Yangiliklar

Mahalliylashtirish dasturining amaliy ifodasi

on .

Kombinat tarkibidagi yirik ta’mirlash korxonasi bo’lgan Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, dastlab 1955 yili Temirchilik-payvandchilik sexi tashkil etilgan.

Oradan ikki yil o’tib, Quyish hamda Mexanika-yig’uv sexlari o’z tashkil qilingan holda ushbu sexlar Ta’mirlash-mexanika zavodi tarkibida faoliyat yurita boshlagan. Zavod avvaliga asosan kombinat korxonalari uchun zahira ehtiyot qismlarini tayyorlash, uskunalar uzellarini ta’mirlash, po’lat, cho’yan va rangli metallarni quyish, nostandart uskunalar va metallkonstruktsiyalarni payvandlash yo’li bilan tayyorlash, rezinotexnika buyumlarini tayyorlash kabi vazifalarni bajarib kelgan.

2000 yilda korxona tarixida tub burilishlar ro’y berib, Maxsus texnika va avtotransport vositalarini ta’mirlash sexi zavod tarkibiga qo’shiladi. Ta’mir mexanika zavodining nomi ham Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, deya qayta nomlanadi. Bu bilan nima o’zgardi, degan savol tug’ilishi tabiiy. 2000 yilda zavodda 430 nafar ishchi-xodimlar mehnat qilgan bo’lsa, o’zgarishlar ortidan ishchi-xodimlar soni 2019 nafarga yetdi. Ish hajmi ham ortib bordi. Hozirgi kunda zavod tarkibida Mexanik-yig’uv, Temirchilik-payvandlash, Quyish, Maxsus texnika va avtotransport vositalarini ta’mirlash sexlari, ferroqotishmalarni ishlab chiqarish, ta’mir-mexanika, tog’-kon uskunalarini tayyorlash, ishlab chiqarish xo’jalik uchastkalari hamda energo xizmati faoliyat yuritib kelmoqda.

Xabaringiz bor, kombinat konlaridagi kon uskunalari, texnika vo sitalari hamda fabrikalardagi dastgohlarning barcha ehtiyot qismlari katta valyuta mablag’lari evaziga xorijdan keltirilar edi. Mahalliylashtirish dasturi asosida deyarli barcha xorijdan keltirilayotgan ehtiyot qismlarni o’zlashtirish ishlari jadallik bilan olib borildi. Natijada ko’pgina zarur bo’lgan ehtiyot qismlar zavodimizda tayyorlana boshlandi. Raqamlarga murojaat etadigan bo’lsak, hozirgi kunga kelib 5000ga yaqin turli xil ehtiyot qismlarni tayyorlash o’zlashtirilib, zavodda ishlab chiqarilishi yo’lga qo’yilgan. 2018 yilda 35 xil turdagi ehtiyot qismlar mahalliylashtirish dasturi asosida tayyorlangan bo’lsa, bu yil 55 xil turdagi ehtiyot qismlarni tayyorlayapmiz. Fabrikalardagi tegirmonlarning 2,7 va 3,2 diametrli kopqoqlari, futerovkalari, GRAT nasoslari, tegirmon konuslariga vallar, maydalovchi tegirmonlarning konus bronlari, konlardagi EKG-8I va EKG-15 rusumli ekskavatorlarning ehtiyot qismlari, RIF-25, 45 fabrika flotomashinalariga impleerlar, statatorlar, yerosti konlari uchun VO-0,8 va VG-2,2 shaxta vagonetkalari, LS-17, LS-30 rusumli qotirish lebedkalarini misol qilishimiz mumkin.

Har bir ehtiyot qism va uskunani tayyorlashda zamonaviy dastgohlar zarur bo’lishi bor gap. Reja bo’yicha bu yil 35 xil turdagi 66ta dastgohlar olinishi ko’zda tutilmoqda. Ayni paytga kelib, Slovakiyadan “Trens” tokarlik dastgohini olib keldik. Bundan tashqari, 1 dona 400 kg.lik “Molot” hamda 2 dona plazma bilan kesadigan dastgoh, 1 dona vulkanizatsiya pressi keltirildi. Plastmass buyumlarni ishlab chiqarish uchun olib kelingan Xitoyning “Termoplast” dastgohi ham ishchilarimizga asqotmoqda.

Kombinat asosiy ishlab chiqarish korxonalarida amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar bajarilishi bilan ish hajmi ham ortib borishini hisobga oladigan bo’lsak, bizga ham ortiqcha yuklamalar tushishish shubhasiz. Ana shu omillarni hisobga olgan holda 2-Mexanika-yig’uv sexini barpo etish ishlari boshlab yuborildi. Maxsus texnik va avtotransport vositalarini ta’mirlash sexi yonida o’z faoliyatini boshlashi kutilayotgan yangi sexning poydevori quyildi. Shuningdek, 2023 yilga qadar 2-Quyish sexi ham tashkil etiladi. Bu bilan yangi ish o’rinlari yaratilib, ishlab chiqarish hajmi ham ortadi. Tog’-kon uskunalarini tayyorlash uchastkasi binosi 60 metrga kengaytirilmoqda. Hozirda binoning devor qismiga sendvich panellar o’rnatildi. Tom qismini yopish ishlari amalga oshirilayapti. Bu ishlar sentyabr oyida yakunlanadi.

Zavodimiz yirik sig’imli doshqozonlar tayyorlash bo’yicha ham dong taratib kelmoqda. Shu paytgacha 1 dona 8 tonnalik, 7 tonnalik, 1 tonnalik hamda 2 dona 5 tonnalik doshqozonlar zavodimizda tayyorlandi. Agar yana talab bo’lsa buyurtmaga ko’ra, bu kabi qozonlarni tayyorlab beraveramiz.

Korxonamiz faoliyati rivojida sobiq direktorlar Valeriy Berezin, Otabek Isroilov, ishlab chiqarish texnik bo’limi boshlig’i Konstantin Yugaylarning hissasi katta. Ayniqsa, zavodda yaratilgan o’ziga xos tokarlik maktabida tokar Ne’mat Joniqulovning sa’y-harakatlarini alohida ta’kidlash joiz. Silliqlovchi Mixail Knyazkinning yetishtirgan shogirdlari ham zavod taraqqiyotiga munosib hissa qo’shib kelishmoqda. Zavodda oilaviy sulola vakillari ham bir talay. Ulardan chilangar Davron Murotov, frezerchi Shukurali Yusupov, po’lat quyuvchi Abduraim Boynayevlarni misol keltirish mumkin.

Bu yil mehnat jamoamiz uchun samarali keldi. Buni raqamlar misolida ham ko’rishimiz mumkin. O’tgan 8 oy davomida ta’mirchilarimiz tomonidan 1140,7 tonna pakovki, 706,6 tonna elektrshlakli qayta quyish nostandart uskunalari va 3302,0 tonna metallkonstruksiyalar, 5571,7 tonna ehtiyot qismlar tayyorlash va ularni ta’mirlash ishlari bajarilib, 85 ta tog’-kon uskunalari ishlab chiqarildi. Suyuq quyish 12385 tonna, yaroqli quyish 9067,5 tonna miqdorida amalga oshirildi.

Bir so’z bilan aytganda, MTMZ jamoasi har qanday ehtiyot qismni o’zlashtirib boraveradi. Va mahalliylashtirish dasturining faol ijrochisi sifatida faoliyat yuritishdan to’xtamaydi.

Shavkat MENGLIQULOV,

MTMZ bosh muhandisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech