Yangiliklar

Qalmoqqirning qadrdoni

on .

Insonning umri necha yil yashagani, lavozimi yoki qancha boylik to’plagani bilan o’lchanmaydi. Shuningdek, el e’tiborini qozonish uchun favqulodda jasorat ko’rsatish ham shart emas. Halol mehnat, kasbini sevish, el koriga yarash, oqil farzand va shogirdlar tayyorlash orqali ham umrdan istagancha mazmun topish mumkin.

Qalmoqqir koni Markaziy karyeri boshlig’i Turg’un Bo’riboyev kuni kecha o’z qadrdon jamoasi bilan xayrlashib faxriylikka kuzatilgan tadbirdan so’ng shu fikrlar xayolimizdan o’tadi. Salkam yarim asr konchilik kasbining zahmatlarini tortgan bu inson 1974 yilda Qalmoqqir koni Mexanika sexida oddiy ta’mirchi-chilangar sifatida mehnat faoliyatini boshlagan. Aynan shu yili Toshkent Politexnika institutining kechki Olmaliq fakulteti talabasi bo’lish baxtiga muyassar bo’lgan Turg’un Tursunovich harbiy xizmatni o’tab qaytgach, kombinatning bosh konida faoliyatini davom ettirishga qaror qildi. Tog’-kon muhandisi diplomiga ega bo’lgan holda burg’ulovchilar smenasiga rahbarlik qilish bilan o’z sohasining muhim jihatlarini o’zlashtirib bordi. Karyer bosh muhandisi, karyer boshlig’i sifatida faoliyat olib borgan yillar Turg’un Bo’riboyev uchun yetuk mutaxassis sifatida shakllanish davri bo’lib qoldi. Dunyodagi eng yirik mis-molibden rudalari konining eng qaynoq nuqtasiga rahbarlik qilish kishidan yuksak bilim, sabr va mahoratni talab qiladi. Turg’un Tursunovichning yuzlab shogirdlari bugun u kishining izidan bormoqda. Qadrdon jamoasigaga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilib kelgan T.Bo’riboyev ibratli oila sohibi ham bo’la oldi. Ota izidan borgan Farrux Qalmoqqir kon boshqarmasining eng serg’ayrat, izlanuvchan ta’mirchisi sifatida tanilgan bo’lsa, oilaning ikkinchi farzandi Shavkat Sharqiy karyerining energetika tizimiga rahbar. Konchi sulolasining uchinchi vakili Furqat Emulsion portlatish materiallari zavodining apparatchisi sifatida kombinat konlarida portlatish ishlari olib borilishiga hissa qo’shib kelayapti.

Kombinat mehnat faxriysi, III va II darajali “Konchilik sharafi” ko’krak nishoni sohibi hamkasblar va shogirdlar ehtiromi bilan faxriylikka kuzatilayotgan lahzalarda mamlakatimizning iqtisodiy qudratini yuksaltirish, kon-metallurgiya sanoatini zamonaviy texnologiyalar asosida rivojlantirish va uning barqaror faoliyatini ta’minlash, eksport salohiyatini oshirish yo’lida boshlab yuborilgan dasturlar ijrosida qadrdon hamkasblariga muvaffaqiyatlar tiladi.

Ozod ABDURAYIMOV,

Qalmoqqir KB kasaba uyushmasi qo’mitasi raisi

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech