Yangiliklar

“Edelveys: “Cho’qqidagi gul” ramzi

on .

Inson qadami yetmagan, faqat qoya va cho’qqilarda gullab yashnaydigan va quyoshga talpinadigan bir gul bor... Nomi EDELVEYS. Kumushrang bu gul sevgi va sobitqadamlik, sadoqat ramzi hisoblanadi.

Go’zal insoniy fazilatlar ramzi bo’lgan bu nom ostida mana 25 yildirki faoliyat yuritib kelayotgan “Edelveys” raqs dastasining yutuqlariga boqarkanmiz, zamini qoyalar bo’lgan, faqat cho’qqida gullab cho’qqilarga talpinadigan o’sha kumushrang gul jasoratini, shijoatini tuyasiz. Asosan milliy xalq raqslari bilan turli darajadagi xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib muvaffaqiyat qozonib kelayotgan “CHO’QQIDAGI GUL” ya’ni, “EDELVEYS” raqs jamoasi mana yana bir nufuzli Gran-priga sazovor bo’ldi. “Metallurg” madaniyat saroyining iste’dodli xoreografi Yuliya Koldakova rahbarligidagi “Edelveys” Xalq raqs dastasi “Morskoe siyanie” San’at va Ijod Xalqaro tanlov festivalining Gran-pri sohibi va ikkita birinchi darajali diplomlariga sazovor bo’ldi. Onlayn tizimda o’tkazilgan mazkur tanlov kuni kecha Rossiyaning Sochi shahrida bo’lib o’tdi.

Jilokor raqs tarixi

Maftunkor raqs harakatlari ifodalangan ilk suratlar eramizdan avvalgi 4 asrda qadimgi Gretsiyada paydo bo’lgan ekan. Yevropada birinchi raqs akademiyasiga 1661 yilda Fransiya qiroli Lyudovig XIV tomonidan Parijda asos solinadi. Bugungi kunda raqsning o’nlab emas yuzlab turlari mavjud. Shuningdek, uning o’ziga xos qirollari yoki qirolichalari ham bisyor. 1985 yilda jahonda eng ko’p kishi bir vaqtning o’zida raqsga tushib, Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan raqs turi bu - Kuba milliy raqsi Konga hisoblanadi. 1988 yilda Konga raqsini ijro qilishda 119 986 kishi ishtirok etgan.

Yoshlar o’rtasida juda qadrlanadigan Breyk Dans raqsini bilasiz. Breyk Dans tarixiga yuzlanadigan bo’lsak, u 1970 yillarda Nyu Yorkning Bronks tumanida o’ylab topilgan ekan. 1990 yillarga kelib esa raqs sifatida butunlay shakllanib bo’lib butun dunyoga keng yoyilgan. Hind raqsi bo’yicha jahonda birinchi va hozirgacha oxirgi bo’lgan rekordni hindistonlik Kalamandalam Xemalente o’rnatgan va Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan. U yuzlab muxlislar oldida 123 soat-u 15 daqiqa hind raqsini to’xtovsiz ravishda ijro etgan.

Styuardessadan konchiga...

Hozirga kelib 160 nafardan ziyod raqqoslarni birlashtirgan “Edelveys” raqs dastasi kombinatning turli mehnat jabhalarida faoliyat yuritayotgan ishchilarning borligini kishini quvontiradi. Ahamiyatlisi, jamoa badiiy rahbari, “Shuhrat” medali sohibasi Yuliya Koldakova turli kasb egalarini raqsga bo’lgan yuksak munosabat bilan raqs jamoasiga jamlay olgan.

-Bilasizmi, 25 yillik goho quvnoq, goho shodon, goho g’oliblikka erisha olmasdan umidsiz bo’lib qaytgan kunlarimiz, umuman raqs bilan bog’liq hayotimiz davomida ko’plab shogirdlarni ulg’aytirdik. Bugun ular ichida styuardessa, konchi yoki yurist ham topiladi. Ular jamiyatda boshqa kasbni tanlagan bo’lsalar ham raqsga bo’lgan ulkan sadoqatlari bilan jamoada e’tirof va e’tibor qozonib kelishmoqda. Biz erishgan va erishayotgan yutuqlar zamirida jamoadagi har bir shogirdimning o’rni beqiyos-, deydi “Edelveys” raqs dastasi badiiy rahbari Yuliya Koldakova.

....Raqs cho’qqisida kumushrang edelveys guli kabi porlayotgan raqs jamoasi “Edelveys” guruhiga cho’qqiga talpingan gulning shijoatini va ulkan cho’qqilarni tilab qolamiz. "Edelveys"ga raqs va san’at "Everest"ini zabt etishlarini istaymiz.

Dilafro’z EGAMBERDIYEVA

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech