http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Samaradorlik va iqtisod bilan hamqadamlikda

on .

Ohaktosh qazib olish va qayta ishlashning texnologik tartiblarini optimallashtirish asnosida qazib olinayotgan xom ashyolardan to’liq va samarali foydalanish, atrof-muhitga yetkazilayotgan zararlarni keskin kamaytirish hamda kombinat korxona va sexlarining so’ndirilgan ohakka va qurilish materiallariga bo’lgan talabini to’laqonli qondirish asosiy vazifasi hisoblangan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Ohak zavodi 1962 yilda foydalanishga topshirilganidan beri OKMKning muhim ishlab chiqarish bo’g’inlaridan biri bo’lib kelmoqda.

Mazkur korxona tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar boyitish jarayonlarida asosiy reagent, sulfat kislotasi ishlab chiqarishda neytralizator, bunyodkorlik ob’ektlarida asosiy qurilish materiali sifatida keng qo’llaniladi. Kombinatning deyarli barcha korxonalarining  Ohak zavodi mahsulotlariga ehtiyoji yildan yilga oshib bormoqda. Bunga mos ravishda  korxona qariyib 55 yillik faoliyati davomida o’z ishlab chiqarish quvvatlarini ikki barobarga oshirishga muvaffaq bo’ldi. Zavod ishlab chiqarish va texnologik tizimi poydevorini o’rnatgan Sergey Medyanskiy, Pardavoy Iskandarov, Abdullajon Baratov, Ro’zimuhammad Haydarov kabi rahbar va muhandis-texnik xodimlar nomini bugun yodga olib o’tish zarur bo’ladi. Korxonaning ishlab chiqarish tizimi Sovuq-buloqsoy ohaktosh qazib olish konidan boshlanadi. Eng tajribali muhandis-texnik xodimlardan biri bo’lgan Jonuzoq Sarimsoqov rahbarlik qilib kelayotgan Sovuq-buloqsoy koni konchilari tomonidan o’tgan hisobot yilida 121584,00 tonnadan ziyod ohaktosh qazib olishga muvaffaq bo’lindi. Konda ekspluatatsiya qilib kelinayotgan SBU-100 G50 burg’ulash uskunasi, kovshi sig’imi 5 m3 bo’lgan EKG-4,6 va EKG-5A ekskavatorlar imkoniyatlaridan samarali foydalanib borgan holda  joriy yil boshidan beri 84956,00 tonnadan ziyod ohaktosh qazib olinib, qayta ishlashga jo’natildi. Yakuniy mahsulotlar bo’yicha karerning quvvatlarini oshirish, qazib olingan ma’danlarni to’liq qayta ishlashga jo’natish, balans zahiralaridan to’laqonli foydalanish, karьerning zahira quvvatlarini samaradorlik asosiga yo’naltirish bugunga kelib konchilar zimmasidagi asosiy vazifalardan biri bo’lib qolmoqda.

Xom ashyolarni qayta ishlash amalga oshiriladigan maydalash va saralash bo’limi bir qator murakkab texnologik uskuna va jihozlarni o’z ichiga oladi. Rudalarni qabul qilib olish, jag’li va konusli maydalagichlarda yanchish, klasslari bo’yicha g’alvirda navlarga ajratish, boyitmalarni konveyer lentalari yordamida navbatdagi bosqichlarga uzatish texnologik jarayonlarning sifat ko’rsatkichlarini belgilab beradi. Kuydirish pechlaridan olingan mahsulotlar sovitilgan holda tayyor mahsulotlar omboriga  joylashtirilishi bilan zavod ishlab chiqarish jarayonlari yakuniga yetadi. Texnologik jarayonlarni barqaror va samaradorlikda olib borilishida Pak Vitaliy boshchilik qilib kelayotgan texnologik smena boshqa smenalarga namuna bo’lib kelmoqda. Ko’prikli kran mashinistlari Abduahad Usmonov, Shahnoza Husanboyeva, kuydiruvchilar Mahkam Boymatov, Fahriddin Alimqulov, Azamat Abdusattorov, transportirovkalovchilar  Barno Mamatqulova, Alimardon Umrzoqov, Gulmira Dadaboyeva, maydalovchilar G’ulom Usmonov, Alisher Otaqulov, Lochin Abdullayev, Baxtiyor Tursunov, Jaloliddin Abdujapporov, Zoir Kanayev va Baxtiyor Bahromovlar yuqori ko’rsatkichlarga erishib borishayotgani e’tiborlidir.

Ohak ishlab chiqarishning asosiy texnologik jarayonlari ko’p miqdorda elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’molini talab qiladi. Korxona bosh energetigi Akrom Raimqulov rahbarligida so’nggi yillarda energetika qurilmalarini modernizatsiyalash, energiya manbalari iste’molini optimallashtirish yo’nalishida olib borilayotgan ishlar o’z samarasini berayapti. Joriy hisobot yilida qo’lga kiritilgan natijalarga nazar tashlaydigan bo’lsak, ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun 14 139159 m3 miqdorida tabiiy gaz iste’moli rejalangan bo’lsa, amalda bu ko’rsatkich 10 631106 m3ni tashkil qilib, 3508053 m3 tabiiy gaz tejamkorligiga erishildi. Yilning o’tgan sakkiz oyi davomida rejadagi 3859447 kVt/soat elektr energiyasi o’rniga 1962746 kVt/soatga teng energiya qabuli amalga oshirilib, 1897001 kVt/soat miqdoridagi qimmatbaho elektr energiyasi iqtisodi qo’lga kiritilgani e’tiborga molik natijadir.

Mavjud uskuna va jihozlar, bino va inshootlar qurilmalari imkoniyatlarini oshirish, ularda belgilangan joriy, profilaktik va kapital ta’mir ishlarini olib borishda zavod bosh mexanigi Alimardon Umaraliyevning omilkorona tashabbus va qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tokar Abdulaziz G’ofurov, elektrgazpayvandlovchi Hojiakbar Ahmedov, Mamarahim Xolboyev, haydovchi Adug’ani Aliqulov, yuklash transporti haydovchilari Ulug’bek Mirzayev, Qobil Janayev, elektromontyor Vitaliy Zagaynov va gaz qurilmalari ta’mirchisi Abdumannob Matqobilov kabi tajribali va izlanuvchan ishchi-xodimlar jamlangan ta’mir-mexanika uchastkasida ishlar sur’ati har doim yuqori. So’nggi oylarda korxona rahbariyati tomonidan ishchi-xodimlarning to’laqonli ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash, ularning hayoti va salomatligiga xizmat qiladigan maishiy sharoitlarni yaxshilashni ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan. Jumladan, mehnatni muhofaza qilish talablariga rioya etilishini ta’minlash, ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirishga xizmat qiladigan ish taqsimoti, mehnat muhofazasi o’quv xonalarida kapital ta’mir ishlari olib borilib, ular devoriy va ko’rgazmali qurollar bilan jihozlanishiga erishildi. Zavod umumiy ovqatlanish oshxonasi bilan birga texnologik smenalar uchun ovqat qabul qilish xonasi to’liq ta’mirlandi va zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Maishiy yuvinish xonalarida olib borilgan ta’mir ishlari davomida sanitar-gigyena talablariga to’liq javob beradigan sharoitlar yaratilgan holda suv, kanalizatsiya tarmoqlari, mebel jihozlari to’liq yangilanishiga muvaffaq bo’lindi.

Shu qatorda korxonada tibbiy yordam xonalari bunyod etilib, tibbiy jihozlar bilan ta’minlangani va ishchilarga birinchi yordam ko’rsatish maqsadida OKMK tibbiy sanitar qism tomonidan tajribali hamshiralar Farida Qoraboyeva, Nazokat Omonova, Ra’no Eshboyeva, Durdona Hamraeva, Shahlo Murodova, Dilafruz O’ktamovalarning ishga jalb qilingani diqqatga molikdir.  

Yilning o’tgan sakkiz oyida Ohak zavodi tomonidan 84956,00 tonnadan ortiq ohaktosh qazib olinib, undan 57325,00 tonna miqdorida ohak olinishiga erishildi. Bu o’tgan yilning shu davriga nisbatan 104% foizni tashkil etmoqda. Iste’molchilar yuqori talablariga mos mahsulotlar jo’natish hajmlarini ko’paytirishning barqaror yuksak sur’atlarini ta’minlash maqsadida mavjud quvvatlardan omilkorona foydalanish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va takomillashtirishni yangi bosqichga ko’tarish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot tannarxini pasaytirish va uning sifatini yaxshilash bo’yicha aniq maqsadga yo’naltirilgan vazifalarni bajarib borayotgan Ohak zavodi jamoasi OKMKning shonli to’yini ana shunday ko’tarinki ruhda qarshi olmoqda.

Abdoqahhor QO’SHAQOV

Ohak zavodi direktori

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech