Yangiliklar

Mehnat ziynatlagan umr

on .

Sen o’zing sevgan kasbingni to’g’ri tanlay bilsang bir umr ishlamaysan, balki zavqlanasan. (E.Karnegi)

... Po’lat qiroli sifatida millionlar egasi bo’lgan Endryu Karnegining bu so’zlarini o’z kasbiga sadoqat bildirib, “professional” degan e’tirof egasi bo’lgan insonlarni uchratganimizda teranroq tuyamiz, his etamiz. Professionallar odatda juda kam gapirishadi, juda aniq fikrlaydilar. Va insonda samimiy taassurot uyg’ota biladilar. Bu galgi qahramonimiz Kovuldi koni direktori Otabek Rustamov bilan bo’lgan suhbatimiz ana shunday bo’ldi. Kombinat tashkil topganligining 70 yilligi munosabati bilan “Shuhrat” medali sohibi bo’lgan Otabek Ilhomjonovich 40 yillik mehnat tarixiga ega bo’lgan Kovuldi konida mana 20 yildirki faoliyat yuritib kelmoqda. 2000 yildan buyon konda yer osti uchastkasi ustasi, 2011-2013 yillarda Xonjiza kon boshqarmasida bosh muhandis, 2013 yildan esa Kovuldi koni rahbari sifatidagi faoliyat yo’llarini bosib o’tgan qahramonimiz 2017 yilda III darajali “Konchilik shuhrati” unvoni sohibi bo’ldi.

-Menga berilgan “Shuhrat” medali, umuman unvonlarimiz haqida gapirar ekanmiz, avvalo, bu jamoaniki degan bo’lardim. Eynshteynning bir gapi bor: “Men nisbiylik nazariyasini ajdodlarim yelkasida turib yaratdim”. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, menga berilgan mukofotlar ortida mehnatda toblangan aziz va qadrdon jamoamning beqiyos hissasi borligini har lahzada his etaman. Bosh energetik Ilhomjon Tog’ayev, shaxta boshlig’i Aleksandr Savinok, ruda tayyorlash uchastkasi boshlig’i Alisher Hayitov, lahm o’tuvchi Xayrulla Alimov, elektr chilangari Erkin Xoljumanov, Shaxta chilangari Abduaxat Abdujalilov va yana bir qator mehnat jabhasidagi safdoshlarimning mehnati, zahmati bilan kon ishlab chiqarish jarayonlarida mudom yuqori sur’atlarini ko’rsatib kelmoqdamiz. Kovuldi jamoasida 452 nafar ishchi-xodim mehnat qilar ekan, ularning biri menga aka, yana birlari uka, yana birlari birodarim va farzandim kabi dilga yaqindir. Ularning kondagi jonbozligi, fidoyi mehnati bir inson sifatida, rahbar sifatida menda hamisha faxr va iftixor tuyg’ularini uyg’otadi,-deydi qahramonimiz Otabek Rustamov.

...Jarrohlar uchun barmoqlarning uzunligi va ularning sezgi darajasi kasbiy zarurat ekan. Va yoki Yaponiyada sushi pishiradigan restoranlarda bu ovqatni faqat erkaklar tayyorlashadi. Aytishlaricha, ularning qo’llarida sushini mazali qiladigan energiya bo’lganligi uchun shunday tartib qabul qilingan. Xo’sh, Konchi uchun qay jihatlar kerak bo’ladiki, bu xususiyatlar uning uchun foyda bo’lsa.

-Konchi uchun yurak sezgilari qanchalik muhim bo’lsa, xotirasining kuchli bo’lishi shunchalik ish jarayonida as qotadi. U qayerda qanday lahm borligini mukammal darajada eslab qola bilishi kasbiy zarurat deb bilaman. Kon rahbarimiz shu xislatlari qatorida talabchanlik, ko’pincha to’g’ri va xolis qaror chiqara bilishi kabi jihatlari bilan menda chuqur hurmat qozona olgan. Biz yoshlar uchun USTOZ maqomidagi Otabek Ilhomjonovichga eng ezgu tilaklarimni bildirib, kon ishlab chiqarish salohiyatining yuksalishida yangi muvaffaqiyatli odimlarni tilab qolaman,-deydi mehnat muhofazasi va xavfsizlik texnikasi bo’limi muhandisi Sarvar Abdujalilov.

...Kasb insonni emas, INSON kasbni bezaydi, deyishadi. Konchi degan mashaqqatli va zahmatkash kasbni qalb qo’ri, yurak tafti bilan seva olgan va kasbni bezagan qahramonimizning hayot yo’li jonbozlik, o’z kasbiga sado- qatning yorqin timsoli sifatida zamondoshlarimiz uchun IBRAT bo’lsa, ne ajab.

Dilafro’z EGAMBERDIYEVA,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech