Yangiliklar

Axborot tarmoqlarini rivojlantirish - taraqqiyot sari qadamdir

on .

Bugun dunyoda barcha sohalarga axborot texnologiyalari chuqur kirib bormoqda. Raqamli iqtisodiyotni shakllantirish kerakli infratuzilma, ko’p mablag’ va mehnat resurslarini talab etadi.

Xalqaro andozalarga to’liq javob beradigan axborot texnologiyalarini joriy etishga “Olmaliq KMK” AJda allaqachon kirishilgan va bugunga kelib u o’zining mustahkam asosiga ega. Nazorat va avtomatlashtirish tizimlarini ishlab chiqish va joriy etish, rivojlangan eng zamonaviy hisoblash texnikalarini tatbiq etish, hisoblash va tashkiliy axborot texnikalariga xizmat ko’rsatish va ta’mirlash, yong’in avtomatikasi hamda aloqa xizmatlarini kombinat korxonalarida yo’lga qo’yish asosiy vazifasi hisoblangan Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasining faoliyati esa ayni davrga kelib raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo’naltirilgan.

Mazkur boshqarma tasarrufidagi Axborot texnologiyalari xizmati ushbu vazifalar ijrosining birinchi saflarida bormoqda, desak adashmagan bo’lamiz. Xizmat qoshida faoliyat yuritib kelayotgan infratarmoqlarni rivojlantirish guruhi boshlig’i v.b Viktor Mixaylov bizga quyidagilarni bildiradi.

Axborot tarmoqlarini rivojlantirish guruhi ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga xizmat ko’rsatish, tizimli ma’murlashtirish bo’linmalari hamda kompьyuter texnikalarini ta’mirlash sektori tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar turfa va murakkabligi bilan ajralib turadi. Ma’lumotlar bazalarini loyihalashtirish, ma’lumotlar bazalarini optimallashtirish, ulardan foydalanish va nazorat qilib borilishini ta’minlash, serverlar ish holatini doimiy soz holatda saqlab borish, ma’lumotlar bazalari yaxlitligi hamda butunligini saqlash, barcha foydalanuvchilar faoliyatini boshqarib borish, resurslarni taqsimlash, tashkilotning axborot xavfsizligini ta’minlash, tarmoq tizilmalarini o’rnatish va rostlab borish kabi vazifalar faqat ilg’or loyihalar, ishlanmalar va dasturlar asosida olib borilmoqda. Ma’lumotlarni uzatish tarmoqlariga xizmat ko’rsatish bo’limi OKMKning ma’lumotlarni uzatish tarmoqlarini loyihalashtirish, ushbu loyihalarni joriy qilish, modernizatsiyalash va sozlab borish kabi vazifalarni uch nafar muhandis-texnik hamda uch nafar xodimlarga tayangan holda amalga oshirib boradi. Tizimli ma’murlashtirish bo’linmasi ham loyihalashtirish, ishlab chiqarishni optimallashtirish, ma’lumotlardan foydalanishni nazorat qilish, ma’lumotlar xavfsizligini hamda zahira qilib borilishini ta’minlash, ma’lumotlar bazalarini qayta tiklash va yaxlitligini ta’minlash yo’nalishida faoliyat yuritadi. Kombinatda yangi axborot tizimlarini joriy etish vazifasi ham mazkur bo’linma jamoasi zimmasiga yuklatilgan. 15 nafar ta’mir mutaxassislarini o’z ichiga olgan kompyuter texnikalarini ta’mirlash bo’linmasi nafaqt ofis texnika va jihozlarini ta’mirlash, balki kompьyuter va tashkiliy texnikalarni modernizatsiyalash, yangi dasturlarni joriy etish bilan ham shug’ullanib kelayotgani e’tiborga molikdir.

Guruh jamoasi tomonidan so’nggi yillarda joriy etilgan loyiha va dasturlarga to’xtalib o’tadigan bo’lsak, videokonferensaloqa tizimi joriy etilgani, OKMK axborot tizimlari uchun server qurilmalari, jumladan, korporativ elektron pochta, transportlarni monitoring qilish, OKMK biznes chati jamlamalari xarid qilingani va ishga tushirilgani, shuningdek Mis eritish zavodidagi lokal-hisoblash tizilmalari optik tolali aloqa liniyasi bazasi modernizatsiya qilinganiga to’xtalib o’tish mumkin bo’ladi. Mamlakatimiz rahbari tomonidan joriy yilni Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilinib, ulkan vazifalar belgilab berildi. Shundan kelib chiqqan holda guruhimiz mutaxassislari tomonidan bir qator istiqbolli va keng qamrovli rejalar ishlab chiqilgan. Xususan, PO 1S-ERP bazasi asosida “OKMKning buxgalteriya va moliyasi” avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi faoliyatini yo’lga qo’yish maqsadida yangi server uskunalarini o’rnatish, “Olmaliq KMK” AJ ma’lumotlar bazasi markazi infratarmoqlari uzluksiz ta’minotini modernizatsiyalash, server uskunalari uchun muhofazalangan tarmoq segmentini tashkil etish borasida ishlarga kirishildi. Bundan tashqari, Ishlab chiqarishni avtomatlashtirish boshqarmasi gazdan chiqqan yong’inlar va server xonalarini himoyalashni tashkil etish, kombinat ijro apparati lokal-hisoblash tarmoqlarini modernizatsiyalash ishlarini olib borish hamda OKMKning yangi veb-saytini ishlab chiqish kabi vazifalar belgilab olingan. Zimmamizga yuklatilgan vazifalar va istiqbolli loyihalar ijrosi yo’lida biz tarmoqlarga xizmat ko’rsatish va ma’lumotlar bazalarini uzatish tizimlariga xizmat ko’rsatish guruhi muhandisi v.b. Alisher Jo’rayev, mazkur guruhning elektrmontyorlari Ilhomjon Qoraboyev va Behzodxon Vahobxonov kabi yosh, iqtidorli va tashabbuskor mutaxassislarimizga tayanamiz. Kompyuter texnikalarini ta’mirlash bo’linmasi elektromexanigi Jasurbek Matkarimov ham o’z hamkasblari ishonchini oqlab, yuqori ko’rsatkichlarga erishib kelayotgani e’tiborga molikdir.

Mamlakatimizda iqtisodiy barqarorlik, ijtimoiy farovonlikni ta’minlash, aholi turmush darajasini yanada oshirish uchun barcha jabhaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga alohida ahamiyat berilayotgan ayni davrda “Olmaliq KMK” AJ tomonidan olib borilayotgan ishlar davr talablariga mos va hamohangdir.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech