A- A A+

Yangiliklar

Xodimlar salohiyati - kombinat istiqboli

on .

Kombinat ishlab chiqarish salohiyatining izchillik bilan yuksalib borishida, xususan, korxonaning ishlab chiqarish unumdorligini oshirish, uzluksiz va bir maromda ishlashini ta’minlash, iqtisodiy ko’rsatkichlarini yuqori cho’qqilarga olib chiqishda malakali, bilimli va o’z ishining ustasi bo’lgan kadrlar asosiy faktor sifatida ahamiyat kasb etadi.

Bugungi kunda mehnat bozorida ish izlayotgan har qanday odam taklif etilayotgan ishni tanlashda oylik maoshi, mehnat sharoiti hamda ijtimoiy imtiyozlariga qiziqishi tabiiy hol, albatta. Ma’lumot o’rnida shuni aytib o’tish kerakki, 2020 yil 1 iyul holatiga ko’ra, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ishchi-xodimlarining umumiy soni 36 970 nafarni tashkil etib, ularning 4 838 nafari muhandis-texnik xodimlar, 32 132 nafari ishchilar bo’lsa, 30 yoshgacha bo’lgan xodimlar soni 13 997 nafarni tashkil etadi. Kadrlarning sifat ko’rsatkichlariga to’xtaladigan bo’lsak, 5 793 nafar xodim oliy ma’lumotli, 22 418 nafari esa o’rta-maxsus ma’lumotga egadir. Kombinat xodimlarining o’rtacha yoshi 37 yoshni tashkil etib, 39 millat va elat vakillari faoliyat olib borishadi. Oxirgi 5 yil davomida kombinat ishchi-xodimlarining soni 7 791 nafarga ortgan.

Korxonani yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, xodimlarni maqsadli o’qitish va qayta tayyorlash, kadrlar boshqaruv tizimini takomillashtirish, xodimlarga munosib shart-sharoitlar yaratish, ularni mehnatiga yarasha rag’batlantirish, kadrlar zahirasini muntazam ravishda shakllantirib borish, xususan, kadrlar siyosatini to’g’ri tashkil etish kabi muhim masalalar borasida kombinat boshqaruv raisining xodimlar bo’yicha o’rinbosari Azim Mirzajonov bilan suhbatlashdik.

- Azim Hakimjonovich aytingchi, oliy ta’lim muassasalari bilan qanday hamkorlik yo’lga qo’yilgan? Va ushbu oliy ta’lim va kollej bitiruvchilarining qanchasi ish o’rinlari bilan ta’minlandi? 

- Ta’kidlash lozimki, kombinat ko’p tarmoqli sanoat korxonasi bo’lganligi sababli barcha kasblar va yo’nalishlarda mutaxassislar tayyorlash, ularning malakasini doimiy ravishda oshirib borish muhim omil sanaladi.

Shu bois kombinatning ishchi kuchi, malakali mutaxassisga bo’lgan ehtiyoji asosan yurtimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari, jumladan Islom Karimov nomidagi Toshkent Davlat Texnika Universiteti, Rossiya Federatsiyasining Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “MISiS” Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti, Toshkent Arxitektura va qurilish instituti hamda Respublikamizning Surxondaryo, Jizzax, Namangan va Toshkent viloyatlarida joylashgan Denov tog’-kon metallurgiya, G’allaorol sanoat, Pop kon-metallurgiya va servis, Olmaliq konchilik, Olmaliq kon-metallurgiya, Angren kimyo sanoati va Chirchiq sanoat kasb-hunar kollejlari bilan yaqin hamkorlik o’rnatilgan.

Mazkur ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini ishga qabul qilish jarayonida kombinat ehtiyojidan kelib chiqqan holda ularning egallagan bilim va ko’nikmalari, o’zlashtirish ko’rsatkichlari tegishli mutaxassislar tomonidan o’rganilib suhbat, imtihon sinovlari tashkil etiladi va eng munosiblari saralab olinadi.

Ma’lumot o’rnida aytish kerakki, oliy ta’lim muassasalari 2019 yil bitiruvchilarining 137 nafari va kollej bitiruvchilarining 500 nafarining bandligi ta’minlandi. Umumiy hisobda 2019-2020 yillarda jami 2 456 nafar fuqarolar ishga qabul qilindi. Respublikamizning 17 ta va 8 ta chet eldagi oliy ta’lim muassasalarining 700-800 nafar talabalari, shuningdek kombinat bilan hamkorlik qiladigan kasb-hunar kollejlarining 2 mingdan ortiq talabalari o’zlarining amaliy bilim va ko’nikmalarini oshirish maqsadida imzolangan shartnomalarga muvofiq yil davomida kombinat ishlab chiqarish ob’ektlarida diplomoldi va ishlab chiqarish amaliyotini o’tashadi.

Bugungi kunda kombinat talabnomasiga asosan, “MISiS” MTTUning kunduzgi va sirtqi bo’limlarida 13 ta mutaxassislik bo’yicha 112 nafar talaba hamda kombinat mablag’lari hisobidan Respublikamizning oliy ta’lim muassasalarida 6 ta mutaxassislik bo’yicha 316 nafar kombinat ishchi-xodimlari tahsil olishmoqda. “MISiS” MTTUning kombinat hisobidan o’qigan joriy yil bitiruvchilarining 40 nafariga mutaxassisliklari bo’yicha kombinat sex va bo’linmalarida ish o’rinlari hozirlab qo’yilgan. 

Bundan tashqari, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Rossiya Federatsiyasining Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasi “MISiS” Milliy tadqiqotlar texnologik universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetining Olmaliq hamda Termiz shaharlaridagi filiallarining Vasiylik kengashi a’zosi hisoblanadi. Mazkur oliy ta’lim muassasalari o’rtasida hamkorlik ishlari muntazam ravishda olib borilishi bilan birgalikda har tomonlama moliyaviy, moddiy ko’mak berib kelinmoqda.

- Ma’lumki, kombinat ishlab chiqarish quvvatlari yil sayin yuksalib, tarmoqlar takomillashib bormoqda. Bu o’z navbatida yangi zamonaviy texnologiyalar va qurilmalar bilan ishlashni taqozo etadi. Bunda ishchi-xodimlar malakasi muhim ahamiyat kasb etadi, albatta. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va istiqbol haqida nima deya olasiz?

- Xodimlar tomonidan ishlab chiqarish ob’ektlariga keltirilayotgan zamonaviy texnologiyalar va qurilmalarni tez va puxta o’rganib, xavfsizlik texnikasiga rioya qilgan holda o’zi va hamkasblarining salomatligiga salbiy ta’sir o’tkazuvchi omillardan shaxsiy himoya vositalari orqali to’g’ri himoyalanib faoliyat olib borishlari shart hisoblanadi. Bu borada kombinat xodimlarini MDH va chet eldagi turdosh bo’lgan korxonalarning faoliyati bilan yaqindan tanishishlari, ularda qo’llanilayotgan zamonaviy texnologiyalarni o’rganishlari uchun 22 mamlakatga jami 250 nafardan ortiq kombinat xodimlari xizmat safariga yuborildi.

Kombinat O’quv markazida 5 800 nafar ishchi-xodimlar va 1 789 nafar muhandis-texnik xodimlarning malakasi oshirildi. Yosh xodimlarning egallagan kasblarini mustaqil ravishda o’rganishlari va kerakli mutaxassislarning maslahatlarini olgan holda kasbga tez moslashishlari uchun sex va bo’linmalarda o’quv-amaliy poligonlar, barcha shart-sharoitlarga ega bo’lgan o’quv-uslubiy xonalar barpo etilgan bo’lib, xodimlarga u yerda kasblariga doir o’quv-uslubiy qo’llanmalar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan.  

2020 yil davomida 9 556 nafar xodimlarning malakasini oshirish rejalashtirilgan bo’lib, ta’lim sifatini oshirish maqsadida masofaviy ta’lim berish tizimiga bosqichma-bosqich o’tish ishlari yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik o’rnatilmoqda.

Olib borilayotgan barcha ezgu maqsadli ishlarning zamirida albatta, ishchi-xizmatchilarning manfaati birinchi o’ringa qo’yilgan. Misol tariqasida aytish mumkinki, 2019 yilda kombinatning tashkil topganiga 70 yil to’lishi munosabati bilan yurtboshimizning Farmoniga binoan, hamkasblarimizning 43 nafariga yuksak Davlat mukofotlari topshirildi. Bunday yuksak e’tibor barchamizni ruhlantirib, kelgusida erishilgan yutuqlarda to’xtalib qolmasdan, shaxdam qadamlar bilan yangi marralarni zabt etishga undaydi.

P/S: Yirik investitsiyaviy loyihalar doirasida kombinatda yangi ish o’rinlari yaratilmoqda, yangi texnikalar va qurilmalar xarid qilinib, ishlab chiqarish quvvatlari to’liq modernizatsiya qilinmoqda. Bularning barchasi albatta, ishchi-xodimlarning mashaqqatli mehnatini yengillashtirish, ular uchun munosib ish sharoitlarni yaratish demakdir. Kombinat nufuzining oshib borishida ishchi-xodimlarning manfaatlari yetakchi kuch sifatida namoyon bo’ladi, albatta.

Dilafro’z EGAMBERDIYEVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech