http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Kombinatning tafakkur egalari

on .

Yurtimizda sog’lom va barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad yo’lida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini farzandlarimiz kamolida, ularning erishayotgan yutuqlarida ko’rib turibmiz. Bugungi shiddatli zamon, hayotning o’zi yosh avlod tarbiyasida oldimizga yangi, o’ta muhim va dolzarb vazifalarni qo’ymoqda.

Barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan yoshlarning jamiyat hayotida munosib o’rin egallashi, kasb va iqtidoriga muvofiq munosib mehnat bilan shug’ullanishi va o’z iste’dod qirralarini namoyon etishlari uchun imkoniyatlar yaratilmoqda. Vatanimiz taraqqiyoti, dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoridan o’rin olishi, ilm-fan cho’qqilarini o’zlashtirish yo’lida izlanayotgan salohiyatli, bilimga chanqoq yoshlar “Olmaliq KMK” AJda ko’pchilikni tashkil qiladi. Quyida ana shu yoshlarimiz haqida  tanishtiramiz.

Metallurg, ixtirochi, jamoatchi

Rosti, shu bugun bo’lgan voqeliknigina mushohada qilish va xulosa chiqarishga oshiqadiganlar darhol ko’zga tashlanadi. Aslan olganda esa, inson faqat tirikchilik vaji uchun kelganida shoh asarlar yaratilmagan bo’lardi.

Mis eritish zavodi Havo taqsimlash tsexi kombinatning eng ko’p energetika qurilmalari faoliyat yuritadigan va energetika manbalari ishlab chiqaruvchi noyob tsexlardan hisoblanadi. Mazkur sexdagi - kislorod-azot-argon ishlab chiqaruvchi KAAr-16/16 blogi texnologik sxemasini o’zgartirish asos qilib olingan ratsionalizatorlik taklifini kiritgan apparatchi yigit Mirzamurod Jo’raev darhol mutaxassislar e’tiboriga tushadi. Mehnat faoliyatining uchinchi yilidayoq bunday taklif bilan chiqish uchun yoshlik shijoati va jasoratining o’zi kamliq qiladi. 2009 yilda bir emas uchta ixtirochilik takliflari uchun sertifikat olib, mazkur takliflar ishlab chiqarishga joriy etilishi uning kelgusi izlanishlariga turtki bo’ladi. O’tgan davr mobaynida respublika, viloyat, shahar va soha ko’rik tanlovlari hamda tashkil etilgan turli yo’nalishlardagi seminarlarda qo’lga kiritilgan - 2 ta sertifikat, 5 ta diplom, 10 ta Fahriy yorliq, 1 ta tashakkurnoma, 2 ta guvohnoma va 8 ta ratsionalizatorlik taklifi bo’yicha guvohnomalarning barchasi ayni Mirzamurod Jo’rayevga tegishlidir. U ayni damda ratsionalizatorlik takliflarini himoya qilish bilan birga tsex mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi jamoatchilik vakili sifatida ham o’z jamoasida xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan taqdimnomalarni kiritib bormoqda. Havo taqsimlash bloklari, kislorodni kompressorlash, ballonlarni to’ldirish va retsipient stantsiyasi bo’limlari, aylanma suv nasos stantsiyasi, prelit bilan ta’minlash tizilmasi hamda argon ballonlarini to’ldirish va saqlash bo’limlarini o’z ichiga olgan tsex xavfsiz faoliyatiga ma’sul bo’lgan Mirzamurod Jo’raev o’z izlanish va g’oyalarini qat’iyat bilan ishlab chiqarishga joriy etgan holda tengqur hamkasblariga ibrat bo’lib kelayotgani quvonarlidir. Zero, har jabhada ilg’orlik va tashabbuskorlik yangi islohotlarga chorlayda.

Ilm va hunar - xazina

Mamlakatimiz rahbari e’tirof etganlaridek, “Bilimli avlod - buyuk kelajagimiz, tadbirkor xalq - farovon hayot, do’stona hamkorlik esa taraqqiyotning kafolatidir”. Yoshlik - unga go’zallik, qat’iyatlilik xos. Mana shu hislatlardan to’g’ri foydalana bilgan yoshlarning ertasi nurlidir. Yoshlik, eng muhimi, uning ertasi bor.

Shu bois ham har qanday ishga qo’l urmasin, uni albatta yakuniga yetkazishdan cho’chimaslik, tavakkal qilish, goho yutish va yutqazish, yoshlikning go’zalligi ham, afzalligi ham mana shunda. Kombinatning eng muhim laboratoriyalaridan biri hisoblangan Yangi texnologiyalar laboratoriyasi zimmasiga kombinat texnologik zanjirini takomillashtirish bo’yicha  kiritilayotgan taklif va ishlanmalarni tadqiqot sinovlarini o’tkazish va shu tariqa uni yanada yaxshilashdek mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan. Har qanday yangilik mukammal laboratoriya tadqiqot va sinovlariga jalb etilishi, natijalar ishonchliligi ta’minlanishi va faqat shu bosqichlardan keyingina taklif, ishlanmalar ishlab chiqarishga joriy etilishi mumkin. Mis eritish zavodi sexlarida qo’llanishi ko’zda tutilayotgan texnologiyalar, mavjud texnologiya va xom ashyolar, materiallarni mahalliylashtirish, yangi mahsulotlar nomenklaturasini oshirib borishga qaratilgan barcha vazifalar yosh mutaxassis Orifjon Usmonqulov mehnat qilib kelayotgan Mis metallurgiyasi bo’linmasi faoliyati bilan bog’liq. Rivojlangan davlatlar tajribasini  o’rganish maqsadida Orifjon dastlab qo’shni Qozog’iston respublikasi sanoati markazi hisoblangan Qarag’anda shahrida xizmat safarida bo’lib, bilim va taassurotlarini boyitib qaytdi. Janubiy Koreya poytaxti Seul va Incheon shaharlari sanoat korxonalaridagi amaliyot esa uning dunyoqarashi keskin o’zgarishida muhim rolь o’ynadi. Qolaversa, OKMK va MEZ rahbarlari hamda yetuk mutaxassislar bilan hammualliflikda yaratilgan “Affinajlangan palladiyni kukun holida olish usuli” taklifining mukammallikka erishishida ham ana shu ijodiy safarlar bosh asos bo’lib xizmat qildi. Oltin kabi insoniyatga qadimdan ma’lum bo’lgan qimmatbaho platinani olish yo’lidagi  izlanishlarda ham Orifjonning hissasi bor. Mazkur metallni tadqiq etish, o’rganish va qayta ishlashga asrlar davomida mashaqqatlar evaziga erishilgan bo’lsa, uni metallurgiya xom ashyolari orasidan saralab olish ham nihoyatda murakkab va ko’p bosqichli jarayonlar sirasiga kiradi. Oltin va kumushni affinajlash sexining ishlatilgan elektrolitlari odatda nordon utilizatsiyaga jo’natiladi. Orifjon Usmonqulovning ana shu ishlatilgan elektrolit bilan birga nodir va qimmatli platinaning yo’qotilishiga barham berishga qaratilgan fikrlari kombinatda yangi ilmiy izlanishlar uchun asos bo’ldi. Dastlab, Toshkent davlat kimyo texnologiyalari institutida bakalavriat, keyinchalik Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat texnika universitetining kamyob va nodir metallar kimyoviy texnologiyasi mutaxassisligi bo’yicha tamomlagan Orifjon Usmonqulov kabi yosh ixtirochi va ratsionalizatorlar ayni kamolot pillapoyalarida dadil ilmiy qarashlar va o’zining mustahkam hayotiy pozitsiyasiga ega ekanligi mamlakatimizda yoshlarga berilayotgan e’tiborning ilk nishonasidir.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech