A- A A+

Yangiliklar

OKMKdan yangi mahsulotlar

on .

Palladiy metallini sof holda olishga erishgan Olmaliq kon metallurgiya kombinati mutaxassislari yana olti xil yangi mahsulot ustida tadqiqot ishlari olib borishmoqda. 2019 yilda tashkil etilgan “Olmaliq KMK” AJga qarashli O’zbek-Koreya nodir metallar ilmiy-texnologik markazi qoshidagi tajriba sinov sexida tadqiqot va izlanishlar muvaffaqiyatli olib borilib, yangi mahsulotlar namunalarini olishga erishildi.

Chirchiq shahrida joylashgan ushbu markaz qoshida Kompozit va istiqbolli materiallar va nanotexnologiyalar laboratoriyasi, Materiallar tuzilishi tadqiqot qilish laboratoriyasi, Qattiq qotishmalar laboratoriyasi hamda Tajriba sanoat sexi o’z faoliyatini olib bormoqda.

Markaz mutaxassislari kompozit materiallar, nanomateriallar va nanokukunlar, funktsional gradiyent materiallar, qattiq qotishmalarning texnogen chiqindilarini qayta ishlab kobalt ajratib olish, pishirish va termo qayta ishlash jarayonini matematik modellashtirish yo’nalishlarida ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borishadi. Bu tadqiqotlar natijasida yangi mahsulotlarning namunalarini olishga ham erishishdi.

Kompozit va istiqbolli materiallar va nanotexnologiyalar laboratoriyasi mudiri Amir Abidov:

- Eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan ushbu markazimizda bugun volfram, molibden nanokukunlari, volfram mis elektrodlari, volframli tormozli nishon, vakuumda qoplamalar olish uchun mis, volfram, rux, molibden nishonlari va turli xil gradiyent materiallar olinmoqda.

Nanokukunlar hozirda tobora ommalashib borayotgan 3D texnologiyasida ishlatiladi. Mazkur texnologiya yordamida bugungi kunda tibbiy protezlar, murakkab formali detallar yaratiladi. Olib borilgan tadqiqot va izlanishlar natijasida mutaxassislarimiz ularning ilk namunalarini olishga muvaffaq bo’lishdi.

Hozirgi kunda nanokukunlar asosida yuqori sifatli, nazariy zichligiga teng zich materiallar ham olish mumkin. Ilmiy ishlab chiqarish birlashmamizda ushbu nanokukunlar asosida qattiq qotishmalar ishlab chiqarilib, burg’ulash tojlariga (koronkalariga) o’rnatiladi. Tayyor mahsulotdan esa OKMK tog’-kon korxonalarida keng foydalanilmoqda.

Yutuqlarimizdan yana biri, O’zbekistonda ilk bor funktsional gradiyent materiallar ishlab chiqarishga erishdik. Bunday kompozitlar ikki xil materiallardan iborat bo’lib, biridan ikkinchisiga konsentratsiyasi 0 dan 100%gacha o’zgarib boradi. Masalan, bir tarafi po’latdan iborat bo’lib, ikkinchi tarafga qarab qattiq qotishmaga o’zgarib boradi. Bunday materialning asosi mustahkam po’lat bo’lib, ustki qismi esa kerakli ravishda qattiq qotishmaga aylanadi va nodir metallar ishlatilishi tejaladi. Bu texnologiya hozircha O’rta Osiyoda yagona, analoglari yo’q bo’lib, uning yordamida korxonamizda keramika/metall, qiyin eruvchan/tez eriydigan materiallar, polimer/alyuminiy kabi gradiyent materiallar olish mumkin.

Markaz xodimlari hamda ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish bo’limi, texnik bo’lim bilan hamkorlikda mustahkamlashtiruvchi va funktsional qoplamalar, changlatishga nishonlar ishlab chiqarish uchun ham dastlabki qadamlarni qo’yishdi. Bu yo’nalishda ham ilk namunalar olindi. Navoiy kon-metallurgiya kombinati buyurtmasi asosida gamma nurlanish spektrometri uchun volfram/misli tormozli nishonlar tayyorlab berildi. Hozirgi paytda ushbu nishonlar tajribadan o’tkazilmoqda.

Ta’kidlanganidek, yangi mahsulotlar namunalari sanoat tajribalaridan muvaffaqiyatli o’tsa, ishlab chiqarishga tatbiq etiladi. Mahsulotlarning asosiy xaridori mashinasozlik, energetika, tog’-kon ishi, metallurgiya kabi sohalarda faoliyat olib boruvchi korxonalardir. Bundan tashqari, ushbu mahsulotlarga kombinatning Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi, Mis eritish zavodlarida va Qalmoqqir konida ham ehtiyoj bor. Misol uchun, mis/volfram elektrodlari asosan, Rossiya va Xitoydan import qilinishini e’tiborga olsak, ushbu mahsulot o’zlashtirilsa, katta natijaga erishiladi. Mazkur elektrodlar volfram, mis va boshqa elementlardan iborat bo’lib UzAutoMotors korxonasida ham sinovdan muvaffaqiyatli o’tkazildi.

Yana bir misol, mis/volьfram gamma nurlanish spektrometrining tormozlash nishoni. Bu nishon bir tarafi volfram, ikkinchisi esa misdan iborat bo’lib, vakuumli issiq press uskunasida ishlab chiqarilgan. Mis 1083o C eriydi, volfram esa 3300o C. Odatda bunday ikki xil material yelim bilan yopishtiriladi. Kombinat mutaxassislari tomonidan kukun metallurgiyasi usuli bilan bu ikki metall muvaffaqiyatli pishirildi va zich kompozit qotishma hosil qilindi. Hozirgi paytda u ham “Navoiy KMK” AJda sinovdan o’tkazilmoqda. Bu ham 100% import mahsuloti hisoblanadi. Quvonarlisi, ushbu tormozlash nishoni mahalliylashtirish dasturi mahsulotidir.

Bundan tashqari, markazda seolit materialidan biogazdan uglerod dioksidi ajratib olish uchun maxsus filьtr plastina ishlab chiqarilmoqda. Bu plastina uchqunli plazma usulida xech qanday qo’shimchalarsiz toza seolit kukunidan pishirilgan va uning muhim xossalarini (g’ovakligi, sirtki yuzasi, va h.) saqlab qolgan. Hozirgi paytda mazkur filtr plastinalari ham sinovdan o’tkazilmoqda.

Shuningdek, korxonaning texnogen chiqindi omboridan qayta ishlash yo’li bilan mis va kobalt elementlarini ajratib olishga ham erishildi. Bu esa o’z navbatida materiallarni tejash va atrof-muhitni muhofaza qilishga munosib hissa bo’lib xizmat qilishi shaksiz.

Bugungi kunda markaz mahalliylashtirish dasturi asosida yuqori haroratli issiqlik o’tkazuvchi materiallar, plazmaga yo’naltirilgan materiallarni o’zlashtirish borasida ham izlanishlar olib borilmoqda.

Bir so’z bilan aytganda, OKMK mutaxassislari olib borilayotgan ilmiy-texnologik tadqiqotlar natijasida ishlab chiqarishga yangi mahsulotlar taqdim etilmokda.

OKMK Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech