http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

AGMK -  Coca-Cola O’zbekiston kubogi finalida

on .

Kecha futbol bo’yicha Coca-Cola O’zbekiston kubogining yarim finali bahslari bo’lib o’tdi. Unda shahrimiz sharafini himoya qilayotgan AGMK jamoasi poytaxtning “Bunyodkor” jamoasiga qarshi yashil maydonga tushdi.

Vakillarimiz o’tgan yili qayd etgan natijalarini takrorlash uchun maydonda faqat g’alaba ishtiyoqida to’p surishdi. Qaldirg’ochlar jarima maydoni ichidan izlangan omad, uchrashuvning 8-daqiqasida futbolchilarimizga kulib boqdi. Raqib o’yinchisi Anvar G’ofurovning qo’pol xatosidan unumli foydalangan futbolchilarimiz o’z niyatlariga erishdilar. Darvoza tomon yo’llangan birinchi zarbani qaytargan Zuxurov, Shahzod Nurmatovning zarbasini qaytarishga ojizlik qildi. Hisob 1:0. Birinchi goldan ruhlangan vakillarimiz hujumga zo’r berishdi.

Ammo birinchi bo’limda darvozalarga boshqa gol urilmadi. Ikkinchi bo’limda ham tashbbusni o’z tomoniga og’dirgan Mirjalol Qosimov shogirdlari 50-daqiqada maqsadlariga yetishdilar. “Qizilqum” tarkibida sermahsul o’yin ko’rsatib, AGMK tarkibga kelib qo’shilgan Elguja Grigalashvili har bir o’yinda o’ziga bildirilgan ishonchni oqlayapti, desak xato bo’lmaydi. Uchrashuvning 50-daqiqasida Nurmatovning qanotdan bergan uzatmasini Elguja golga aylantirdi. Hisob 2:0. Vadim Abramov shogirdlari ham vaziyatning bunday ko’rinishga kelishiga rozi emasliklarini ko’rsatishga harakat qilishdi. Ikkinchi gol urilganidan so’ng, oradan 8 daqiqa o’tar-o’tmas Nurillo To’xtasinov oradagi farqni qisqartirishga muvaffaq bo’ldi. Hisob 2:1.

Uchrashuvning 85-daqiqasida AGMK jamoasi himoyachisi Sardor Rahmonov o’yin taqdiriga uzil-kesil nuqta qo’ydi. Burchakdan yo’llangan uzatmani Sardor boshi bilan chiroyli qilib darvoza to’riga joylab qo’ydi. Hisob 3:1.

Shu tariqa vakillarimiz poytaxtning “Bunyodkor” jamoasini 3:1 hisobidan mag’lubiyatga uchratib, O’zbekiston kubogi finali yo’llanmasini qo’lga kiritdi. Coca-Cola O’zbekiston kubogi ½ finali doirasida parallel ravishda o’tkazilgan “Paxtakor” va “Nasaf” jamoalari uchrashuvida sherlarning qo’li 2:1 hisobida baland keldi. Endilikda AGMK jamoasi finalda “Paxtakor” qarshiligini sindirishi kerak bo’ladi. Mirjalol Qosimov shogirdlari o’tgan yili qayd etgan natijalarini takrorlashlari uchun juda yaqin turishibdi. Ularga olmaliqlik futbol muxlislari nomidan omad yor bo’lishini tilab qolamiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech