http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

“Barakali” podstansiyalaridagi barakali mehnat

on .

Xabaringiz bor, 2017 yilda muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan “Olmaliq KMK” AJ tarkibida “Yoshlik-I” koni qurilishiga start berilgan edi.

Ayni paytda “Yoshlik-I” konini o’zlashtirish ishlari jadallik bilan davom etib, ustki qatlamni ochish ishlari amalga oshirilmoqda. Dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri, Buyuk Britaniyaning “SRK consulting” kompaniyasi tomonidan ushbu kon zahiralari tekshirilganida boy tarkibli konligi haqidagi dastlabki xulosalar berilgan.

Istiqbolli kon sifatida baholanayotgan “Yoshlik I” konida olib borilayotgan ishlarni elektr energiyasiz tasavvur qilib bo’lmaydi. Sababi, konni o’zlashtirishda ishtirok etayotgan yirik gabaritli ekskovatorlar elektr energiyasida ishlashi ham barchaga ma’lum. Masalaning ayni shu jihatlarini e’tiborga olgan holda konni o’zlashtirish bo’yicha investitsion loyiha asosida konni zarur bo’lgan elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida “Barakali-1” hamda “Barakali-2” podstantsiyalari qurilishi ko’zda tutilgan edi. Ayni kunlarda “Barakali-1” podstantsiyasi qurib bitkazilib, foydalanishga topshirildi. “Barakali-2” podstantsiyasida esa qurilish va montaj ishlari davom etmoqda. Mazkur podstantsiya ham yaqin kunlarda foydalanishga topshiriladi. Ushbu podstantsiyalarning bir maromda ishlashi hamda kon texnikalarini uzluksiz elektr ta’minoti bilan ta’minlanishida Elektr tarmoqlari boshqarmasining mo’’jazgina laboratoriyasi ham muhim o’rin egallaydi.

Gap Markaziy elektrotexnika laboratoriyasi haqida borar ekan, aynan ushbu mehnat jamoasining sa’y-harakatlari evaziga bugun kon texniklariga uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Laboratoriya boshlig’i Shuhrat Mayoqubovning ma’lum qilishicha, “Barakali-1” podstantsiyasiga 2 mart kuni 1 dona 16 MVA amper quvvatga ega transformator hamda “KRUN” rusumidagi yopiq taqsimlash qurilmasi o’rnatildi. Transformatorning kuchlanishi 35 kV bo’lib, “KRUN” yopiq taqsimlash qurilmasi kuchlanishi 6 kV.ni tashkil etadi. Hozirda 3 ta havo elektr uzatish liniyalari orqali zarur bo’lgan elektr energiyasi kon texnikalari va boshqa iste’molchilarga yetkazilmoqda.

Podstantsiyadagi ushbu transformator va qurilmani ishlab chiqargan zavod tomonidan taqdim etilgan tavsifnomaga muvofiqligi laboratoriya jamoasi tomonidan o’ta sinchkovlik bilan tekshirilib, sinovdan o’tkaziladi. Sinov va o’lchash ishlarida uskunalarning qarshiliklari o’lchanadi. Har bir uskunaning bir-biriga mos tarzda ishlashi ko’rib chiqiladi. Bunda ishchi sxemalari monandligiga ham ahamiyat qaratiladi. Agarda biror qurilmada nosozlik kuzatilsa, bu boshqaruv tizimi me’yorda ishlamasligiga sabab bo’ladi. Albatta, boy ish tajribasiga ega bo’lgan laboratoriya mehnat jamoasi bunday holatlarga yo’l qo’ymaydi. Aniqlangan nosozlik zudlik bilan bartaraf etilib, uskuna ishchan holatga keltiriladi. Barcha sinovlardan so’ng, yaroqliligi to’g’risidagi ma’lumotnoma berilib, foydalanishga ruxsat etiladi. 

Yangi ishga tushirilgan podstantsiyaga SEPAM ko’rinishidagi mikrosprotsessorli himoya relelari ham o’rnatildi. Fransiyaning “Shnayder electric” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qurilmalarning ishlash tartibi va asoslari laboratoriya xodimlari tomonidan qisqa fursatda o’zlashtirib olingani muhim ahamiyatga ega.

“Yoshlik I” konidagi bu ikki podstantsiyalarning ishga tushirilishida laboratoriyaning rele himoyasi uchastkasi boshlig’i Ruslan Karimov, yetakchi muhandis Isliddin Nuritdinov, elektrmontyor Husan Tursunov, yuqori kuchlanishli sinov ishlari uchastkasi boshlig’i Odil Mamataliyev, yetakchi muhandis Qurbonali Nizomov, elektrmontyor Vyacheslav Subbotinlarning hissalarini alohida ta’kidlash joiz.

Investitsion loyiha asosida barpo etilayotgan “Yoshlik I” konini elektrifikatsiyalashning birinchi bosqichi hisoblangan “Barakali-1” podstantsiyasiga elektr energiyasi ayni paytda “Qoraqiyasoy” hamda “Qalmoqqir” podstantsiyalaridan uzatilmoqda. Ayni paytda “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan qurilish ishlari olib borilayotgan “Barakali-2” podstantsiyasiga esa elektr toki “Tyagovaya-7” podstantsiyasining 35 kilovoltli liniyasi orqali yetkazib beriladi.

Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasiga rioya qilgan holda talofatsiz ishlash, tasdiqlangan ish rejasi asosida belgilangan vazifalarni sifatli bajarish, eng muhimi, kombinat korxonalariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining uzluksizligini ta’minlash, bularning barchasi laboratoriya mehnat jamoasining o’z oldiga qo’ygan birinchi galdagi vazifa va rejalari. Aniq maqsad va reja, qat’iy intizom bor joyda muvaffaqiyat qozonilishi tayin. Markaziy elektrotexnika laboratoriyasida ham ushbu omillar yetarli.

Sherzod TILOVBERDIYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech