http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Bilim va g’ayratimni ayamayman

on .

Kitoblarda ko’p marotaba duch kelganman, uzoq va baxtli hayot kechirishning qadimiy usullaridan biri bu - ishga muhabbatdir. Yer sharidagi eng baxtli odamlarning tarjimai hollarini birlashtirib turadigan jihatlaridan biri - ularning barchasi o’z ishini, kasbini sidqidildan sevishgan.

Agar ish vaqti mobaynida o’zingizga huzur olib keladigan maroqli yumush bilan band bo’lsangiz, bu sizga dunyoning eng yaxshi kurortlariga nisbatan ko’proq quvvat, shodlik va g’ayrat baxshida etadi.

Men 2011 yil 18-maktabni tamomlab, katta hayotga qadam qo’yishda oilaviy sharoitimdan xulosa qilib, kollej sohalaridan birini tanladim. Qanday soha bo’lmasin, men o’sha sohaning yetuk mutaxassisi bo’lib yetishish uchun bor kuchimni, aqliy salohiyatimni ishga solishim kerak, deb o’z-o’zimga va’da berdim. So’ngra, Olmaliq shahar Konchilik kasb-hunar kollejiga o’qishga kirib, ochiq kon mashinalari va jihozlarini ishlatish va ta’mirlash bo’yicha usta mutaxassisligini egalladim. Ko’pchilikning orzusi bo’lganidek, mening ham orzuim oliy ma’lumotli bo’lish edi. Biroq sharoit taqozosi bilan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Qalmoqqir kon boshqarmasining Ustki qatlam karyerida ekskovator mashinistiga yordamchi bo’lib ish boshladim. Jamoa esa meni iliq kutib oldi. Dastlabki ish kunimda karyerdagi eng katta hajmdagi ekskovator va karyerning eng baland cho’qqisida smenani o’tkazishim menda tanlagan kasbimdan faxrlanish va iftixor tuyg’usini uyg’otdi. Ilk taassurotlarimning ijobiy bo’lgani meni yanada shijoatli va g’ayratli bo’lishga undadi. Har bir kasbning mas’uliyati bo’lganidek, mashinistlik ham o’z egasidan matonat va sinchikovlikni talab etadi. Agar siz o’z ishingizni yaxshi ko’rsangiz, u sizning sevimli mashg’ulotingizga aylanar ekan, vaqt qanday o’tganini bilmaysiz.

Hayoti davomida 1093 ta patent olgan buyuk ixtirochi Tomas Edison o’zining qoyilmaqom umri intihosi oldidan shunday degani balki bejizga emasdir: “Men hayotim davomida bir kun ham ishlamadim - bu butkul huzur-halovat edi”.

Bugun men ustozlarim qatori va ularning menga bergan kasbiy saboqlari bilan jamoam mehnat yutuqlariga o’z hissamni qo’shishda davom etayapman. Orzularim ijobati ila oliygoh talabasi bo’lish ham nasib etdi. Hozirda Moskva texnologiyalar instituti sirtqi bo’limining 4-bosqichida tahsil olmoqdaman. Maqsadim oliygohni tamomlab, kombinatimizning yorqin ertasi uchun sidqidildan xizmat qilish. Va bu yo’lda men bor bilim va kuch-g’ayratimni ayamayman.

Shahzod O’ROLBOYEV,

Qalmoqir KB ekskovator mashinisti yordamchisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech