Yangiliklar

Chin xayrixohlik va chaqmoq umridek noshukurlik

on .

Koronavirus dunyoni teng ikkiga bo’ldi. Bu mash’um virusdan zararlangan mamlakatlar, zararlanmagan davlatlar, uni tan olgan rahbarlar, pisanda qilayotgan yetakchilar, bor imkoniyatni ishga solayotganlar, barchasini taqdir hukmiga qo’yib qo’yganlar, aslan olganda dunyo shu baloga qarshi kurashga shaylangan, bor kuchlar safarbar etilgan.

Og’ir bemorlar sog’ayishi uchun hayotini garovga qo’ygan bemor qoshidagi shifokorlar, kecha-yu kunduz xizmat vazifasini bajarayotgan posbonlar, imkoniyati darajasida umum ishiga kuch va vositalarini safarbar etayotgan tashkilotlar, shu og’ir kunlarda el koriga yarab, xayr-ehson qilayotgan saxovatli insonlar, ularning fonida salbiy fikrlarni bildirayotgan g’alamislar, boshidanoq tashkiliy ishlarda ko’ringan kichik kamchiliklardan fil yasaganlar, “davring keldi sur begim” qabilida cho’ntak g’amidagi xudbinlar, aynan shular barcha qilingan ezgu harakatlarga qora chiziq tortishmoqda.

To’g’rida, oq sahifadagi kichik qora nuqta darrov ko’zga tashlanadi. Oqlikdan esa ko’z yumiladi. Obro’ orttirish, el og’ziga tushish maqsadida og’zini katta ochayotgan, juz’iy kamchiliklarni olamga yoyayotganlarni ko’rdik, tanib oldik. KIM ASLIDA KIM EKANIDAN BUGUN XULOSA CHIQARIB OLDIK. Bu kunlar bizga yaxshi saboq bo’ldi.

Ayni mehnat ta’tilim jadval bo’yicha mart oyining o’rtasi va aprel oyi boshlariga to’g’ri kelib qoldi. Ta’tilga chiqdim. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borishga vaqt ham yetarli bo’ldi. Ayniqsa, karantin joriy qilingan dastlabki kunlardagi holatlardan vahima yasagan kimsalar atigi uch kun sabr qilishmaganiga guvohmiz. Kombinat sanoat zonasidan qaytib “Kamalak” bekatida beixtiyor odamlar to’planishi juda vahimali qabul qilindi. Avtobusga chiqayotganlar suratlari tarmoqlarga joylandi. Bugun esa ahvol umuman boshqacha. Kombinat Avtomobil transporti boshqarmasi tomonidan 29 ta yo’nalish tashkil etilib, 12 ta yo’nalishda avtobuslar kombinat ishchilariga bepul xizmat ko’rsatayotgani, 19 ta shahar atrofidagi ob’ektlarga avtobus qatnovi yo’lga qo’yilgani, qo’shimcha yangi avtobuslar darhol konservatsiyadan chiqarilib aholi xizmatiga safarbar etilganida esa nega jim bo’lib ketdingiz “chala-mulla” blogerlar? Ishxonalar kirish ostonasida tinmay aylantirilayotgan ijtimoiy, ogohlikka da’vat etuvchi e’lonlar, ishchilar oshxonalari oldidagi tekshiruvlar va sanitar sharoitlarni ko’rib nega buni ibrat qilib ko’rsatgingiz kelmaydi? Kelgan baloga kurashish yo’lidagi hamjihatlik, yuqori tashkilotchilikdan ko’z yumish bugun Vatanga, sen mehnat qilayotgan mehnat jamoang, hamkasblaringga nisbatan xoinlikning yaqqol namunasi emasmi?!

Mana, hammasi iziga tushib borayapti. Lekin biz kim aslida kim ekanligini bilib oldik. Vaqtida ko’rilgan tezkor choralar, kerak bo’lganida qat’iy talabchanlik, intizom barcha kombinat mehnat ahlining o’zaro hammaslak, xayrixohligi talofat va zararlar yo’liga g’ov bo’ldi. Lekin sizning vahimangizni “It hurar, karvon o’tar” qabilida qabul qildik. Barchamiz omon bo’laylik. Yaratgan egam bu bolalarni barchamizdan tezda aritsin.

Nilufar QAMBARALIYEVA,

IOB Yoshlar ittifoqi raisi v.b.

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech