http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Jamoaning istiqbolli rejalari

on .

Bugunga kelib dunyoning 26 ta metallurgiya korxonasi tomonidan koinot jismi deya e’tirof etiluvchi, rangli va nodir metallar bozorida talabgir bo’lgan rux ishlab chiqarilayotgan bo’lsa, ana shu korxonalar ichida “Olmaliq KMK” AJ Rux zavodi o’ziga xos o’ringa ega.

1959 yil Kuydirish va Sulfat kislotasi sexlari bir vaqtning o’zida qurila boshlanishi bilan zavod bunyod etilishiga start berilgan. 1963 yilda OKMK tarixida birinchi sulfat kislotasi aynan Rux zavodida olingani e’tiborga molik jihatdir. 1970 yilning 13 sentyabrida zavod tantanali ravishda foydalanishga topshirilgan bo’lsa, shu oyning so’nggi sanasida korxonada dastlabki rux metalli ishlab chiqarilgan.

1975 yilga kelib korxonani qurish va to’liq quvvat bilan faoliyat yuritishiga topshirish ishlari yakuniga yetkazilib, aynan shu yili Rux zavodi gidrometallurgiyaning eng ilg’or texnologiyalarini joriy etgan holda o’z tarixida ilk bora loyiha quvvatlariga chiqa oldi. Mamlakat metallurgiya sanoati amaliyotida ilk bora rux eritmalarini qorishmalardan tozalashning uch bosqichli tizimi tatbiq etildi va yuqori tozalikdagi rux elektroliti olinishiga muvaffaq bo’lindi. O’tgan davr mobaynida Olmaliq Rux zavodi tomonidan 4,0 mln. tonnaga yaqin rux metalli, 5,0 mln. tonnaga yaqin sulьfat kislotasi va 21,0 ming tonna kadmiy metalli ishlab chiqarilgan. 1981 yilning mayida rux ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan zavodni qayta jihozlash o’z yakuniga yetkazildi, uning natijasida ikkita vacuum-bug’lantirish uskunalari, elektrolit vannalarining uchinchi seriyasi bunyod etildi. Korxonaning asosiy ish uchastkalaridan biri bo’lgan Elektrolit sexida sulfatli eritmalardan ruxni elektrolizli usulda saralab olish, keyingi bosqichda katodli metallni qayta eritish va tovar mahsulotini ishlab chiqarish amalga oshirib kelinadi. 1980-1983 yillar davomida ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga yo’naltirilgan qayta jihozlash ishlari olib borilib, elektrolit vannalarining uchinchi seriyasi, ikkita vakuum-bug’lantirish uskunalari, bak apparatlari elektrotermik uchastkalari qurildi. Iqtisodiy aloqalarning uzilishi korxona oldiga murakkab vazifalarni qo’ygan bir vaqtda OKMK rahbariyati va zavod mutaxassislarining izlanishlari tufayli Rux zavodida 1992 yildan boshlab tolling xom ashyolarini qayta ishlash yo’lga qo’yildi. 1997 yilda esa Elektrolit sexining katod-eritish bo’limida joylashgan rux quyma qotishmalarini ishlab chiqarish uchastkasi qad rostladi va foydalanishga topshirildi. Mamlakatimiz istiqloli yillarida import o’rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni korxonalarda joriy etishga ehtiyoj yuzaga keldi. Shu maqsad yo’lida 2001 yilda korxona jamoasi o’z imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda kombinat ehtiyojlari uchun rux-alyumin-mis qotishmasi ishlab chiqarishni joriy qildi. So’nggi besh yil davomida korxonaning mazkur mahsulotini ichki bozorda ham sotilishi yo’lga qo’yilgan.

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2006 yil 10 avgustidagi “Xonjiza va Uch-quloch kon maydonlari mineral-xom ashyo bazalaridan samarali foydalanish to’g’risida”gi qarori zavod tarixida yangi davrni boshlab berdi. 2010 yilning sentyabrida Xonjiza kon boyitish kompleksi foydalanishga topshirildi. Shu yilning noyabr oyida yangi konning ilk rux konsentratlari zavod konsentratlar omboriga kelib tushdi. 2010 yilning dekabrida mustaqil O’zbekistonning birinchi rux metalli quyildi. 2013-2014 yillar davomida korxonada olib borilgan ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida elektroliz zalining birinchi seriyasida temir-betonli elektroliz vannalari polimer vannalarga almashtirildi, yangi katodlarni tozalash mashina va nasoslari o’rnatildi. Aynan ana shu yangilanishlar evaziga korxonaning yillik loyiha quvvati 80 ming tonna rux metalli tayyorlanishiga chiqarildi.

Kombinatning eksport potensialini kengaytirish maqsadida ichki va tashqi bozorda talabgir bo’lgan yangi mahsulotlar ishlab chiqarishni o’zlashtirish doimo rux zavodi rahbariyatining e’tibor markazida bo’lib kelgan. 2016 yilda korxona tarixida ilk marotaba BTS va BTSO markali rux oksidi ishlab chiqarish yo’lga qo’yilgani mazkur yo’nalishda olib borilgan ishlarning mahsulidir. Korxona faoliyat yuritib kelayotganidan beri so’nggi o’ttiz yil davomida to’planib kelinayotgan ishlab chiqarish chiqindisi hisoblanuvchi qo’rg’oshin kekini qo’rg’oshin ishlab chiqarishda muhim xom ashyo sifatida xorijga sotilishi joriy yildan yo’lga qo’yildi. Xonjiza kon boshqarmasining, shuningdek MDH davlatlaridan shartnoma lar bo’yicha keltirilgan rux kontsentratlarini qayta ishlash asosida faoliyat yuritib kelayotgan korxonamizda ayni kunlarda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash jarayonini jadallashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qaroriga ko’ra “Olmaliq KMK” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish loyihasi doirasida keng qo’lamli ishlar olib borilmoqda. Mazkur loyiha yiliga 120 ming tonnagacha rux metalli ishlab chiqarishni nazarda tutadi. Shu maqsadda yangi sulfat kislotasi sexini qurish, Ruxni elektroliz qilish sexi 2- va 3-seriyalarini, Veltslash, Tanlab eritish, Kadmiy, Kuydirish va Energiya sexlarini rekonstruksiya qilish ishlari yuqori sur’atlarda olib borilayapti. OKMKning

70 yillik shonli yubileyi nishonlanadigan joriy yilda Rux zavodi jamoasi belgilangan 84 ming tonna rux metallini ishlab chiqarish rejasini ortig’i bilan, aniqrog’i 90 ming tonnaga, rejalashtirilgan 522 tonna kadmiy metallini 558 tonnaga bajarishni, bundan tashqari, 102 610 tonna sulfat kislotasi va 1 368 tonna rux kuporosi ishlab chiqarishni maqsad qilgan. Korxonamiz ishlab chiqarish va texnologik jarayonlari shakllanishiga o’z hissalarini qo’shgan Elektrolit sexi boshlig’i O.Seitov, Sulfat kislotasi sexi boshlig’i A.Boyjumanov, Kuydirish sexi ishlab chiqarish ustasi D.Sartiboyev, Veltslash sexi chang-gaz uskunalari operatori X. Xaydaraliyev, Tanlab eritish sexi apparatchi-gidrometallurgi Sh.Sattorxonov, kimyoviy laboratoriya laborant-polyarografisti X.Normuratova, Kadmiy sexi apparatchi-gidrometallurgi U.Mo’minov kabi ustozlar va ilg’or ishchi-xodimlarimiz nomini alohida keltirib o’tish zarur bo’ladi.

O’z istiqbolli rejalarini belgilab olgan, mavjud imkoniyatlardan to’laqonli foydalanib kelayotgan Rux zavodi mehnat jamoasi mamlakatimiz hukumati tomonidan yuklatilgan vazifalarni sharaf bilan bajargan holda OKMKning 70 yillik tantanalarini munosib kutib olish yo’lida bugun yuqori samaradorlik va shijoat asosida mehnat qilmoqda.

Farrux O’TANOV,

Rux zavodi direktori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech