Yangiliklar

IMICHB: pirovard maqsad - samaradorlik

on .

“Olmaliq KMK” AJ tarkibida ishlab chiqarish korxonalaridan tashqari bir qator yordamchi bo’linmalar o’z faoliyatini yuritib keladi. Ana shunday yordamchi bo’linmalardan biri Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi bo’lib, quyida boshqarma mehnat jamoasi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlari xususida tanishasiz.

Ma’lumki, bugungi kunda yurtimizda koronavirus infeksiyasi pandemiyasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi tarkibiy sex va uchastkalarida ham bu borada qizg’in ishlar olib borilayapti. Xususan, Tikuv mahsulotlari ishlab chiqarish sexida kombinatning barcha tarkibiy bo’linmalari ishchi-xodimlarini tibbiy niqob bilan ta’minlash maqsadida karantin e’lon qilingandan buyon 102 000 dona tibbiy niqob, 157 250 dona resperator (lepestok), 200 dona himoya kombinezoni va 100 dona polietilen plashch tayyorlab berildi.

Olmaliq shahri va Ohangaron tumanida dezinfeksiya ishlarini olib borish uchun IMICHBning qishloq xo’jalik bo’limiga qarashli mashina-traktor parkidan texnikalar ajratib kelinmoqda.

Karantin sharoitida ham mehnat ahli belgilangan topshiriq va vazifalarni bajarishga harakat qilmoqda. Joriy yilning birinchi choragida Issiqxona xo’jaligimizda yetishtirilgan 40 000 dona “Salviya”, 170 000 dona “Rayhon”, 160 000 dona “Shafran”, 35 000 dona “Viola” kabi gul va 45 dona tut ko’chatlari shaharni obodonlashtirish uchun yetkazib berildi. Bundan tashqari, kombinat korxonalari talabnomasi asosida 50 000 dona bir yillik gul ko’chatlari yetishtirib berildi. Shuningdek, “Olmaliq KMK” AJ Ijro apparati hududiga 65 dona “Yuka” buta daraxt ko’chati ekildi. Shahrimiz va kombinat korxonalari hududlarini obodonlashtirish uchun 180 000 dona terak ko’chatlari ekildi. 2021 yil uchun 120 000 dona terak qalamchalari o’tqazildi. Ushbu ko’chatlar ham kelasi yilda kombinat tarkibiy bo’linmalariga talab bo’yicha yetkazib beriladi.

Birinchi chorakda Sut-tovar fermasi tomonidan reja bo’yicha 429 268 litr sut ishlab chiqarish belgilangan bo’lib, amalda esa 452 383 litr sut olingan holda reja 105%ga bajarildi. Biogaz va biogumus ishlab chiqarish uchastkasida ham salmoqli ishlar bajarilib kelinmoqda. Qishloq xo’jaligi uchun zarur bo’lgan biogumus ishlab chiqarishning 3300 kg.lik rejasi 4000 kg.ga ortig’i bilan amalga oshirilib, reja 121,2%ga uddalandi. Bioo’g’it tayyorlash bo’yicha belgilangan 1410 tonnalik reja esa 1586 tonnani tashkil etdi va vazifa 112,5%ga ado etildi.

Yana bir yaxshi ko’rsatkich, ya’ni birinchi chorak davomida ishlab chiqarish xarajatlari rejaga nisbatan 30,1%ga kamayishiga erishildi. Korxonamizning qolgan barcha sex va uchastkalarida ham ishlab chiqarish xarajatlarini va mahsulotlarning tannarxini kamaytirish bo’yicha chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Boshqarmamiz tasarrufidagi Qishloq xo’jalik bo’limida ham ayni paytda ishlar qizg’in pallaga kirgan. Shu kunlarda joriy yilga rejalashtirilgan qishloq xo’jalik ekinlarini ekish ishlari yakunlanmoqda. Yillik reja asosida lalmi maydonlarga 139 gektar arpa va 145 gektariga beda ekildi. Sug’oriladigan yerlarga 31 gektar ozuqa lavlagi, 72 gektar makkajo’xori(silos uchun), 70 gektar piyoz, 5 gektar ertangi kartoshka urug’lari qadaldi. Bugungi kunda barcha qishloq xo’jalik ekinlarini mineral va mahalliy o’g’itlar bilan oziqlantirish, zararkunanda hashoratlarga qarshi kimyoviy ishlov berish va agrotexnik ishlar olib borilayapti. Jumladan, biogaz va biogumus ishlab chiqarish uchastkasida texnologik jarayon davomida hosil bo’ladigan suyuq o’g’it Qishloq xo’jalik bo’limi tomonidan har kuni dala ekin maydonlariga olib ketilib, o’simliklarga sharbat usulida berilmoqda.

Sut-tovar fermasining Sutni qayta ishlash sexini sutni qadoqlash yangi uskunalari bilan ta’minlanishi kutilmoqda va buning natijasida Olmaliq shahri aholisi hamda kombinatimiz ishchi-xodimlariga yana ham sifatli sut mahsulotlari yetkazib beriladi.

Rejalarga to’xtaladigan bo’lsam, shu yilning 30 aprel sanasiga qadar Issiqxona xo’jaligi tomonidan iste’molchilarga 150 000 dona “Salviya”, 100 000 dona “Shafran” va 300 000 dona “Rayxon” yetkazib berilishi ko’zda tutilgan. Boshqarmamizga qarashli alьyumin va plastik eshik-rom ishlab chiqarish uchastkamiz tomonidan Mis boyitish fabrikasining 1-maydalash sexi uchun 245 m2 oyna va 650 m2 alьyumin romlari ishlab chiqarish boshlab yuborildi.

O’ylaymanki, boshqarmamiz mehnat ahli bundan keyin ham har bir yo’nalishda zimmalariga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarib boraveradi.

Elyor HAYDAROV,

Iste’mol mollari ishlab chiqarish boshqarmasi boshlig’i

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech