Yangiliklar

Ertaga shahrimizda mustaqillik bayrami

on .

Mamlakatimiz Mustaqilligining 28 yillik tantanalari ertaga 27 avgust kuni soat 10.00da “Metallurg” MS hovlisida boshlanadi.

“Metallurg” MS binosi atrofida an’anaga ko’ra, kombinat korxonalari hamda shahrimiz o’quv muassasalari, mahallalari o’z ko’rgazmalari bilan ishtirok etadi.

“Metallurg” MS hovlisi old qismida madaniyat saroyi ijodiy dastalarining bayram konsert dasturi namoyish etiladi.

“Metallurg” MS zalida kombinat ishchi-xodimlarini taqdirlash marosimi bo’lib o’tadi.

“Yoshlar bog’i”da maktab, akademik litsey va kollej o’quvchilarining “Yosh ijrochilar festivali” va musiqiy chiqishlari o’tkaziladi.

“Yoshlar bog’i”da kurash bo’yicha turnir, “Shaxmat xiyoboni”, “Sport xiyobon”larida shaxmat, shashka va boshqa sport turlari bo’yicha musobaqalar tashkil etiladi. Shuningdek, balandlikka chiqish va arqon tortish bo’yicha ham bellashuvlarda ishtirokchilar o’z kuchlarini sinab ko’rishadi.

“Bolajon” bog’i atrofida esa oziq-ovqat mahsulotlari va salqin ichimliklar savdo nuqtalari faoliyat yuritadi.

Hamshaharlarimiz uchun bayram sovg’asi sifatida kombinat rahbariyati va Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan 500 kg.lik osh damlanib, tarqatiladi.

“Zafar” to’yxonasida Ikkinchi jahon urushi, mehnat fronti faxriylari, baynalmilal jangchilar, Chernobil AES halokatini bartaraf etishda ishtirok etganlar uchun bayram dasturxoni yoziladi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech