Yangiliklar

Zamonaviy texnologiyalar asosida

on .

Ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va yangi texnologiyalarni joriy etish hisobiga “Olmaliq KMK” AJning bosh boyitish korxonasi - Mis boyitish fabrikasi yangi marralarni zabt etishni maqsad qilgan.

Mamlakatimiz rahbarining 2018 yil 30 sentyabrdagi “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJning ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori asosida korxona sex va uchastkalarini texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish bilan bir qatorda asosiy ishlab chiqarish ko’rsatkichlarining izchillik bilan bajarib borilayotganini kombinat boyituvchilarining eng katta yutug’i sifatida baholash mumkin.

Ayniqsa, so’nggi ko’rsatkichlarga ko’ra, misning mis kontsentratiga saralab olinishi bo’yicha texnologik ko’rsatkichi 76%dan 81%gacha, oltinning mis kontsentratiga saralab olinishi 57%dan 59%gacha oshirilishiga erishilgani MBF rahbariyati, mutaxassislari va texnologik smenalari ishchilarining aniq maqsadga yo’naltirilgan harakatlarining mahsulidir.

- Korxonamiz tomonidan yil boshidan beri barcha ishlab chiqarish ko’rsatkichlari bajarilishiga erishildi. Ayniqsa, rudalarni qabul qilish va qayta ishlash, misning konsentratga ajratib olinishi hamda mis tarkibli xom ashyolarning MEZga jo’natilishi bo’yicha natijalar yuqori bo’ldi, - deydi MBF Ishlab chiqarish texnik bo’limi boshlig’i v.b. Shahzod Yuldoshev. - Ishlab chiqarish jarayonlarining bosh bo’g’ini hisoblanuvchi 1-Maydalash sexida asosiy texnologik uskuna va jihozlarni zamonaviy, samarador uskunalarga almashtirish borasida olib borilayotgan ishlar  o’z natijasini bermoqda. Loyiha quvvati yilliga 22 740 000 tonnani tashkil qiladigan mazkur sex jamoasi zimmasiga joriy yilda 20 450 000 tonna ruda qabulini amalga oshirish vazifasi yuklatilgan. Birgina iyun oyining o’zida 1 mln 600 ming tonnadan ziyod ruda qabul qilinib, qayta ishlandi. Shu bilan birga 22 foizlik konditsiya ko’rsatkichi va uskunalar ish koeffitsentining 56 foizlik ko’rsatkichi qo’lga kiritilgani yuqori natijadir.

Yil boshidan beri KMD-2200 GR maydalagichlarini zamonaviy maydalagichlarga almashtirish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Mavjud 16 ta mayda maydalagich o’rniga o’rnatiladigan 12 ta yangi texnologik uskuna bilan rudalarni qayta ishlashga erishilishi ko’zda tutilgan. Hozirgi kunga kelib 3 ta KMD-2200 GR maydalagichlarida montaj ishlari yakunlanib, ular foydalanishga topshirilgan. Navbatdagi KMD-2200 GR maydalagichida montaj ishlari tugatilayapti. 12 ta yangi GIT51N g’alvirlarining o’rnatilishi ham rejalangan. Ish quvvati soatiga 2500 tonna rudani transportirovka qilishni tashkil etadigan 4-, 5-, 6,- 7-tasmali harakatlanuvchan konveyrlar almashtirilishi evaziga rudalar jarayonlarga uzatib berilishi barqarorlashtiriladi. 1-Maydalash sexidagi eski texnologik qurilmalarni demontaj qilish va yangisini montaj qilish ishlarida sex bosh mexanigi R.Risboev, uchastka mexanigi A.Ahmadjonov, chilangar-ta’mirchilar A.Toshqobilov, A.Orlov, elektrgazpayvandlovchilar A.Mavlyanov hamda U.Umarovlarning tajriba va mahorati qo’l kelmoqda. 2-Maydalash va boyitish kompleksida olib borilayotgan qayta jihozlash ishlari ham doimiy diqqat e’tiborimizda. Shu kungacha kompleksning g’alvirlash va yuklab jo’natish uchastkasidagi mavjud GIST g’alvirlarini SMR 25-12.4x2 rusumli g’alvirlarga almashtirish ishlari jadal olib borilmoqda. Bugungacha 4 ta amalda ishlatib kelingan g’alvirlarda to’liq demontaj ishlari amalga oshirilgan holda yangi zamonaviy ish quvvati soatiga 1200 tonna rudani o’tkazish qobiliyatiga ega yangi g’alvirlar o’rnatilib, texnologik smenalarga foydalanish uchun topshirildi. Ayni damda yana ikkita g’alvirni demontaj qilish va yangisini o’rnatishga tayyorlash ishlari olib borilayapti. 

Mazkur kompleksning g’alvirlash va yuklab jo’natish uchastkasi mexanigi O’tkirjon Ahadqulov ushbu uchastkada qayta jihozlash ishlari pudratchi tashkilotlar bilan bahamjihatlikda amalga oshirilishini ta’minlab kelayotgan bo’lsa, kran mashinisti Durdona Yuldosheva uskunalar qismlarini chiqarib olish, yangisini o’rnatish ishlarida ta’mirchilarga yaqindan yordam berib kelayapti. Texnolog-ishchi Xusan Azimov yangi g’alvirlar loyiha quvvatlarini barqaror chiqib borishini ta’minlab bormoqda. Fabrika ishlab chiqarish jarayonining yakuniy bosqichi bo’lgan Mis-molibden konsentratlarini saralash va quritish tsexida bir necha yillardan beri olib borilayotgan qayta qurollantirish ishlari ham qizg’in pallaga kirgan. Jumladan, tsexda LAROX PF60 press-filtrlari uchun yangi uchastkani qurish bo’yicha loyiha-smeta hujjatlari, reja hujjatlarini ishlab chiqish, FL-1 tasmali konveyr fundamenti, PK-1,7 tayanch to’sini uchun poydevor tiklash yakunlangan, metalli tayanch to’sinlar montaj qilingan, uskunalar, balka-to’sinlar va aloqa qurilmalari, 160x80 progoni, aloqa 100x100 gorizonti poydevorlarini tiklash, vertikal aloqa, kran balkasi uchun montaj, monorelьs montaji va 30 M balka-to’sini, 160X80 progoni uchun montaj ishlari bajarilgan. Konveyr osti poydevor qismini tiklash bo’yicha ishlar olib borilmoqda. Yuk ko’tarish quvvati Q-16 tonnani tashkil etadigan 30 M balka-to’sini o’rnatilishi bilan mazkur uchastkadagi ishlar yanada jonlanishi kutilayapti. Ayni kunlarda tsex katta ustasi Javohir Holiqov, ishlab chiqarish ustasi Shahboz Rustamov, texnolog-ishchilar Ilhom Nabiev, Aziz Baratov, Shahlo Umbetova va Xolmurod Elchiboyevlar jamoaviy mis-molibdenli kontsentratlarni quyultirgichlarda quyultirish, suvsizlantirish va quritish operatsiyalarini mukammal olib borgan holda yakuniy mahsulotlarning yuqori sifat ko’rsatkichlarini ta’minlab borishmoqda.

Bir so’z bilan aytganda, kombinat boyituvchilari MBFning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, shuningdek energiya samaradorligiga qaratilgan texnologik va energetika qurilmalarini almashtirish hamda yangilashga doir tashkiliy-texnik vazifalarni bajarib borib, yangi marralarga chiqish yo’lida bugun sobit qadamlarni qo’ymoqda.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech