Yangiliklar

Yuqori sur’atlar va marralar

on .

Yillik ishlab chiqarish quvvati 1,5 mln. tonna sement ishlab chiqarishni tashkil etadigan Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Sherobod sement zavodi joriy yilning yanvar oyidan iyul oyigacha bo’lgan davrda 465,3 ming tonna sement va sement mahsulotlarini ishlab chiqarishga muvaffaq bo’ldi. 1200 nafar ishchi-xodimlardan iborat jamoa oldiga kombinat eksport salohiyatini rivojlantirish vazifasi qo’yilgan holda yil boshidan buyon qo’shni Afg’oniston Respublikasiga 3,0 mln. AQSH dollariga teng, ya’ni 53, 2 ming tonna sement mahsuloti eksport qilindi.

Shuni alohida ta’kidlab o’tish kerakki, mazkur zavodning qurilishi xom ashyo konlarini o’zlashtirishni, yordamchi infratuzilmalarning tashkil etilishini, shu jumladan, temir yo’l qurilishini talab qildi. Zavodning ishga tushishi Respublikaning janubiy qismini sement mahsuloti bilan ta’minladi. Korxonaning ushbu joyda ochilishining o’z sabablari bor: sement ishlab chiqarilishi uchun zarur foydali qazilmalar koni juda yaqin masofada joylashgan. 26 km uzoqlikda ohaktosh, gips tarkibli va tuproq karyerlari joylashgan.

Zavod ishlab chiqarish quvvatlarining mudom yangilanib, yuksalib borishida barcha jamoalar ishchi-mehnatkashlarining sifatli va samarali mehnatlari muhim o’rin tutmoqda. Ularning zahmatkashligi, o’z ishiga puxtaligi va jonbozliklari tufayli zavod yuqori marralar sari qadam tashlayapti, desak mubolag’a bo’lmaydi. Xususan, ular safidagi Kuydirish sexi mexanigi Z.Xoliqov, kuydirish pechi mashinisti A.Xurramov, mazkur sex texnologi X.Bekmurodov, kompressor mashinisti Sh.Allamurodova, tegirmon mashinisti O’.Xolmurodov, ta’mirlovchi-chilangar X.Kenjayev kabi fidoyi ishchi-xodimlarning faxrli nomlarini e’tirof etish mumkin.

Hozirga kelib zavodda ming nafardan ziyod ishchi-xodimlar faoliyat yuritar ekan, ularning aksariyatini yoshlar qatlami tashkil etadi. Mehnat ahlining ijtimoiy manfaatlarini ta’minlash, ularning yashash sharoitlarini yaxshilash maqsadida 90 o’ringa mo’ljallangan 15 ta turar-joy kottejlari, 600 o’rinlik 5 korpusdan iborat yotoqxonalar bunyod etildi.

Barchamizga ma’lumki, hozirgi vaqtda har qanday ishlab chiqarishda ushbu ishlab chiqarilayotgan mahsulot birligi uchun sarflanayotgan barcha turdagi energiya resurslarining, xoh elektr energiyasi yoki gaz yoqilg’isi bo’lsin, har birimizdan ushbu sarflanayotgan energiyadan samarali foydalanib, uni iqtisod qilish taqozo etiladi, ya’ni bir so’z bilan aytganda, ishlab chiqarishda uzluksiz ravishda energiya samaradorligiga erishish lozim. Bu masala yagona elektr tarmog’idan soatiga o’rtacha 22 ming kVt elektr energiya iste’mol qiluvchi Sherobod sement zavodi uchun ham muhimdir. Zero, har hisobot oyi yakuni bilan 6 mlrd so’mga yaqin elektr energiyasi uchun mablag’ to’lanadi. Korxona sement mahsuloti ishlab chiqarish jarayonining boshidan oxirigacha ishtirok etadigan barcha asosiy elektr yuritmalarda elektr energiyasini tejash ko’zda tutilgan holda texnologik qurilmalarning ushbu asosiy elektr yuritmalari 50ga yaqin zamonaviy chastota o’zgartirgichli elektron qurilmalar orqali boshqarilishi bois zavodda sarflanayotgan elektr energiyasi tejamkorligi qo’lga kiritilayotgani diqqatga molikdir. Shuningdek, zavodning elektr iste’molchilarida kondensatorli kompensatsiyalovchi qurilmalarning o’rnatilganligi elektr qurilmalarining energiya koeffitsentini oshirishga xizmat qilmoqda. Ushbu uskunalarni beto’xtov va samarali ishlatishda Energiya ta’minoti sexi katta ustasi T.Xonnazarov kabi yosh mutaxassislar jonbozlik ko’rsatmoqdalar. Bu mutaxassislarning sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda zavod bir tonna mahsulot birligiga sarflanayotgan elektr energiyasi ko’rsatgichida energiya samaradorligi bo’yicha respublikamizdagi mavjud sement zavodlari orasida yetakchilik qilayotgani quvonarli holdir.

Xulosa qilib aytganda, Sherobod sement zavodining tashkil etilishi ham ichki, ham tashqi bozorda talabgir bo’lgan sement ishlab chiqarish jarayonlariga o’ziga xos tarzda ijobiy ta’sir ko’rsatish bilan bir qatorda yuqori samaradorlikka erishib kelmoqda. Ishlab chiqarishdagi unumdorlik va omilkorlikni ish mohiyatining asosi qilib, yangi marralar sari dadil odimlayotgan Sherobod sement zavodiga ishlab chiqarishda ulkan muvaffaqiyatlarni tilab qolamiz.

Dilafro’z EGAMBERDIYEVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech