A- A A+

Yangiliklar

Targ’ibot tadbirlari davom etmoqda

on .

Mamlakatimizda ishlab chiqarish salohiyati bilan nufuzli nomga ega bo’lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati korxonaning ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, uning barqaror faoliyat yuritishini ta’minlash, iqtisodiy ko’rsatkichlarni yuqori cho’qqilarga olib chiqishda malakali, bilimli va o’z ishining ustasi bo’lgan kadrlar bazasiga tayanadi.

Ma’lumot o’rnida shuni aytib o’tish kerakki, 2020 yil 1 iyul holatiga ko’ra, OKMK ishchi-xodimlarining umumiy soni 36 970 nafarni tashkil etib, ularning 13 997 nafari 30 yoshgacha bo’lgan yosh mutaxassislardir. Yoshlarning ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash, ularning mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda ishlashlari uchun shart-sharoit yaratish kombinat rahbariyatining hamisha e’tiborida bo’lib kelgan masalalardan biridir.

Albatta, har bir ishchi-xodim o’z mehnat faoliyati davomida salomatligiga katta e’tibor qaratishi, oilasi, farzandlari oldiga sog’lom qaytib borishi darkor. Buni ta’minlashning eng muhim omili bu - ishchi-xodimlarga, ayniqsa, yoshlarga mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalarining mazmun-mohiyatini to’g’ri tushuntirishdan iborat.

Shuni inobatga olgan holda kombinat rahbariyati tomonidan joriy yilning iyul oyi “Yoshlar o’rtasida mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalari buzilishining oldini olish oyligi” deya e’lon qilindi. Oylik doirasida Yoshlar ittifoqi hamda Mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’limi bilan hamkorlikda “Biz xavfsiz mehnat tarafdorimiz!” shiori ostida dastur ishlab chiqilib, unda har bir xodimning salomatligi rahbariyat va ish samaradorligi uchun naqadar muhim ekanligi o’z aksini topgan.

Dastur doirasida kombinat korxona va tashkilotlarida turli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Dasturda eng katta urg’u yoshlar o’rtasida targ’ibot ishlarini olib borish mexanizmini takomillashtirish va uni zamonaviy usulga o’tkazishga qaratilgan. Shuningdek, “Yoshlar xavfsiz mehnat tarafdori” shiori ostida e’lon qilingan xesh-tegda kombinatning barcha yoshlari ishtirok etib, o’z tengdoshlarini ogohlikka chaqirmoqdalar. Yoshlar tomonidan mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishni targ’ib qiluvchi qiziqarli video-roliklar tayyorlangan holda ijtimoiy tarmoqlarda berib borilmoqda.

Korxonalarda kasaba uyushmasi qo’mitalarining mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’yicha vakillari yoshlar ichidan saralab olinmoqda. Va ular sexlar o’rtasida rotatsiya qilinib, tajriba oshirishlari belgilab olingan. Korxonalar MM va XT bo’limlariga yosh mutaxassislarni malaka oishirish uchun farmoyish asosida biriktirish vazifalari ham dasturdan joy olgan.

Baxtsiz hodisalarni keltirib chiqargan omillar, ularning oqibatlari haqidagi  video va foto materiallarni yoshlar o’rtasida havola qilish, ularning bundan keyingi faoliyatlarida xavfsizlik texnikasi bo’yicha bilim va ko’nikmalarini yanada mustahkamlashga ko’maklashish tadbirning asosiy mohiyati bo’lmoqda.

Yoshlarning taklifi bilan sexlardagi MM va XT talablarini targ’ib qiluvchi, ko’rsatuvchi va ta’qiqlovchi belgilarni davlat tilida ko’paytirish, targ’ibot bannerlarining sonini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ish taqsimlash vaqtida ishchilarga yanada aniq yo’riqnomalar berilishini ta’minlash maqsadida korxonalarda video-yo’riqnomalar tayyorlanmoqda.

Bu kabi targ’ibot tadbirlari nafaqat oylik doirasida, balki doimiy, tizimli ravishda bo’lishi albatta, maqsadga muvofiq bo’ladi.

Dilafro’z EGAMBERDIYEVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech