Yangiliklar

Kombinatning xotin-qizlar faoliyati o’rganildi

on .

O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati tomonidan hududlarda Prezidentimizning 2019 yil 7 martdagi «Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to’g’risida»gi qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar o’rganilmoqda.

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo’mitasi raisi o’rinbosari Nosirbek Abdullaxanov, Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo’mitasi raisi o’rinbosari Malika Kadirxanova, Respublika Markaziy bank boshqarma boshlig’i o’rinbosari Viktoriya Alekseeva, "Nihol" nodavlat-notijorat tashkilot direktori Shirin Rashidovalar hamda Toshkent viloyati Mahalla va oilani qo’llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig’ining birinchi o’rinbosari Ozoda Parpiboevalar Olmaliq shahrida bo’lishib, xotin-qizlarning bandligi va mehnat huquqlariga oid masalalarni o’rganishdi.

Ishchi guruh o’z faoliyatini «Olmaliq KMK» AJ faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Dastlab boshqaruv Ijro apparatida o’tkazilgan uchrashuvda Ishchi guruhga kombinat faoliyati, ishlab chiqarish jarayonidagi islohotlar, investitsion loyihalar, pandemiya sharoitida ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash, ijtimoiy qo’llab-quvvatlash siyosati haqida ma’lumot berildi.

Ayni vaqtda OKMK AJda 37 mingga yaqin ishchi-xodimlar mehnat qilishayotgan bo’lsa, 7 ming 600dan ziyodini xotin-qizlar tashkil etadi.  1700 nafarga yaqin ayollar turli rahbarlik, muhandis-texnik lavozimlarida faoliyat olib borishadi.

Kombinat tomonidan o’tgan 2019 yilda 588 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi. Ularning 184 nafari og’ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan, kam ta’minlangan, yolg’iz ona va 14 yoshgacha nogiron farzandi bor ayollardir. Joriy yilning o’tgan davrida 29 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bo’lgan xotin-qizlarning bandligi ta’minlandi.

Kombinatda 313 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, o’zi yoki oilasida nogiron farzandi bo’lgan xotin-qizlar kasanachilik asosida faoliyat olib borishmoqda.

Ayni vaqtda 1134 nafar ayollar ikki yoshgacha bola parvarishi bilan bog’liq mehnat ta’tilida bo’lishib, ularga belgilangan tartibda nafaqa to’lovlari amalga oshirilmoqda hamda ijtimoiy-huquqiy himoyasi to’la ta’minlangan.

Shahar aholisining ehtiyojmand qismini hamda kombinatda mehnat qilayotgan ijtimoiy muhofazaga muhtoj oilalar vakillari va xotin-qizlarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash - hamisha bosh maqsadimiz va ustuvor vazifamiz bo’lib kelgan.

«Mustaqilligimizning 27 yilligi» dahasida korxonamiz tomonidan qurib foydalanishga topshirilgan 20 ta ko’p qavatli uylar xonadonlari 400 ta uy-joyga muhtoj kombinat ishchi-xodimlari oilalariga imtiyozli ipoteka krediti evaziga taqdim etildi. Shu manzilning o’zida oilalar uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida, 90 o’rinlik bolalar bog’chasi tashkil qilindi va istirohat bog’i barpo etildi.

Bundan tashqari korxona tasarrufidagi kasb-hunar kollejlarida tahsil olayotgan 100 nafar kam ta’minlangan, o’qishi va o’zlashtirishi yaxshi talabalarga kombinat stipendiyasi tayinlandi.

Ikkita sanatoriy-profilaktoriy va beshta bolalar oromgohlarida ishchi-xodimlar va ularning farzandlarini sog’lomlashtirish ishlari muntazam tashkil etiladi.  

Kombinat tasarrufidagi 16 ta maktabgacha ta’lim muassasalarida 3 ming nafar kombinat ishchi-xodimlarining farzandlari  tarbiyalanmoqda.

4 nafar va undan ortiq farzandlari bo’lgan ishchi-xodimlar va ularning oilalari, xotin-qizlar uchun bepul sanatoriy va oromgohlarga yo’llanmalar beriladi.

Bundan tashqari Respublika miqyosidagi sport musobaqalarida kombinatimiz jamoasi, ayniqsa, ayollar guruhlari doimo yuqori natijalarni qo’lga kiritib kelmoqda.

Quvonarlisi, ayollarimiz istiqbolli innovatsion loyihalari va ilmiy izlanishlari bilan Respublika miqyosidagi «Eng yaxshi innovatsion loyiha» tanlovida har yili muvaffaqiyatli ishtirok etib kelishmoqda. 

Xotin-qizlarning mutaxassisliklari bo’yicha doimiy malakasini oshirib borish maqsadida, har bir soha yo’nalishi bo’yicha turli ko’rik-tanlovlar o’tkazib kelinadi, kombinat o’quv markazida malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.  

Umuman olganda, kombinat tomonidan mehnat jamoasini va xotin-qizlarni ijtimoiy, ma’naviy, huquqiy jihatdan qo’llab-quvvatlashga doir ishlar juda keng ko’lamda olib borilmoqda.

Bundan tashqari kombinat Saxovat va Mehribonlik uylariga,  maxsus maktab-internatlarga homiylik yordamlari ko’rsatib keladi va buni doimiy burch va vazifasi deb biladi.  

Senat ishchi guruhiga kombinat korxonalarida kasaba uyushmalari kengashlari va Xotin-qizlar komissiyalari tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy loyihalar, ma’naviy-huquqiy targ’ibot tadbirlari, mehnat huquqlarini himoya qilish va ishchi-xodimlarning oilalariga ko’rsatilayotgan ijtimoiy-moddiy yordamlar ko’lami haqida axborot berildi. 

Qayd etish joizki,  O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo’llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to’g’risida”gi qarori ijrosi yuzasidan kombinatda ayollar mehnati to’liq yoki qisman qo’llanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay bo’lgan ishlarga majburiy jalb qilish holatlari, shuningdek, ta’qiqlangan kasb va lavozimlarda xotin-qizlar mehnatidan foydalanish holatlari mavjud emas.

Shuningdek, ayollar bilan ular 60 yoshga to’lgunga qadar mehnat shartnomasini (shu jumladan muddatli mehnat shartnomalari) bekor qilish to’g’risida ta’qiq qo’yilmagan. Ularning faoliyati korxona mehnat samaradorligiga ta’sir ko’rsatmaydi, aksincha, bilim va tajribalaridan  foydalanib, ustoz-shogird tizimi yo’lga qo’ylgan.

Kombinatda xotin-qizlarning mehnat huquqlarini kafolatlashga oid barcha chora-tadbirlar jamoa shartnomalarining bandlariga kiritilgan va kasaba uyushmalari raislari tomonidan nazoratga olingan. Ishlab chiqarish jarayonida faol ishtirok etishib, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo’shib kelayotgan ayollarning fidokorona mehnatlarini kombinat hamisha qadrlaydi.

Senat ishchi guruhi tomonidan  kombinat xotin-qizlari faoliyati va mehnat huquqlari muhofazasi yuzasidan tashkil etilgan tizimli ishlar munosib baholandi.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech