Yangiliklar

Qalblarga qadalgan yaxshilik urug’i, faqat ezgulikni bunyod etadi!

on .

Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aktsiyadorlik jamiyati saxovat aksiyalarini davom ettirmoqda.

Ayni kunlarda yurtboshimiz tashabbusi bilan e’lon qilingan «Saxovat va ko’mak» umumxalq harakati hamda Muborak Ramazon oyining kirib kelishi barcha yurtdoshlarimizni ezgu  ishlarga da’vat etmoqda. Bunday munosabat – eng avvalo ko’hna va buyuk tariximizga, ajdodlardan meros boy madaniyatimiz va an’analarga bo’lgan ehtirom, shu bilan birga  muqaddas qadriyatlarimizga bo’lgan sadoqatni ifoda etadi.

Ezgu qadriyatlarimizni o’zida mujassam etgan   shu   muborak kunlarda Olmaliq kon-metallurgiya kombinati  ham  ko’ngli  yarim,  ehtiyojmand  oilalar   va ishga layoqatsiz fuqarolarimizga  saxovat ko’rsatib, ko’mak berishdek ezgu tadbirlarni boshlab yubordi.

-Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Saxovat va ko’mak” umumxalq harakati bugun respublikamizda keng quloch yoydi. Jumladan, OKMK ham ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo’llab-quvvatlash borasidagi xayrli ishlarini davom ettirmoqda. Shu maqsadda kombinat tomonidan tayyorlangan olti turdagi oziq-ovqat jamlanmalari bitta oilaning bir oylik ehtiyojini qoplashga mo’ljallangan oziq-ovqat mahsulotlaridan iboratdir. Maxsus qutiga joylangan jamlanma: 30 dona tuxum, 5 kg. yog, 5 kg. shakar, 15 kg. un, 20 kg. guruch va 5 kg. go’shtdan  iborat ,- deydi “Olmaliq KMK” AJ Kasaba uyushmasi kengashi raisi A.Haydarov.

Kombinat tomonidan shu kunlarda respublikamizning bir qator viloyatlari va tumanlariga olti turdagi eng zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan iborat ehson jamlanmalari jo’natildi.  Jumladan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanidagi 100 nafar va Sariosiyo tumanidagi 100 nafar oilalarga kombinat sovg’alari jo’natildi. Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi ixtiyoriga qo’shimcha 100ta oziq-ovqat jamlanmalari topshirildi.

Namangan viloyati Pop tumanidagi 100 nafar, Jizzaxning Zafarobod tumanidagi 100 nafar oilalarning xonadoniga ham oziq-ovqat jamlanmalari yetkazildi. Toshkent viloyati hokimligi ixtiyoriga topshirilgan 200 ta ehson jamlanmalari ham ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga yetkaziladi.

Bundan tashqari kombinat tomonidan Angren shahriga 120ta, Chirchiq shahriga 100ta, Ohangaron tumaniga 50ta, Bo’ka tumaniga 50ta, Bekobod shaxriga 20ta, Bekobod tumaniga 20ta, Pskent shahriga 20ta oziq-ovqat jamlanmalari aholining tegishli qatlamlariga maqsadli yo’naltirish uchun jo’natildi.

Shu o’rinda, koronavirus pandemiyasiga  qarshi kurashish  mamlakatimiz  aholisi uchun jiddiy sinov bo’lganini yana bir bor ta’kidlash joiz.

Mamlakatimiz hukumati tomonidan olib borilgan oqilona siyosat tufayli karantin davrida  aholining ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoyalashning tezkor chora-tadbirlari amalga oshirilayapti. Bu xayrli ishlar doirasida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ham COVID-19ga qarshi kurashda aholiga moddiy va ma’naviy yordam ko’rsatish maqsadida tashkil etilgan “O’zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga  2 mlrd. so’m miqdoridagi mablag’ni o’tkazib bergan bo’lsa, Toshkent viloyati “Mahalla” xayriya jamoat fondiga 200 mln.so’m, Olmaliq shahar hokimligiga 200 mln. so’m miqdorida yordam ko’rsatdi.

E’tiborlisi, karantin vaqtida OKMK bilan Olmaliq shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan “Sall - markaz” ga murojaat qilgan 1271 nafar fuqarolarimizga beg’araz ijtimoiy yordam ko’rsatildi.

Xalqimizning  buyuk qudrati hamda Muborak Ramazon oyining asrlar osha yashab kelayotgan beqiyos ahamiyati bugungi murakkab kunlarda yana-da kuchliroq namoyon bo’lmoqda. Aholini moddiy va ma’naviy qo’llab-quvvatlab, miskin ko’ngillarni obod etayotganlar o’zlarining saxovat va ko’maklari bilan qalblarga ezgulik va yaxshilik urug’ini qadamoqda.

 Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech