http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Inson manfaatlari himoyasi – oliy maqsad

on .

Sir emas, mamlakatimiz rangli metallurgiyasi sanoati bayroqdori bo’lgan“Olmaliq KMK” AJda har bir ishchi-xodimning manfaati himoyalangan. O’zida 36 000dan oshiq ishchi-xodimni jamlagan kombinatda mehnatkashlarning ijtimoiy himoyasi yo’lida salmoqli ishlar ishlar amlaga oshirib kelinmoqda. So’zlarimiz isboti sifatida 2018 yilda kombinat xodimlarininng Jamoa shartnomasi bajarilishi bo’ycha har bir ishchi uchun ijtimoiy paketga yo’naltirilgan mablag’ 11 mln so’mni tashkil etganini ham ko’rsak bo’ladi. Quyidagi maqolamiz orqali kombinat ishchi-xodimlari uchun yaratilgan yana bir ijtimoiy imtiyoz haqida batafsil ma’lumot berib o’tamiz. Ya’ni kombinat ishchilari uchun davolash profilaktik ovqatlanish va bepul ovqatlanish talonlari haqida tanishasiz.   

“Olmaliq KMK” AJ tarkibiy bo’linmalarining noqulay mehnat sharoitlarida band bo’lgan ishchi-xizmatchilari O’zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 217-moddasiga asosan belgilangan me’yorlar bo’yicha bepul davolash-profilaktika ovqatlantirish bilan ta’minlangan(keyingi o’rinlarda DPO).

DPO olish huquqini beruvchi kasblar, lavozimlar, ishlar ro’yxati ish joylarni attestatsiyadan o’tkazish natijasiga ko’ra aniqlanib, “Olmaliq KMK” AJ jamoa shartnomasiga kiritiladi (8.9-band).

DPO - zararli va noqulay mehnat sharoitlarida ishlovchilar organizmiga ularning ta’sirini bartaraf etish va ishchi-xizmatchilarning sog’ligini mustahkamlashga  yo’naltirilgan chora-tadbirlar majmuasida belgilangan samarali sog’lomlashtirish omillari qatoriga kiradi. DPOning asosini organizmga ksenbiotiklar (begona birikmalar) metabolizmini va organlarga samarali himoya ta’sirini ta’minlovchi alohida komponentlarning rolini  hisobga olgan holda tuzilgan va ishchi-xizmatchilarda umumiy kasalliklarni kamaytirish va kasbiy kasalliklar profilaktikasiga yo’naltirilgan  ratsional ovqatlanishni  tashkil etadi.

DPOdan ko’zda tutilgan  maqsadlar:  

  • organizmga zararli moddalar kirishi yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining ta’siriga  to’sqinlik qiluvchi fiziologik barerlar funksiyasini oshirish;
  • organizmda kuchsiz toksiklanuvchi mahsulotlar almashinuvi hosil bo’lishiga yo’naltirilgan kislotasizlantirish, metilizatsiya, zararsizlantirish yo’li bilan sanoat zaharlarini biotransformatsiyalanishini korreksiyalash yoki agar boshlang’ichlaridan ko’ra, yanada toksik bo’lgan mahsulot almashinuvi yuzaga kelsa, ushbu reaksiyalarni blokirovkalash, to’xtatish;
  • zaharlar yoki ularning noqulay mahsulotlarning o’zaro bog’liqligi va ularnig ajralib chiqishi jarayonlarini kuchaytirish;
  • jigarning antitoksik funksiyasini oshirish;
  • zararli omillarning ta’siri natijasida yuzaga keladigan oziq-ovqat moddalari yetishmovchiligini qoplash;
  • organizmning autoregulyator reaksiyasi, endokrin regulyatsiyasi, immunitet tizimi, modda almashinuvini saqlab turish.

Ushbu maqsadlar uchun muayyan mahsulotlar va ularning me’yorlari (SanPiN-0184-05)ni  hisobga olgan  DPO ratsionlari (jami 4ta) ishlab chiqilgan. Oziq-ovqatlar to’plami u yoki bu zararli ishlab chiqarish omiliga yo’naltiriladi. DPOning energiya quvvati ishchi-xizmatchilarning kundalik energiya sarfining kamida  40 foizini qoplashini e’tiborga olgan holda  hisob-kitob qilingan.  

Shu bilan birga, 2017-2019 yillar uchun “Olmaliq KMK” AJ jamoa shartnomasining 9.11-bandiga binoan kombinatning DPO olmaydigan barcha ishchi-xizmatchilari (kasanachilardan tashqari)daromad solig’i ushlangan holda bepul ovqatlanish talonlari bilan ta’minlanadi.

Davolash-profilaktika ovqatlanish va bepul ovqatlanishni tashkil etish uchun kombinat bir necha yillardan buyon kontragentlar, umumiy ovqatlanish tashkilotlari bilan shartnomalar tuzib kelmoqda. Ushbu tashkilotlar tanlov asosida tanlab olinadi. Ularning oldiga bir qator vazifalar qo’yilib, vazifalarning ichida asosiysi bu eng oxirgi mahsulot sifatidir.

Shartnoma shartlariga binoan DPO va bepul ovqatlanish tashkilotlariga Bajaruvchi sanitariya me’yorlariga rioya qilgan holda xizmat ko’rsatish uchun texnik topshiriq talablariga muvofiq, kombinat ishchi-xizmatchilarining ovqatlanishini tashkil etish uchun zarur bo’lgan barcha xizmatlar kompleksini taqdim etishi shart. Ushbu kompleksga, oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish va yetkazib berish, taomnoma ishlab chiqish, oshxona va ovqat pishirish xonalariga xizmat ko’rsatish, xodimlarni tanlab olish va ularni o’qitish, ovqat pishirish uskunalaridan to’g’ri foydalanish, korxona oshxonasidan umumiy ovqatlanishga qo’yiladigan me’yorlarga muvofiq foydalanish, ishchi-xizmatchilarning dam olib, yoqimli va xushkafiyat bilan ovqatlanishi uchun  joylarni tashkil etish kabi vazifalar kiradi.

Kontragent o’z hisobidan kerakli miqdorda oshxona jihozlari, idishlar va dezinfeksiyalovchi preparatlari bilan ta’minlashi shart. U kombinat tomonidan berilgan texnologik uskunalar, muzlatgich va mebellarning saqlanishi uchun to’liq javobgar hisoblanadi. Bajaruvchi “Olmaliq KMK” AJ tarkibidagi sex va korxonalarning rahbarlari bilan kelishilgan holda, alohida ijara shartnomasiga binoan  oshxona binosi va xonalari, mebellar, savdo-texnologik va boshqa uskunalarni ijaraga oladi.

Ovqatlanishni tashkil etish bo’yicha majburiyatlarga muvofiq, “Olmaliq KMK” AJ o’z hisobidan Bajaruvchiga  quyidagilarni beradi:

- yoritish, isitish, aloqa tizimi, issiq va sovuq suv, kuch va yoritish elektroenergiyasi;

- yetkazib beruvchilardan umumiy ovqatlanish korxonalarigacha oziq-ovqat mahsulotlarini tashish uchun  kerakli avtotransprot vositasini ajratish;

- ishchi oshxonalarini joriy va mukammal ta’mirlash, ularga va ijaraga berilayotgan uskunalarga texnik xizmat ko’rsatish;

- sanitariya-texnik nazorat va muhandislik tarmoqlari hamda kommunikatsiyalarga xizmat ko’rsatish.    

2019 yilning 5 sentyabr kunidan boshlab “Olmaliq KMK” AJ  davolash–profilaktika ovqatlanish talonlari qiymati - 12000  so’m, bepul ovqatlanish talonlarining qiymati esa 6000 so’m miqdorida belgilandi. Ta’kidlash joizki, 2011 yildan 2017 yilgacha DPO va BO talonlari narxi 42% ga, (4200  so’m va 2100so’m– 6000 so’mga va 3000 so’mga muvofiq ravishda), 2017 yildan 2019 yilgacha 100 %ga oshgan.

Hozirgi vaqtda  kombinat sex va  tarkibiy bo’linmalarining ishchi oshxonalarida davolash–profilaktika ovqatlanish va bepul ovqatlanishni tashkil etish uchun 8ta umumiy ovqatlanish tashkilotlari bilan shartnomalar tuzilgan.

Ishchi oshxonalariga xizmat ko’rsatuvchi umumiy ovqatlanish tashkilotlari xodimlari tomonidan DPO ratsionlari mahsulotlari to’plamlariga asosan va mahsulotlarning o’zaro almashinuvi jadvalini hisobga olgan holda bir haftalik taomnoma tuziladi. Har kuni tanlash uchun 2ta kompleksdan iborat kundalik taomnoma tuziladi. Kompleks tushlikka birinchi va ikkinchi taom, non, salat (yangi uzilgan pomidor, bodringdan tayyorlangan salat yoki aynan o’xshash vitaminli kompleks), shirin choy va qatiq kiradi.

Taomlarning narxi har bir taom uchun kalkulyatsiya asosida hisob-kitob qilib chiqariladi. Kalkulyatsiya kartochkasi odatda bitta taom narxini yanada aniq hisoblash uchun yuzta taom uchun xom–ashyo narxidan  hisoblab chiqariladi.

Taomning xom-ashyo to’plami komponentlari va xom-ashyo,mahsulotlar narxi o’zgarganda taomning yangi narxi kalkulyatsiya kartochkasining bo’sh qoldiriladigan ustunlari sarlavhasida o’zgartirish kiritilgan sanani ko’rsatgan holda belgilanadi.

Kombinat tomonidan tarkibiy bo’linmalar kasaba uyushmalari tomonidan oshxonalarning ish faoliyati va yetkazib berilayotgan mahsulot sifati doimiy nazorat qilinadi. (05.12.2018 yildagi 2006-sonli buyruq asosida). Bundan tashqari, 2006-sonli buyruq bilan kombinat tarkibiy bo’linmalaridagi ishchi oshxonalarida ovqatlanishni tashkil etishni o’rganish uchun doimiy ishchi guruh faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, tarkibiy bo’linmalardagi sog’lomlashtirish punktlarining tibbiy xodimlari har kuni xarajat qilingan mahsulotlar miqdori va oshxonalarning sanitariya holatini,  tayyorlangan taomlardan namuna olgan holda taomlarning sifatini nazorat qiladi va yaroqsiz deb tan olingan mahsulotlarni qayd etish kitobiga tegishli yozuvlarni kiritadi.   

Bundan tashqari, har chorakda oshxonalar faoliyatini tekshirish bo’yicha markaziy  komissiya ish olib boradi. Va har yili Olmaliq shahar Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi bilan kombinat oshxonalarida davolash-profilaktika ovqatlanishni har chorakda kimyoviy (kaloriyasi, oqsillar, yog’lar va uglevodlar) va bakteriologik tekshiruvlarini amalga oshirish uchun shartnoma tuziladi. 

Kombinat ishchi-xodimlariga xizmat ko’rsatayotgan oshxonalarning faoliyatidan ishchilarning fikr-mulohazalari bilan ham har doim tanishib boriladi.

Masalan, Mis boyitish fabrikasi gaz-elektr payvandchisi Dilshod Umarovning fikrlari bilan tanishamiz. - “Olmaliqsavdo” MCHJga qarashli 14-sonli oshxonaga har kuni ovqatlanish uchun kiramiz. Menyu bo’yicha har kuni turli xil taomlar beriladi. Oshxona ham toza, idishlar ham yetarli. Ovqatlarning sifatiga keladigan bo’lsak, birinchi va ikkinchi taom ham biz ishchilarga manzur bo’lmoqda. Har bir ishchi uchun 200 grammdan qatiq ham muntazam berib borilayotganligini alohida ta’kidlash joiz. Bundan tashqari, milliy taomlar tayyorlovchi oshxona ham faoliyat yuritib keladi. Oshxona bufetida choy, kofe, 10 xil assortimentdagi pishiriqlardan ham tanovul qilish imkoniyatiga egamiz. Kombinat rahbariyati va kombinat xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi biz ishchilar uchun yaratib berayotgan sharoitlar, ko’rsatayotgan g’amxo’rliklari uchun minnatdorlik bildiramiz.

“Olmaliqsavdo” MCHJga qarashli 3-sonli oshxona faoliyati haqida Avtomobil transporti boshqarmasi haydovchisi Abdumuo’min Normatovning fikrlari: - Oshxonada oshpazlarning shirin muomalasi, bizga ko’rsatayotgan xizmatlaridan ko’nglimiz to’q. Ovqatlar ham mazali ham kaloriyaga boy. Har kuni menyu bo’yicha turli xil ovqatlar bizga taklif etiladi. Buning uchun kombinatimiz rahbariyatiga o’z tashakkurimizni bildirib qolamiz.

Kombinat ishchi-xodimlarining ijtimoiy himoyasi har doim diqqat markazimizda. Zero bosh maqsadimiz ham ishchilarimizga zarur bo’lgan qulay mehnat sharoitlarini yaratish, ularga g’amxo’rlik ko’rsatishdan iborat.

“Olmaliq KMK” AJ

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech