Yangiliklar

Zamonaviy texnologiya ishlab chiqarish yo’lida

on .

“Olmaliq KMK” AJda kon qazib olish ishlarini amalga oshirish, foydali qazilmalarni qazib olish va ularni keyinchalik qayta ishlash borasidagi ishlarni tashkil qilishning zamonaviy usullarini joriy etishni ta’minlash, rangli va nodir metallarni chuqur qayta ishlash asosida eksportga yo’naltirilgan tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmini oshirishga qaratilgan mineral-xom ashyo bazasini kengaytirish hamda rangli va nodir metallarning yangi ruda konlarini o’zlashtirish borasida olib borilayotgan ishlarda Ixtisoslashtirilgan ta’mir ishlari boshqarmasining o’rni va mavqei alohida.

Texnologik uskunalar va quvur uzatmalari, metall qurilmalari, yuk ko’tarish mashinalarida kapital va joriy ta’mirlarni o’tkazishga, gaz tozalash va ventilyatsion qurilmalarni ta’mirlash va ishlab chiqarish, bino va inshootlarda kapital ta’mir hamda kimyoviy himoya ishlarini olib borishga ixtisoslashgan mazkur boshqarma uchastkalari ish ko’lami yildan yilga oshib bormoqda. Shuningdek boshqarma jamoasi temir-beton qurilmalarini tayyorlash, issiqlik energetika uskunalarini ta’mirlash, kapital qurilish boshqarmasi ob’ektlarida ta’mir-qurilish ishlarini olib borish, sanoat markazga intilma va o’q-o’zakli ventilyatorlarni OKMK sexlari uchun tayyorlab berish vazifalarini ham izchillik bilan bajarib kelmoqda.

-Boshqarma uchastkalari tomonidan olib borilayotgan korxonalarni texnik qayta qurollantirish va qayta jihozlash ishlari OKMKning sex va bo’linmalarida amalga oshirilayotgan kapital hamda joriy ta’mirlar muhlatini qisqartirish va sifatini oshirishga xizmat qilishiga yo’naltirilgan,- deydi boshqarma bosh muhandisi Ozodjon Mirzaraimov.- Birgina yilning birinchi yarmida ITIB tomonidan 38 419 702 ming so’mlik ta’mir montaj ishlari bajarilgan holda 6 oylik bashorat ko’rsatkichlari 110,1 %ga bajarilishiga erishildi. Shu bilan bir qatorda «Olmaliq kon-metallurgiya kombinati» AJning ishlab chiqish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar to’g’risida»gi Prezidentimiz Qarori doirasida Rux zavodi, MEZ va MBFsi ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish doirasida 5 734 247 ming so’mlik ishlar amalga oshirildi. Azamat Mavlyanov rahbarlik qilib kelayotgan texnologik uskunalarni ta’mirlash uchastkasi jamoasi tomonidan Mis boyitish fabrikasi, Mis eritish zavodi, Rux zavodi hamda kombinatning bir qator korxonalaridagi eng asosiy texnolgik jihozlar va qurilmalarni ta’mirlash va yangi uskunalarni montaj qilish borasida yirik hajmdagi ishlarni bajarib boradi. Mazkur uchastka ta’mir montajchilari tomonidan yilning birinchi choragi uchun belgilangan rejalar 121,1% ga ortig’i bilan bajarilishiga muvaffaq bo’lindi. Ushbu mehnat yutug’iga Solijon Xolmatov va Xayrulla Arslonboyev kabi ishchi-xodimlar o’zlarining munosib ulushini qo’shishdi. Boshqarmaning eng tajribali va tashabbuskor muhandis- texnik xodimlaridan biri bo’lgan Baxtiyor Xodjimuratov rahbarligi ostida faoliyat yuritib kelayotgan metall qurilmalari va yuk ko’tarish mexanizlarini kuzatib borish va ta’mirlashga ixtisoslashtirilgan №2 uchastkamiz tomonidan STTBning 1-TYS ga yuk ko’tarish quvvati 50 tonnani tashkil qiladigan minorali kran montaj qilinishi bilan hisobot yili boshlab berildi.

Ushbu uchastka jamoasi tomonidan Rux zavodining Kuydirish va Veltslash sexlariga greyferli ko’prikli kranlar montaj qilinishi o’z vaqtida yakuniga yetkazilib foydalanishga topshirildi. Yuk ko’tarish quvvati 20 tonnani tashkil qiladigan ko’prikli kran MTMZning yangi uchastkasiga montaj qilinishi kuni kecha yakunlandi. Ayni paytda uchastka ta’mir- montajchilari MBF Mis molibden kontsentratlarini saralash va quritish sexining yangi filtr-quritish uchastkasiga yangi ko’prikli kranni montaj qilish ishlarini boshlab yuborishgan. Bundan tashqari, uchastka ishchi-xodimlari kombinat korxonalaridagi barcha yuk ko’tarish kranlari va mexanizmlari ularning metall qurilmalari, rels osti yo’llarida profilaktik nazorat ishlarini ham keng miqyosda olib borishmoqda. Ishlab chiqarish ustasi Javohir To’raqulov, ta’mirchilar Nasriddin Nishonov, Sergey Ryabtsyev, Islom O’sarov va gaz elektr payvandlovchilar Rifat Salavatov hamda Davron Abdumalikovlar yuqoridagi vazifalar sifatli bajarilishida jonbozlik ko’rsatib kelishmoqda. MBF, MEZ, 2-MBF va Rux zavodidagi gaz tozalash va ventilyatsiya qurilmalarida olib boriladiga kapital, joriy ta’mir ishlari va ularning metall qurilmalari hamda ventilyatsiya va aspiratsiya jihozlarida amalga oshirib kelinayotgan ta’mir ishlari joylarda maqbul ish sharoitlari va toza havo muhitini ta’minlash, atmosferaga zararli tashlanmalar chiqib ketishining oldini olishga yo’naltirilgan. Mazkur vazifalar ijrosi Dilshod Mamajonov boshchiligidagi №3 uchastka jamoasi zimmasiga yuklatilgan.

Uchastka jamoasi tomonidan shahar sanitar osoyishtalik epidemiologik markazi qoshida zamonaviy virusologiya laboratoriyasining ventilyatsiya va shamollatish tizimlarini to’liq yangilashda faol ishtirok etdi. Ushbu uchastkaning Ulug’bek Ummatov, Rustam Yusupov va Botir Hamroyev kabi ishchi- xodimlar nomini alohida ta’kidlab o’tish lozim. Angren konchilari bilan hamkorlikda faoliyat yuritib kelayotgan Shavkat Salibov boshchiligidagi Temir-beton konstruksiyalari ishlab chiqarish va texnologik uskunalarni ta’mirlash uchastkamiz jamoasi ham yuqori ko’rsatkichlarni qayd etib kelmoqda. Birgina yilning birinchi yarim yilligida uchastka jamoasi 5 156 534 ming so’mlik muhim qu- rilish qurilmalari ishlab chiqargan holda o’z zimmasidagi vazifalarni 115,5% ga ortig’i bilan bajarishga muvaffaq bo’ldi. Issiqlik energetika qurilmalarini ta’mirlash, Sanoat binolari va inshootlarini ta’mirlash va kimyoviy himoya qilish uchastkalarimizda ham barcha ishlar yuqori tashkilotchilikda olib borilmoqda. Bugungi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqqan holda boshqarma ma’muriy idorasi barcha uchastkalarda dezinfeksiyalash ishlarini yo’lga qo’ygan. Ishchi-xodimlar salomatliklarini doimiy kuzatib borish, zarur himoya vositalari bilan ta’minlanishi qat’iy nazorat ostiga olingan. Ayni davrga kelib boshqarma mehnat jamoasi safi iqtidorli, serg’ayrat yoshlar hisobiga kengayib bormoqda. ITIB da 443 nafar yoshlar mehnat qilib kelayotgan bo’lsa shularning 41 nafari oliy ma’lumotli mutaxasislar hisoblanadi. Bu yosh mutaxassislarning 25 nafari muhandis-texnik xodim lavozimlariga tayinlangan. 42 nafar tajribali ishchi-xodimlardan iborat bo’lgan ustoz-murabbiylar yosh hamkasblarimizga biriktirilgan holda sohamizning muhim qirralari qunt bilan o’rgatilishi yo’lga qo’yilgan.

Xulosa qiladigan bo’lsak, yangi yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni bunyod etish va foydalanishga topshirish, yangi ish joylari yaratilishi, muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish jarayonlarining asosiy ijrochilaridan biri bo’lgan ITIB bugun o’z an’analariga sodiq qolgan holda zimmadagi vazifalarni izchil bajarib bormoqda.

Hasan ABDULLAYEV,

muxbir

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech