http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Faqat oldinga intilib

on .

Inson umri faslining bahori bo’lgan yoshlik bebaho ne’matdir. Ana shu bebaho ne’matdan har bir inson bahramand bo’ladi. Ammo shu fasli bahorning duru gavharlari esa har kimga ham nasib etavermaydi.

Bu duru gavharlar - yoshlikda olingan bilim, to’plangan malaka, orttirib borilgan tajribadir. Kimki umrga hakamlik qiluvchi vaqt qadridan unumli foydalana olsa, ana shu javohirlarning egasi bo’laoladi. Zero, serg’ayrat yoshlik, bilak to’la kuch, mukammal bilim bir marta beriladigan yoshlikdagina mujassam bo’la oladi.

Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi o’zining intiluvchan yoshlari bilan nafaqat kombinat, viloyat va Respublika, balki xorijda ham yaxshi tanilgan. 1900dan ziyod ta’mirchilar mehnat qilib kelayotgan ushbu korxonada 964 nafar yosh mutaxassislar faoliyat yuritishadi.

Zavodning BelAZ deb ataladigan, ya’ni Avtotransport va maxsus texnikalar ta’miri sexi birgina Markaziy ta’mirlash mexanika zavodida emas, balki kombinat miqyosida ham o’ta ahamiyatlidir. 171 nafar ishchi-xodimni jamlagan bu jamoani yosh rahbar Ilhom Jo’rayev boshqarib kelmoqda.

U shahrimizdagi 18-umumta’lim maktabini, keyinroq Sanoat KHKni a’lo baholarga tamomlab, 2012 yilda Toshkent Davlat texnika universitetini bitiradi. Oliygohning mashinasozlik fakultetida o’qib, sanoat mashinalari va uskunalari, ularni ta’mirlash yo’nalishida tahsil olib, yaxshigina nazariy bilimga ega bo’lgan Ilhom Jo’rayev ilk mehnat faoliyatini MTMZning Texnik bo’limida 1-toifali konstruktorlikdan boshlaydi. Oradan 6 yil o’tib, rahbariyat zehnli bu yosh mutaxassisni Mexanika-yig’uv sexining jihozlar va termik uchastkasiga boshliq etib tayinlaydi. Ilhom Jo’rayev 2013 yilda zavod miqyosida o’tkazilgan “Yosh rahbar” ko’rik-tanlovining mutlaq g’olibi, 2014 yilda mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha o’tkazilgan tanlovda faxrli 2-o’rinni qo’lga kiritadi.

Ish joyida tartibli, belgilangan vazifalarni sidqidildan bajarib, tengdosh va hamkasblariga o’zidagi bir qator insoniy fazilatlari bilan ibrat bo’lib kelayotgan bu yosh mutaxassisga rahbariyat katta ishonch bildirib, joriy yilning may oyida Avtotransport va maxsus texnikalar ta’miri tsexi boshlig’i lavozimiga o’tkazishadi.

Yosh rahbarga boshliq bo’lish osonmi? Albatta yo’q. Zero, rahbarlik bu - san’at. Odamlar bilan ishlay bilish, ular bilan til topishish, o’rni kelganda o’ta qattiqqo’l va talabchan bo’lish, vaziyatiga qarab yumshoqlik qilish, belgilangan vazifalarni o’z muddatida bajarish va bularning barini uddalay olish uchun eng avvalo salomatlik, sog’lom fikrlay olish, holislik, bag’rikenglik va iroda juda-juda zarur.

171 nafar ta’mirchilar mehnat qilayotgan, ularning 70 foizini yoshlar tashkil etgan jamoani boshqarib kelayotgan bu yosh rahbar oldiga o’ta mas’uliyatli vazifalar qo’yilgan. Jamoa kombinatinng mis boyitish fabrikalari, Mis eritish va Rux zavodi, Angren kon boshqarmasi, Sanoat temiryo’l transporti boshqarmalarining buyurtmalariga asosan butlovchi va ehtiyot qismlarni ta’mirlaydi va yasaydi.

Yosh rahbar har tong ishga kirib kelar ekan, eng avvalo o’rinbosari Linur Samatov, uchastka boshliqlari Akmal To’laganov, Aziz Atamatov, Nuriddin Tursunqulovlar bilan eng muhim ish jarayonlari yuzasidan maslahatlashib oladi.

Aynan ushbu sex yonida “Yoshlik I” koni investitsion loyihasi doirasida - 2-Mexanika-yig’uv sexi qad tiklamoqda. Bu yangi ob’ekt kelgusida Avtotransport va maxsus texnikalar ta’miri sexiga qo’shiladi. Aynan ushbu yangi sex uchun keltirilayotgan zamonaviy tokarlik stanoklarida ish o’rganish uchun qabul qilingan 90 nafarga yaqin mutaxassislar xorijdan keltirilgan yangi rusumdagi tokarlik stanoklarida ish o’rganmoqda.

Ilhom Jo’rayev bu kabi ahamiyatli va jiddiy ishlarning belgilangan tartibda borishini hamisha qat’iy nazoratga olgan. U ustozlari Sergey Larionov, Dilshod Sartiboyev, Vladimir Yugay, Emir Ganiyev, Andrey Yefremovlar haqida to’lqinlanib so’zlar ekan, ulardan ham ishlab chiqarishda, ham insoniy fazilatlarni oshirishda juda ko’p narsalarni o’rganganini ta’kidlab o’tadi.

Hamjihat jamoaga o’z ijod va intilishlari bilan sardor bo’lib kelayotgan Ilhom Jo’rayevning hayotda o’z shiori bor. “Agar qo’rqsang, hech bir ishga kirishma, ishga kirishdingmi, qo’rqma. Agar amalga oshiraolmasang, hech qachon afsuslanma! Oldingga qo’ygan maqsading tomon borishda davom etaver, albatta erishasan!” 

Uning hayotdagi orzusi - har qanday qiyinchiliklarni yengib, oldingga qarab intilish. Oz bo’lsada kombinat rivojiga, yurt ravnaqiga munosib ulush qo’shish.

Bundan necha asrlar ilgari yashab o’tgan ingliz siyosiy arbobi Edmund Berk: “Yoshlarning ongida qanday kayfiyat ustunligini aytsang, men senga keyingi avlodning tabiati qanday bo’lishini aytib beraman”, deb yozib qoldirgan edi.

Ilhom Jo’rayev kabi jamoa sha’ni, Vatan ravnaqi uchun yashash va ishlashni maqsad etgan yoshlar Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida minglablarni tashkil etadi. Demak, ozod, obod va hur mamlakatimizning yorqin kelajagi ishonchli qo’llarda.

Oysara TOSHPO’LATOVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech