bo’ldi. OKMKning asosiy korxonalaridan biri hisoblangan Mis eritish zavodining  shonli tarixiga nazar tashlar ekanmiz, bunga guvoh bo’lamiz.

Ma’lumki, kombinat ishlab chiqarish tizimining yakuniy bosqichi hisoblangan mazkur korxonada mis eritish jarayonlari to’liq qamrab olingan holda o’n besh turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. MEZni bunyod etish haqida qaror 1958 yilning 17 mayida qabul qilingan. 1963 yilning 25 noyabrida Mis eritish zavodining yallig’ qaytarish pechi qizdirish uchun yoqildi. O’sha yilning 31 dekabrida ilk marotaba metall eritish amalga oshirilib, zavodning birinchi mahsuloti - tarkibida 98,6% mis bo’lgan mahsulot quyildi. 1964 yilning 14 aprelida sobiq ittifoqda birinchi bo’lib misni qo’zg’aluvchan anod pechlarida nokerak tog’ jinslaridan olovli usulda tozalash amalga oshirildi. Mis eritish zavodining Misni elektroliz qilish tsexini qurish ishlari 1964 yil sentyabrida to’liq yakunlandi. 17 sentyabr sanasiga kelib elektrod vannalariga elektr toki yordamida kuchlanish berilgan holda kislotali eritmalar bilan yuklash ishlari olib borildi. Keyingi kuni esa Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining birinchi sof katodli misi olindi. Mis eritish zavodini qurish ishlari 1975 yil dekabrida to’liq yakuniga yetkazildi va aynan shu yilning 30 dekabrida zavodning Sulfat kislotasi sexi - SK-23 ishga tushirildi. Mamlakatimiz mustaqilligining dastlabki yillaridanoq kombinat bosh metallurgiya korxonasini texnik va texnologik qayta qurollantirish va ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini oshirishga hukumatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratila boshlandi. 1991 yil dekabrida Oltin va kumushni affinajlash sexining ishga tushishi mamlakatimiz metallurgiya sanoatidagi muhim yangilik bo’ldi.

Mis eritish zavodining boshlang’ich bo’g’ini-shixta tayyorlash bo’limidan boshlab, xomaki, katodli, anodli raffinajlangan mis, sulfat kislotasi, mis to’tiyosi, reniy, tellur, osmiy kabi nodir metallar olishgacha bo’lgan ish uchastkalarida turgan barcha muhandis-texnik xodimlar, metallurglar zimmasida zalvorli va mas’uliyatli vazifalar turadi. Mamlakatimiz Prezidentining 2011 yil 30 iyundagi “Olmaliq KMK” AJ Mis eritish zavodida yangi Sulfat kislotasi sexini qurish investitsion loyihasini amalga oshirish to’g’risida”gi qarori O’zbekiston kimyo sanoati taraqqiyotiga asos solgan. Zavodning oltingugurt tarkibli metallurgiya gazlarini utilizatsiya qilish hisobiga sulьfat kislotasi ishlab chiqarish, atmosferaga zaharli moddalar chiqishini kamaytirish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, oltingugurt tarkibli metallurgiya gazlarini maksimal darajada qayta ishlash, chiqarib yuborilayotgan gazlarni imkon qadar tozalash va mamlakatimiz kimyo sanoati uchun muhim xom ashyo hisoblanuvchi sulfat kislotasi ishlab chiqarish hajmini oshirish yo’nalishida bunyod etilgan yangi tsex tomonidan bugunga kelib 500 ming tonnadan ziyod sulfat kislotasi ishlab chiqarilmoqda. 2006 yilda OKMK tomonidan ishlab chiqarilayotgan mis mahsulotlariga Shveytsariyaning Jeneva shahrida joylashgan xalqaro standartlashtirish tashkilotining IN ISO 9001:2000 xalqaro standarti berildi. Buni men Mis eritish zavodining ishlab chiqarish faoliyati va metallurglar mehnatiga berilgan yuksak e’tirof sifatida baholagan bo’lardim. Yallig’ qaytarish pechi, mis shteyni ishlab chiqarishga asoslangan kislorod-mash’alli pech, xomaki mis olish imkoniga ega 4 ta aylanuvchi konverter, har birining sig’imi 200 tonnani tashkil etuvchi 2 ta anod quyish pechi va bitta donalash pechlari kabi murakkab metallurgiya agregatlari qatoriga yangi Vanyukov pechining qo’shilishi OKMKning e’tiborga molik yutuqlaridan biri bo’ldi. Kombinatning 2016 yilgi investitsion loyihalaridan o’rin olgan mazkur loyiha nafaqat kombinat ishlab chiqarishini modernizatsiyalash va kengaytirish, balki xomaki mis ishlab chiqarish quvvatlarini 135 ming tonnagacha oshirish hamda yuqori miqdorda energiya manbalarini tejash istiqbollarini ham belgilab berdi.

Ma’lumki, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tizimida nodir metallarni olish texnologiyalarini joriy etish jarayoni uzoq davom etgan izlanishlardan hisoblanadi. Ilg’or davlatlar, xususan mustaqil davlatlar hamdo’stligiga kiruvchi davlatlar tajribasi o’rganilgach, boyitmalar tarkibidan nodir va qimmatbaho metallarni olish bo’yicha hamkorlik ishlari olib borildi. 2000 yilda quvursimon aylanuvchi, diametri 1.2 metr bo’lgan 2-kuydirish pechi foydalanishga topshirilib, nodir metallar olish borasida birinchi qadamlar qo’yildi. Kombinat rahbariyatining sex istiqboliga bo’lgan ishonchi, e’tibori tufayli 2007 yilda 1- va 3-pechlar ishga tushirildi. Murakkab jarayonlar asosida olinayotgan reniy nodir metallini ishlab chiqarilishini oshirish maqsadida kuni kecha 4-pech foydalanishga topshirilgani, shu bilan bir qatorda sexda bir qator yangi nasos agregatlari joriy etilishi kombinat metallurglarining istiqlol ayyomiga  munosib sovg’asi bo’lib qoladi. Havo taqsimlash, Kuporos sexlarini texnik va texnologik qayta qurollantirish borasida ham ijobiy fikrlarni aytib o’tish mumkin.

MEZ ko’rsatkichlariga qisman nazar tashlaydigan bo’lsak, 2018 yilda xomaki mis ishlab chiqarish 2016 yilga nisbatan 117,5%ga oshgan. Joriy hisobot yilida bu ko’rsatkich 145,2%ni tashkil etishi kutilmoqda. Katodli mis ishlab chiqarish o’tgan yili 113%ni tashkil etgan bo’lsa, bu yil mazkur ko’rsatkich 140,3%ga oshirilishi ko’zda tutilgan. Yana bir muhim mahsulotimiz hisoblangan sulfat kislotasi ishlab chiqarish  2018 yilda 132,7%ga oshirilishiga muvaffaq bo’lingan bo’lsa, joriy yida metallurg-kimyogarlar bu borada 139,8%lik marrani ko’zlab mehnat qilishmoqda. Yaqin yillarda o’z oldimizga qo’ygan maqsadlarga to’xtaladigan bo’lsam, “Olmaliq KMK” AJni 2019-2023 yillarda rivojlantirish” dasturiga asosan Mis eritish zavodini rekonstruktsiya qilish va kengaytirish yo’nalishida 507,9 mln. dollarlik qayta qurollantirish va jihozlash  ishlari amalga oshirilishi ko’zda tutilgan. Unga ko’ra, yangi eritish agregati(PV-2)ni qurish, konvertor bo’limini rekonstruksiya qilish va qayta jihozlash, quyish mashinali yangi anod pechini bunyod etish, yangi misni elektroliz qilish tsexini qurish, yangi kislorod blogini tiklash hamda SK-5 - yangi sulfat kislotasi sexini bunyod etish kabi vazifalar o’rin olgan. Mazkur mas’uliyatli vazifalar ijrosi xomaki mis ishlab chiqarish hajmini oshirish, anodli mis ishlab chiqarish yillik quvvatlarini ko’tarish, kislorod blogi quvvatlarini yanada yaxshilash sulfat kislotasi ishlab chiqarish  hajmini 600 ming tonnaga yetkazish imkonini beradi.

Mamlakatimiz mustaqilligining har bir yili, shu jumladan kombinat metallurglarining istiqbolli rejalari tarix solnomasida yangi yorqin sahifa ochib, xalqimiz bunyodkorlik salohiyatining amaliy ifodasi, erkin va farovon hayotimiz ko’zgusi, g’urur va iftixorimiz timsoli sifatida muhrlanib qolmoqda. Mis eritish zavodining murakkab va mashaqqatli mehnat uchastkalarida g’ayrat va matonat namunalarini ko’rsatib kelayotgan Tanzila Sotiboldiyeva, Jumanboy Dadakov, Alijon Anorboev, Saparali Qo’chqorov, Mirkamol Akbarov singari fidoyi metallurglarimiz  izidan borayotgan Kemron Shirinov, Azizjon Norenov, Alijon Mustafoqulov, Olimxo’ja Aglamxo’jayev, Yulduzxon Mo’minova va Sherzod Yuldoshaliyev kabi umidli yoshlarimiz nomini mamnuniyat bilan ko’rsatib o’tgan bo’lardim. Mehnatkashlar turmushiga yangi mazmun kiritish, ularning hayotga bo’lgan munosabatini o’zgartirish, aholi farovonligini ta’minlashdek ulug’ ishga kamtarona hissa qo’shish zavod rahbariyati va kasaba uyushmasi qo’mitasi oldidagi muhim vazifalardan biri bo’lib qolmoqda. Bu maqsadlarda tsexlardagi ish taqsimoti, maishiy xonalarni to’liq ta’mirdan chiqarish, qayta jihozlash maqsadida kapital qurilish ishlari amalga oshirildi. “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili” dasturi asosida ishlab chiqilgan yo’l xaritasida belgilangan barcha vazifalar izchil bajarib borilmoqda. Korxona kasaba uyushmasi qo’mitasi o’z safiga birlashtirgan 2500 nafardan ziyod mehnatkashlar, zavod ishlab chiqarish poydevorini o’rnatgan va bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan 500 nafar faxriylar, kombinat mehnat faxriylari korxona ma’muriyati va kasaba uyushmasi qo’mitasining beg’araz ko’magidan doimo bahramand. Yurtimiz boyligini oshirish, uning iqtisodiy qudratini ta’minlash, metallurgiya sanoati rivojiga munosib ulush qo’shishdek ulug’ ishlarga dahldor bo’lgan Mis eritish zavodi jamoasi izlanish yaratuvchanlik, matonatli mehnati bilan OKMKning muhim bo’g’ini bo’lib qolaveradi.

Islom Umaraliyev,

MEZ bosh muhandisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech