http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

OKMK: O’sish sur’atlari yuqori

on .

Har bir sanoat korxonasida erishiladigan yutuq zamirida ishning to’g’ri yo’lga qo’yilishi, zamonaviy ishlab chiqarish uskunalari, ahil jamoa, ishga bo’lgan munosabat, qat’iy mehnat intizomi kabi omillar yotishi sir emas.

2018 yil avgust oyida “Olmaliq KMK” AJ hukumat qarori bilan “SFI Management Group” xorij kompaniyasiga ishonchli boshqaruvga berilgan edi. O’tgan davr mobaynida hukumatimizning ushbu qarori o’zini to’la oqladi, deyish mumkin. Fikrimizning yorqin dalili sifatida quyida kombinat mehnat ahli tomonidan 2019 yil yanvar-sentyabr holatiga ko’ra qo’lga kiritilgan yuksak mehnat marralari haqidagi maqolamiz orqali tanishishingiz mumkin bo’ladi.

- Maqsadni to’g’ri qo’yish, ishga jiddiy yondashish, pirovardida yuqori natijaga erishish. Bu fikrlarning yorqin amaldagi ifodasi bugun kombinat mehnat ahli tomonidan hayotda o’z aksini topmoqda, - deydi OKMK Ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish bo’limi boshlig’i v.b. Odil Xodjayev. - So’zlarimni raqamlar bilan ko’rsatadigan bo’lsam, o’tgan to’qqiz oy davomida mis qazib olish bo’yicha Qalmoqqir konida belgilangan vazifalar reja asosida amalga oshirib kelindi. Sariq-cho’qqi konida o’tgan yilning shu davriga nisbatan mis qazib olish rejasining o’sish sur’ati 112,4%ni tashkil etdi. Bilamiz, mis rudasini qazib olish uchun mis ustki qatlamlarini ochish ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yo’nalishda Qalmoqqir va Sariq-cho’qqi konlari bo’yicha o’sish sur’ati 114,2%ga oshdi.

 

Kombinatning asosiy boyitish fabrikasi bo’lgan Mis boyitish fabrikasi mehnat jamoasida ham 9 oylik natijalar bo’yicha quvonarli ko’rsatkichlar qayd etildi. Yil boshida belgilangan rejaga ko’ra, mis rudasini qayta ishlash hajmini oshirmasdan misni ruda tarkibidan ajratib olish ishlariga MBFda katta e’tibor qaratildi. 2018 yilda MBF bo’yicha misni rudadan ajratib olish ko’rsatkichi 76%dan iborat bo’lgan bo’lsa, fabrikada olib borilgan islohotlar natijasida bu ko’rsatkich 80,04%ga yetkazildi. Yana-da aniqroq qilib aytadigan bo’lsak, masalan, 100 kg. rudadan mis olish avval 76 kg.ni tashkil etgan bo’lsa, hozir bu ko’rsatkich 80 kg.ga oshirildi. Bir so’z bilan aytganda, tabiiy boyliklardan samarali foydalanish imkoniyati oshdi. Bunday yuqori natijaga erishishning asosiy sababi shundaki, fabrikadagi ko’plab uskunalar yangisiga almashtirildi va almashtirilmoqda. Masalan, flotamashinalardagi 240 ta aeratsion qismlar, tegirmonlardagi  spiralli klassifikatorlar yangilandi. 2-Maydalash-boyitish kompleksida Derrik g’alvirlarini o’rnatish ishlari o’z yakuniga yetmoqda. Ushbu g’alvirlar ish unumdorligining oshishiga hamda misni rudadan ajratib olishda samarali ta’sir ko’rsatadi.


2-Mis boytish fabrikasida ham belgilangan rejalar bo’yicha o’sish sur’atiga erishildi. Kombinat texnologik zanjirining kulminatsion nuqtasi bo’lgan Mis eritish zavodi mehnat jamoasi ham 9 oy yakunlari bilan faxrlansa arziydi. Metallurglar tomonidan xomaki mis ishlab chiqarish o’tgan yilga nisbatan o’sish sur’ati 128,5%ga, mis katodini ishlab chiqarishda o’sish sur’ati 122,2%ga, sulfat kislotasini ishlab chiqarish sur’ati 111,7%ga, 1-metall o’sish sur’ati 106,5%ga, 2-metall o’sish sur’ati 164,9%ga bajarilishiga erishildi. Bunday yuksak mehnat marralarining zabt etilishida MEZda o’rnatilgan metallurgik agregatlarning to’la quvvat bilan ishlashini ta’minlash hamda o’z vaqtida o’tkazilgan ta’mirlash ishlarini asosiy omil qilib ko’rsata olamiz. Va albatta, MEZ mehnat jamoasining sa’y-harakatlari evaziga ana shunday quvonchli ko’rsatkichlar qayd etilmoqda.

 

Kombinat tomonidan ishlab chiqarilayotgan eksport mahsuloti bo’lgan rux metallini ishlab chiqarish bo’yicha anchadan buyon kuzatilmagan natijalarga erishilayotgani sohada salmoqli ishlar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. Xabaringiz bor, 2018 yilda Rux zavodida rekonstruksiya ishlari boshlab yuborildi. Hozir ham davom etmoqda. Rux konsentratini kuydirish sexida o’rnatilgan 4 ta qaynovchi qatlam pechlaridan 3 tasi kapital ta’mirlandi. 4-pechda esa ta’mirlash ishlari davom etayapti. Kadmiy ishlab chiqarish sexidagi kadmiyni elektroliz qilish uchastkasida 2 ta elektroliz bloki kapital ta’mirdan chiqdi. 3-blokda ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Kapital ta’mirlash jarayonida ma’nan eskirgan temir-beton elektroliz vannalari kompozit materialdan tayyorlangan zamonaviy elektroliz vannalariga almashtirildi.

Tanlab eritish sexida hajmli reaktorlar, aralashtirgichli hajmli uskunalar kapital ta’mirdan chiqarilayapti.

Ruxni elektroliz qilish sexining 2-seriyasida kapital ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ta’mir jarayonida o’z muddatini o’tab bo’lgan temir-beton elektroliz vannalari yangi, kompozit materialdan yasalgan elektroliz vannalariga almashtirilmoqda. Bundan tashqari, zavodning barcha ishlab chiqarish binolari va yordamchi binolari ham to’liq kapital ta’mirdan chiqarilmoqda. Mana shunday ulkan, keng qamrovli bunyodkorlik ishlari natijasida 2019 yilning sentyabr-yanvar holatiga Rux zavodi mehnat jamoasi tomonidan rux metallini ishlab chiqarish o’tgan yilning shu davriga nisbatan o’sish sur’ati 122,5%ga, sulfat kislotasini ishlab chiqarish o’sish sur’ati 106%ga, kadmiy metallini ishlab chiqarish 149,8%ga oshdi.

Kombinatning oltin qazib olish va uni qayta ishlash korxonalari - Angren KB, Chodak KB, Kovuldi konlarida ham belgilangan rejalari bajarib kelinmoqda.

Surxon vohasida joylashgan yana bir kombinat korxonasi - Xonjiza kon boshqarmasida ham 9 oylik ko’rsatkichlar salmoqli desak, xato bo’lmaydi. Kon boshqarmasi texnoparki yangi tog’ transport texnikalari bilan boyishi hisobiga ishlab chiqarish natijadorligiga erishildi. Xususan,  ruda qazib olish 2018 yilning sentyabr oyiga nisbatan o’sish sur’ati 119,4%ga, rudani qayta ishlash 109,3%ga, mis konsentratlarini ishlab chiqarish ko’rsatkichi 115,2%ga, rux konsentratlarini ishlab chiqarish ko’rsatkichi 103,1%ga, qo’rg’oshin konsentratlarini ishlab chiqarish ko’rsatkichi 149,8%ga oshganini alohida ta’kidlash joiz.

 

OKMKning tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi korxonalari ham uchinchi chorakni yaxshi ko’rsatkichlar bilan yakunlaganini aytib o’tish lozim. Jumladan, Angren quvur zavodi mis quvurlarini ishlab chiqarish bo’yicha o’tgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda 105,9%ga o’sish sur’atiga erishgan. Jizzax sement zavodi mehnat jamoasi esa qurilishda zarur bo’lgan mahsulot - sement ishlab chiqarish bo’yicha o’tgan yilning 9 oylik natijasi bilan solishtirganda 106,8%lik o’sish sur’atini qayd etdi. O’tgan yili kombinat tarkibida o’z faoliyatini boshlagan Sherobod sement zavodida ishlab chiqarilayotgan sement hisobiga kombinat bo’yicha sement ishlab chiqarish o’sish sur’ati o’tgan davrga nisbatan 218%ga oshganligini ko’rsatmoqda.

Bundan tashqari, qo’lga kiritilgan yutuqda kombinatning yordamchi korxonalari bo’lgan Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi, Avtomobil transporti boshqarmasi, Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Elektr tarmoqlari boshqarmasi, Sanoat suv ta’minoti sexi, Issiqlik elektr markazi va boshqa yordamchi korxonalarning ham salmoqli ulushi bor desak, mubolag’a bo’lmaydi.

Yuqorida sanab o’tilgan raqamlar oqilona boshqaruv siyosati, qulay mehnat sharoiti, ishchi-xodimlarga yaratilgan shart-sharoitlar, bir qator imtiyozlarning mevasi bu. Yakdil, hamjihat kombinat mehnat jamoasi 2019 yil rejalarini ham yorug’ yuz bilan ado etadi.

Sherzod Tilovberdiyev,

Axborot xizmati veb-muharriri

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech