http://forkredit.com/ | Агротехника | Санкт Петербург | Все о Финляндии
A- A A+

Yangiliklar

Mehnat va mahorat mushtarak

on .

Texnologik yuklarni tashish hisobiga “Olmaliq KMK” AJning konlari va boyitish fabrikalarini o’zaro bog’lab turuvchi, shuningdek “O’zbekiston temir yo’llari” aksionerlik kompaniyasi vagon parkining xo’jalik yuklarini tashish va qabul qilib olish kabi vazifalarni bajarib borayotgan Sanoat temiryo’l transporti boshqarmasi 5 ta asosiy sex va xizmatlarga tayangan holda faoliyat yuritib kelayotgan bo’lsa, ana shu jamoalar ichida Vagon xizmatining o’rni alohida.

Barcha turlardagi vagonlar: dumpkarlar, sisternalar, yuklarni tashishga mo’ljallangan platformalar va xopper-dozatorlarda depo, kapital va joriy ta’mirlarni amalga oshirib keluvchi mazkur xizmat STTBning yuklarni barqaror va xavfsiz tashish faoliyatida yetakchi mavqega ega. Ta’mirlarni yuqori tashkilotchilik va samaradorlik mezonlarida olib borish maqsadida Vagon xizmati 3 ta uchastka va Mexanika sexiga bo’lingan holda faoliyatini yo’lga qo’ygan.

Vagonlar zarur detallarini tayyorlash hamda ta’mirlash ishlari tayyorlov uchastkasida olib borilsa, avtomatika uchastkasida pnevmatika uskunalari ta’miri amalga oshiriladi, g’ildiraklar juftliklariga esa KJ-20 uchastkasida yangidan hayot baxsh etiladi. Murakkab tokarlik, frezerlik dastgohlari bilan jihozlangan Mexanika sexida zarur bo’ladigan ehtiyot va butlovchi qismlar tayyorlab berilishi yo’lga qo’yilgan. Temiryo’l ta’mirchilari tomonidan har oyda z ta 2VS105 va 16VS-60 rusumli dumpkarlarda kapital ta’mirlar, 34 ta texnologik dumpkarlarda va bittadan platforma, xopper-dozatorlarda depo ta’mirlari olib borilishiga muvaffaq bo’linmoqda.

- Birgina 1-Temiryo’l sexi tomonidan 530dan ziyod, 2-TYTS tomonidan esa 200dan ortiq 2VS-105 vagon dumpkarlari rudalarni tashish maqsadida ekspluatatsiya qilib kelinayotgani mazkur vagonlarga texnik ta’mir xizmat ko’rsatishning mas’uliyatliligini ko’rsatadi, - deydi Vagon xizmat boshlig’i o’rinbosari Muhammadali Yusupaliyev, - Vagonning sozligini ta’minlash va uning resurslarini qisman tiklash maqsadida asosiy mexanizm va qismlarini almashtirish, ushbu qismlarning texnik holatini nazorat qilib  borish vagonlar depo ta’mirining asosini tashkil qiladi. Vagonlar resurslari qism va qurilmalarini, shu jumladan, bazaviy qismlarini to’liq yoki qisman tiklash vagonlarning kapital ta’mirini o’z ichiga oladi. O’z ixtiyori bilan to’kishni bir yoki ikki tomonlama amalga oshiruvchi vagon-dumpkarlar tog’ jinslarini tashishda keng qo’llaniladi. Platforma ramasining uzunligi salkam o’n to’rt metrni, yuk tashish quvvati 105 tonnani tashkil etuvchi vagonlar tasdiqlangan profilaktik ta’mir rejalariga asosan qat’iy muddatlarda ta’mirga olinadi. Depo va kapital ta’mirlar davomida vagonning avtostsepka moslamalari, aravasi, buksirlari, g’ildiraklar juftliklari, ramasi, osma ressorlari, tormoz, ag’darish moslamalarida ta’mir va qayta tiklash ishlari amalga oshiriladi. Zimmamizdagi vazifalarni bajarishda harakatlanuvchi tarkiblarni ta’mirlash bo’yicha chilangarlar mahoratiga tayanamiz. Harakatlanuvchi tarkiblarning detallarini tayyorlash va ta’mirlash, ta’mirlanayotgan qurilmalar qismlarini bo’laklash, yig’ish, pnevmatika tizimlarining alohida asboblarini montaj qilish va demontaj qilish, alohida mexanizmlarda sinovlar, diagnostika, profilaktika, rostlash ishlarini olib borish, agregat va mexanizmlarni sifatli ta’mirlash evaziga temiryo’l transporti vositalarini ishonchli va ekspluatatsion xizmat qilish muddatlarini ta’minlash aynan mana shu kasb egalarining tajriba va ko’nikmalariga uzviy bog’liq. Xizmatimizda eng talabgir bo’lgan ushbu kasb egalaridan o’z vazifalari bilan bir qatorda temiryo’llarda harakatlanish davrida xavfsizlik talablari, transport vositalarini ta’mirga olish talablari, avtostsep moslamalarini ta’mirlash va texnik xizmat ko’rsatishda, tormoz qurilmalarini ta’mirlashda, ta’mir stendlarida vazifalarni bajarishda xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilib borishlari talab etiladi.

Ta’mirchilar brigadasi yetakchisi E.Jahonaliyev, chilangar-ta’mirchilar Z.Qurbonov, X.Parpiyev, A.Ibragimov, A.Mehmonov va N.Mannobovlar o’z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni qunt bilan bajarish barobarida yuqori natijalarni qo’lga kiritib kelishmoqda. R.Ismatov, X.Turdiboyev kabi gazelektrpayvandlovchilar montaj va demontaj, bo’laklash va qayta tiklash jarayonlarida tashabbuskorlik namunalarini ko’rsatib, ishlarni sifatli amalga oshirilishiga erishmoqda. G’ildiraklar juftliklari holati uchun javobgar bo’lgan o’lchovchilar - D.Chaldiboyeva va D.Turdaliyevalar talabchanligi evaziga sifat mezonlari ta’minlab borilmoqda. Xizmat omborchisi I.Abdullayeva ehtiyot va butlovchi qismlar, moddiy boyliklarni hisobga olib borish, taqsimlash va o’tkazish borasida o’ziga xos tartib o’rnatgani bois, uchastkalar ta’minot masalalarida uzilishlarga yo’l qo’yilmayotgani diqqatga molikdir.

STTBning shonli tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, 1959 yilning 23 fevrali boshqarma tarixida yana bir yangi sana bo’lib qoldi. Aynan shu kundan e’tiboran ikki yo’nalishli elektrifikatsiyalashtirilgan temir yo’llar orqali Qalmoqqir rudasini Mis boyitish fabrikasiga tashish yo’lga qo’yildi. Bu vaqtga kelib Kaliningrad zavodida ishlab chiqilgan 60 tonnalik vagonlardan foydalanila boshlandi, ko’p o’tmay bu texnikalar yuk tashish quvvati 100 tonnani tashkil etuvchi o’zi ag’daruvchi vagonlarga almashtirildi. Lokomotiv brigadalarining stantsiyalar navbatchi va dispetcherlari bilan muloqotlari radioaloqa tizimiga o’tkazildi. Ayrim uchastkalar avtoblokirovka tizimi bilan jihozlandi. 1962 yildan boshlab 10 Kv o’zgaruvchan tokli kontakt tarmoqlarida xarakatlanuvchi D-100M elektrovozlaridan foydalanishga kirishildi. Aynan shu yildan boshlab temir yo’llarni saqlab turishga mo’ljallangan zamonaviy mexnizm va asboblardan foydalanish joriy qilindi. 1965 yilga qadar xarakatdagi tarkib parki Germaniyada ishlab chiqarilgan YeL-1 va YeL-2 elektrovozlari va VS-95, VS-100, 2VS-105 dumpkarlari hisobiga to’ldirildi. Barcha turdagi vagonlarning depo, kapital va joriy ta’mirlari bilan shug’ullanuvchi Vagon xizmati 1988 yil tashkil etilgan. O’tgan davr mobaynida mazkur xizmat OKMK po’lat izli magistrallarining yuk o’tkazish hamda tashish quvvatlarini oshirishga xizmat qiluvchi muhim va yetakchi bo’g’inlardan biriga aylandi.

Hasan ABDULLAYEV

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech