http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Bugun Olmaliq va OKMKda istiqlol shodiyonalari bo’lib o’tdi

on .

Bugun shahrimiz Olmaliq o’zgacha tarovat bilan bezangan. Xalqimizning eng ulug’ va eng aziz bayramlari  o’tkaziladigan muhtasham “Metallurg” MS hovlisi gullar va turfa rang tasmalar ila yasangan.

Shahar va Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamkorlikda Istiqlol shodiyonalarini kutib oldi. Tadbirlar Millat qo’shig’i – madhiyamiz bilan boshlandi.

Olmaliq shahar hokimi Usmon Rahimov va kombinat boshqaruvi raisi Abdulla Xursanovlar hamshaharlarimizni eng ulug’ va eng aziz bayram – Mustaqilligimizning 28 yilligi bilan samimiy muborakbod etdi.

Shundan so’ng vatanni, istiqlolni madh etuvuchi taronalar kechga qadar yangrab, kuylar qo’shiqqa, qo’shiqlar raqsga ulandi.

“Bolajon” bog’i uzra jajji o’g’il-qizlarning shodon qiyqirig’i, kulgusi yangrab, ular turli atraktsionlarda yayrab uchishdi.

“Yoshlik” bog’ida sport maydonlari tashkil etilib, kurash, boks, shaxmat-shashka kabi turli sport musobaqalari bo’lib o’tdi. O’quv muassasalari, mahallalar tomonidan bezatilgan Istiqlol dasturxonlari, kashtachilik va hunarmandchilik namunalarida aziz mustaqilligimiz ko’rinishlari namoyon edi.

Ayniqsa, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati rahbariyati va kasaba uyushmasi kengashi tashabbusi bilan tashkil etilgan 500 kg. osh sayli o’ziga xos bo’lib, “Mustaqillik palovi” hamshaharlarimizga va kombinat mehnatkashlariga tarqatildi.

Kombinat mirishkorlari tomondian ikki kun davomida hamyonbop meva-sabzavot, sut va sut mahsulotlari, go’sht-tuxum yarmarkasi ham tashkil etildi. 

“Metallurg” MSning shodiyonalar zaliga kombinatning eng fidoiy va ilg’or mehnatkashlari hamda mehmonlar taklif etildi. Kombinat boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov yana bir bor barchani Mustaqillik bilan qutlab, mehnatkashlarimizga yurt iqtisodiyoti rivojiga qo’shayotgan munosib ulushlari uchun minnatdorchilik bildirib, bir qator konchi-metallurglarga “Konchilik sharafi” ko’krak nishoni va Faxriy Yorliqlarni topshirdi.

Rasmiy tadbirdan so’ng, “Metallurg” MS ijodiy dastalarining maxsus konsert dasturi hamda el sevgan taniqli san’atkorlar Alisher Fayz va Botir Qodirovlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo’shiqlar barchaga birdek manzur bo’ldi.

“Zafar” tantanalar saroyida Ikkinchi jahon urushi faxriylari va mehnat fronti ishtirokchilari, sobiq baynalmilal jangchilar va “chernobilchilar”, kombinat mehnat faxriylari to’kin dasturxon atrofida jamul-jam bo’ldilar. Kombinat boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov bir guruh kombinat mehnat faxriylariga esdalik sovg’alarini topshirdi. “Metallurg”  MS badiiy jamoalarining konsert dasturlari tadbir ishtirokchilariga bayramona kayfiyat bag’ishladi. Ayniqsa, so’z ustasi Boltaboy Toshmatovning qiziqarli latifalari, ichakuzdi hangomalari nuroniylarga bir olam xushkayfiyat ulashdi.

Bugun xalq saylida olmaliqliklar va kombinat mehnatkashlari Mustaqilligimizning 28  yillik bayramini ana shunday shodu xurramlikda kutib oldilar.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech