http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Ishonchli, tejamkor energiya manbalari bilan

on .

Sanoat korxonalarining elektr ta’minoti sxemasi iste’molchilar uchun zarur bo’lgan ishonchlilikni ta’minlashi, ekspluatatsiyada sodda va qulay bo’lishi, korxonaning kelajak taraqqiyotini hisobga olishi, eng kam isrofgarchilikka ega bo’lishi, ta’mirlash ishlarini tezkor bajarishga imkoniyat yaratishni hisobga olishi va boshlang’ich kapital sarf-harajatlarning past darajasini kafolatlashi lozim.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati elektr ta’minotini loyihalashtirish jarayonlarida eng mukammal sxemalar tanlanib, ular asosida eng yaxshi texnik-iqtisodiy ko’rsatkichlari yuqori bo’lganlari joriy etilgan. Bu esa o’z navbatida elektr ta’minotiga qo’yiladigan talablar ko’p tarmoqli OKMKning ishlab chiqarish, texnologik jarayonlari va quvvatlarini belgilashda muhim omil bo’lib xizmat qilmoqda.

Yaxlit holda nazar tashlaydigan bo’lsak, OKMK va Olmaliq shahrining elektr ta’minoti “O’zbekenergo” AJning Toshkent, Yangi Angren va Sirdaryo IES energiya tizimlaridan uchta bosh podstansiya orqali amalga oshiriladi: “Qora-qiya-soy” va “Adolat” podstansiyalari 220/110/35/6 kV.li ikkitadan kuchlanishi 200000 kVA. transformatorlari hamda “5-Tyagovaya” 110/35/6 kV.li kuchlanishi 25000 kVA. bo’lgan ikkita transformatorlardan. Elektr ta’minoti sxemasi shunday ijroda bajarilganki, kombinatning barcha bo’linmalari 110, 35 va 6 kV.li liniyalar bilan ikki karrali ta’minotga ega.

Xuddi mana shu murakkab ko’p tarmoqli energiya xo’jaligi Elektr tarmoqlari boshqarmasi tomonidan boshqarib kelinmoqda. Elektr tarmoqlari boshqarmasi uchta asosiy bo’linmalar - Energiya ta’mir sexi, Tarmoqlar va podstansiyalar sexi va Markaziy elektrotexnika laboratoriyasiga tayangan holda o’z faoliyatini yo’lga qo’ygan. Kombinat korxonalari barqaror va to’laqonli faoliyatini ta’minlashda har bir bo’linmamizning o’z o’rni bor. Boshqarmaning asosiy ta’mir bo’g’ini hisoblangan Energiya ta’mir sexi faoliyatiga nazar tashlaydigan bo’lsak, ayni kunga kelib yiliga 8000 mingdan ziyod dvigatellar, 52 ta kuchlanish transformatorlari bu yerda ta’mirlanishi barobarida 900 tonnadan ziyod transformator moylari quritilib berilishi amalga oshirib borilmoqda. Murakkab energetika laboratoriya qurilmalari bilan qurollangan Markaziy elektrotexnika laboratoriyasi tomonidan 11000dan ziyod elektr-o’lchov asboblariga xizmat ko’rsatish va ta’mirlash, 2200dan ziyod yuqori kuchlanishli qurilmalarda hamda 5000dan ortiq himoya moslamalarida sinovlar o’tkazilishi bilan bir qatorda 1000dan ziyod releli avtomatika vositalariga xizmat ko’rsatilib kelinadi. 11 ta yirik podstantsiyalarga xizmat ko’rsatish asnosida yiliga 600dan ortiq energetika qurilmalarida ta’mirlar olib borilishi Tarmoqlar va podstansiyalar sexi jamoasining ish qo’lami kengligidan dalolat beradi. Eng asosiysi, OKMK asosiy korxona va sexlari bilan bir qatorda shahrimiz korxonalari, kommunal maishiy va boshqa iste’molchilar hamda aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanib borilayotgani aynan mazkur jamoamizning yuqori natijasidir. Elektr energiyasi sarfini tijorat avtomatlashtirilgan tarzda hisobga olish va nazorat qilib borish tizimi 2008 yilda mamlakatimizda birinchilardan bo’lib OKMKda joriy etildi. Bu tizimning joriy etilishi elektr energiyasi balansini yuqori aniqlikda olib borish, energiya manbalari yo’qotilishlariga maksimal darajada barham berilishiga hamda ma’lumotlar bazasiga tezkorlikda qayta ishlov berish imkonini berdi. Bugunga kelib mazkur tizim 575 ta elektr energiyasini hisobga olib borish qurilmalarini o’z ichiga olgan bo’lsa, ana shu qurilmalarning 97 tasi tijorat hisoboti avtomatika asboblari hisoblanadi. Ushbu tizim kombinat korxonalari soni ortib borishi hisobiga yildan yilga yangi qo’shimcha asboblar bilan to’ldirilib borilayapti. Mazkur yo’nalishda qo’lga kiritilayotgan natijalarni tahlil qiladigan bo’lsak, 2018 yil davomida kombinat korxonalari tomonidan 2,479 mln. kVt/soatga teng elektr energiyasi iste’moli amalga oshirilgan, shu bilan birga oqilona olib borilgan tashkiliy-texnik tadbirlar hisobiga 107 mln. kVt/soatga teng elektr energiyasi tejamkorligiga erishilgani kombinat bosh energetika korxonasi tomonidan qo’lga kiritilgan yuksak ko’rsatkichdir.

Boshqarma mehnat jamoasi asosiy vazifalar bilan bir qatorda OKMKning investitsion dasturlari ijrosini ta’minlash ishlariga ham o’zining munosib hissasini qo’shib kelmoqda. “Yoshlik I” konini ochish, yangi 3-MBFni qurish loyihalari asosida ETB zimmasiga 2*63 MVt. va 2*40 MVt.li 2 ta tortuv podstansiyalarini, shuningdek yangi boyitish fabrikasi uchun quvvati 650 MVt.ni tashkil qiladigan texnologik podstantsiyani qurish vazifasi yuklatilgan. Elektr energiyasi ta’minoti, energetika inshootlari hamda qurilmalariga xizmat ko’rsatish va ta’mirlashdek serqirra o’z o’rnida mas’uliyatli vazifalar ijrosini ta’minlashda sexlarimiz rahbarlari Aleksandr Raspopin, Shuhrat Tojiyev, Shuhrat Mayaqubov, tajribali muhandis-texnik xodimlarimizdan Davron Dosmetov, Nuriddin Usmonov, To’lagan Karimovlar nomini ta’kidlab o’tish zarur bo’ladi. ETBda mahorat maktabini yaratgan elektromontyor V.Subbotnikov, yetakchi muhandis D.Yagafarov, ta’mir ustalari U.Alimov va P.Topilov, ta’mirchi-chilangar S.Boqimirzayevlar tajribasi bugun murakkab vazifalarni hal qilishimizda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Energetika sohasining murakkab yo’nalishlarini dadil va omilkorona o’zlashtirib borayotgan R.Hamraboyev, V.Gondarenko, B.Usmonov kabi elektromontyorlar, izolyatsiyalovchi Hilola Qo’shboyeva, elektromontyor Anna Ananeva, uning yana bir hamkasbi A.Jumaboyev o’z ish uchastkalarida yuqori ko’rsatkichlarni qayd etib kelishayapti.

Kombinat korxona va sexlari elektr energiyasini asosan podstantsiyalarning 6, 10, 35, 110, 220 kuchlanishli shinalaridan oladi. Qabul kilinadigan elektr energiyasi kuchlanishi qiymatining to’g’ri qabul qilinishi elektr uzatish liniyalari va korxonalar bosh kamaytirib berish podstantsiyalari qurilmalarining optimal parametrlarini tanlashga, bu esa boshlang’ich kapital harajatlar, rangli metallar sarfi, elektr energiyasi isrofgarchiligi va ekspluatatsiya jarayonidagi sarf-xarajatlarning kamayishiga olib keladi. Bundan tashqari, yuzlab kilometr masofada tortilgan elektr uzatish liniyalari, qabul inshootlari, sexlardagi elektr uskuna va jihozlarida olib borilayotgan profilaktik ta’mirlar, energiyasamarador yangi quvvatlarning joriy etilishi OKMKning maqsadli ishlab chiqarish siyosatiga hamohangdir. Bu esa kombinat energetiklari istiqbolli rejalarga tayangan holda kombinatning shonli sanasini yorug’ yuz bilan qarshi olayotganidan dalolat beradi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech