A- A A+

Yangiliklar

Bunyodkorlik - sharafli kasb

on .

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 avgustdagi “O’zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to’g’risida”gi farmoniga ko’ra, avgust oyining ikkinchi yakshanbasi qurilish sohasi xodimlarining kasb bayrami sifatida kutib olinadi. Biz bu soha xodimlari timsolida o’z mehnati bilan shahar va qishloqlarimiz, yurtimizda qad rostlayotgan yangi ishlab chiqarish korxonalari, muhim ijtimoiy ob’yektlar, muhtasham turar joylar, keng, charog’on yo’llar va ko’priklarning bunyodkori, jonajon diyorimizni go’zal va tarovatli qilish yo’lida fidokorona mehnat qilib kelayotgan olijanob insonlarni ko’ramiz.

Mamlakatimiz ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, sanoatning bazaviy tarmoqlarini texnik va texnologik jihozlash, ularning eksport salohiyatini yanada yuksaltirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini ta’minlash, sanoat ishlab chiqarish tarmoqlarining uzoq muddatli va barqaror rivojlanishi aholi farovonligi yo’lida salmoqli ishlarni amalga oshirib kelayotganlar safida “Olmaliq KMK” AJning bosh bunyodkor tashkiloti - “Olmaliqmetallurgqurilish” trestining o’rni bugun alohida.

Mazkur tashkilotning yaqin tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, ta’mir va qurilish ta’mir ishlari hajmining oshishi va “Olmaliq KMK” AJ sexlari quvvatlarini oshirish bo’yicha investitsion loyihalarni o’zlashtirish va istiqbolli rivojlanish maqsadlarida “Olmaliq KMK” AJning 2007 yil 1 yanvardagi buyrug’iga asosan, Ixtisoslashtirilgan Ta’mir-montaj va qurilish boshqarmasi “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti sifatida qayta tashkil qilindi. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 martdagi № 2143-sonli “Sanoatning bazaviy tarmoqlaridagi ixtisoslashtirilgan qurilish tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash rivojlantirish to’g’risida”gi qarori va “Olmaliq KMK” AJning 13 mart 2014 yildagi “Olmaliqmetallurgqurilish” trestini qayta tashkil etish to’g’risida”gi bo’yrug’iga asosan, yangi tarmoq bo’linmalarga ega bo’lgan yirik qurilish tashkiloti sifatida o’z faoliyatini yanada kengaytira bordi. Kombinat sexlarini kengaytirish va qayta jihozlash, tibbiy, maktabgacha ta’lim muassasalari, bolalar sog’lomlashtirish oromgohlari va boshqa madaniy maishiy mo’ljallanishdagi ob’yektlarni ta’mirlash, foydalanishdagi binolar va inshootlarni kengaytirish, qayta jihozlash va ular bilan bog’liq montaj, temir-beton, metalli, yog’ochli va boshqa qurilmalarni, detallarni bunyod qilish, hududlarni obodonlashtirish, korxonalar, ob’yektlar va turar joy fondlarini qurish kabi vazifalarni bajarib borish asnosida trest yangi ixtisoslashtirilgan bo’linmalar, maxsus qurilish laboratoriyasi, kichik mexanizatsiyalashgan boshqarmasiga ham ega bo’ldi.

Kombinat bunyodkorlarining so’ngi yillarda sog’liqni saqlash muassasalarini bunyod etish va qayta jihozlash borasida amalga oshirib borayotgan ishlari e’tiborga molikdir. Shahar Markaziy shifoxonasi, bolalar shifoxonasi, yuqumli kasalliklar shifoxonasida amalga oshirilgan kapital ta’mir ishlari mazkur ob’yektlarga fayz va ko’rk bag’ishladi desak, xato qilmagan bo’lamiz. Butun dunyoni qamrab olgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga faol qo’shilgan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti Respublika Sanitariya-epidemoilogik osoyishtalik agentligi bilan hamkorlikda shahar Sanitar epidemiologik osoyishtalik markazi qoshida yangi virusologiya laboratoriyasini bunyod etishga kirishdi. O’lchami 12x12 m bo’lgan mazkur yangi ob’ektda keng qamrovli laboratoriya tahlil va o’lchamlarini amalga oshirish imkonini beradigan 12ta xonalar ta’mirlanib eng zamonaviy tibbiyot jihozlari bilan ta’minlanishiga erishildi. Yangi laboratoriyada ta’mirlash ishlari bilan bir qatorda, elektromontaj, santexnika ishlari olib borilib jami 525 mln. so’mlik qurilish-ta’mir ishlari bajarildi. Kombinat quruvchilari tomonidan bundan tashqari, shahar 3-terapiya bo’limida ham ta’mirlash va kommunikatsiya, santexnika jihoz va qurilmalarini ta’mirlash borasida keng qamrovli ishlar olib borildi. 4-Qurilish boshqarmasi boshlig’i Abdurazzakov Bahrom, duradgor Sardor Masharipov, suvoqchi-bo’yoqchilar Laylo Shermatova, Nargiza Husanova va Gulsara Burxonovalar ushbu ob’yektlarda g’ayrat namunasini ko’rsatishdi. Mazkur ob’yektda bajarilgan 124 962 748 so’mlik qurilish-ta’mir ishlaridan so’ng, davolash maskanini imkoniyatlari yana ham kengaymoqda.

OKMK asosiy ishlab chiqarish korxonalarini qayta jihozlash va ish quvvatlarini oshirishga qaratilgan investitsion dastur ijrosiga faol qo’shilgan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan 40 ming tonnadan ziyod sulfat kislotasini saqlashga mo’ljallangan 5-SK sexi kislota omborini qurish ishlarini davom ettirmoqda. Qad rostlashi ko’zda tutilgan 8ta sig’imning 5tasi ayni kunga kelib tayyor holatga keltirildi. Bundan tashqari, bo’lajak sex gradiriyasini rekonstruktsiya qilish ishlari ham jadal olib borilayapti. 1-Qurilish- montaj ishlari boshqarmasining ustasi Oybek Xidirboyev va uning qo’l ostida mehnat qilib kelayotgan Nuriddin Mavlyanov, Azimxon Murodxonov va Sanjar Po’latov kabi montajchilar va gaz elektrpayvandlovchilar yuqori natijalarga erishib kelishmoqda. Mis eritish zavodining eng yirik energetika sexi hisoblanuvchi Havo taqsimlash sexida ham qayta jihozlash ishlari davom ettirilgan holda har birining quvvati 15 ming m3 tashkil qiluvchi «Hanwha» SM-6000 konmpressorlari o’rnatilishiga muvaffaq bo’lindi. Shuningdek, mazkur sexdagi quvur havo purkash stantsiyasini kengaytirish ishlari olib borilayapti. Uchta «Hanwha» SE-65 rusmli bosimni oshirib berish uskunasi uchun maydonni tayyorlash ishlari qizg’in olib borilmoqda.

Ishlab chiqarish ustasi Rustam Abdiqulov va brigada yetakchisi Zoir Isakovlar ushbu ob’ekt qad rostlashida munosib rahbarlik qilib kelishayapti. Hisobot yili boshidan beri trest quruvchilari tomonidan MEZda 5 848 332 658 so’mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirildi. OKMKning asosiy boyitish fabrikasi hisoblangan Mis boyitish fabrikasi sexlarida Adham Tursunbayev rahbarligidagi 1-Qurilish boshqarmasi jamoasi pudrat ishlarini olib borishmoqda. Yangi maydalagichlar uchun maydonni demontaj qilish, uskunalar montaji osti poydevorini tiklash ishlarida Maqsudali Abduvaliev, Muhriddin Nuriddinov va Ravshan Hamrayev kabi quruvchilarning shijoati yuqori. Yangi filtr press bo’limi uchun transformator va kompressor stantsiyalari uchun yopiq inshootni tiklash ishlari tajribali ish boshqaruvchi Abdimutal Sapparov rahbarligi ostida yakuniga yetkazilmoqda. Jamol Mambetov, Bahodir Sultonov, Hamroz Begmatov va Sohib Aynabekov kabi quruvchi-montajchilar tomonidan bajarilgan ishlar o’z sifat ko’rsatkichlari bilan ajralib turadi. Trest quruvchilari tomonidan shu kungacha MBFda 29 675 541 552 so’mlik qurilish va montaj ishlari bajarildi.

Texnologik uskunalar osti poydevor va tayanchlarni qo’yish, poydevorlar quduqlari metalli yotqizilgan qismlari va anker boltlariga beton qorishmalarini quyish, armatura karkaslarini tiklash, umuman bino poydevoridan boshlab tom qismigacha bo’lgan barcha ishlarni sifat mezonlariga tayangan holda o’z vaqtida amalga oshirish bugun kombinat quruvchilar faoliyatining asosiga aylangan. Kapital qurilish boshqarmasi ob’ektlarini o’z muddatlarida foydalanishga topshirgan holda kombinat bunyodkorlari o’z kasb bayramlarini qarshi olishmoqda. Imkoniyatdan foydalanib barcha hamkasblarimizni kasb bayramlari bilan samimiy muborakbod etib ishlarida yangi zafarlar tilaymiz.

Dilorom ASRAYEVA,

“Olmaliqmetallurgqurilish" tresti

Ishlab chiqarish va texnik bo’limi boshlig’i

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech