Yangiliklar

Birinchi talab – sifat mezonlari

on .

Pokovkalarni tayyorlash, mexanik ishlov berilishga mo’ljallangan tayyorlamalarni, nostandart metall konstruksiyalari hamda rezina-texnika mahsulotlarini ishlab  chiqarishga ixtisoslashgan Temirchilik-payvandlash sexi Markaziy ta'mir mexanika zavodining muhim bo’g’inlaridan biri hisoblanadi.

Sex uchastkalari ishlab chiqarish faoliyatining tashkiliy tizimi metall prokatlarga alohida ishlov berish tamoyiliga asoslanib, an'anaviy dastgohlar bilan bir qatorda universal uskunalar - egri kesuvchan qaychilar, kesuvchi, bukuvchi dastgohlar hamda gaz yordamida kesuvchi mashina va mexanizmlar imkoniyatlaridan keng foydalanib kelinadi. Tajribali muhandis-texnik xodim Farhod Yusupov rahbarlik qilib kelayotgan Chilangarlik-yig’uv uchastkasi sex zimmasiga yuklatilgan ishlab chiqarish ko’rsatkichlarini barqaror bajarishi uchun keng omil va imkoniyatlarga ega bo’lgan uchastkalardan biri hisoblanadi.

Uchastkada o’nga yaqin ko’p funksiyali mexanizasiya vositalari va dastgohlari yordamida yirik o’lchamdagi metall konstruksiyalarni yig’ish va ta'mirlash yo’lga qo’yilgan. Kombinat korxona va sexlarida ekspluatasiya qilib kelinayotgan texnologik uskunalar va qurilmalar qator yillardan beri mazkur uchastkada ta'mirlanib hamda yig’ilib kelinayapti. Misol tariqasida keltiradigan bo’lsak, birgina o’tgan yilning o’zida ruda tegirmonlarining 13 ta baraban korpusi tayyorlanishga muvaffaq bo’lindi. Bundan tashqari, boyitish jarayonlarining muhim texnologik uskunasi hisoblangan gidrosiklonlar ham aynan mazkur uchastkada tayyorlanib, yiqilgan holda korxonalarga yuborilmoqda. Uchastkaning ochiq maydonida ta'mirlanib, yig’ilib kelinayotgan KSN-30 klassifikatorlar spirallari ham sifat ko’rsatkichlari bilan buyurtmachilarning yuqori bahosini qozongan. Bu esa J.Shokirov, A.Ay-naboev, D.Masadiqov va T.Azimov kabi chilangar-yig’uvchilarning samarali mehnati mahsulidir. Metall konstruksiyalar va boshqa jihozlarni tayyorlash va yig’ish jarayonlarini payvandlovchilar mehnatisiz tasavvur qilish qiyin. X.Eshmambetov, X.Abdu-raimov, X.Usmanov va D.O’rozqulov kabi gaz-elektr-payvandlovchilar murakkab bo’lgan qirqish, payvandlash va biriktirish ishlarini yuksak mahorat bilan bajarib borishmoqda. Tayyorlamalarni siljitish, ularni o’zaro biriktirish, tayyor mahsulotlarni iste'molchilarga ortish ishlarini bajarish yuk ko’tarish kranlari yordamida olib boriladi. G.Sayfutdinova, M.Zazdravina, N.Matqosimova va D.Abdumalikova kabi kran mashinistlari o’z zimmalaridagi vazifalarni belgilangan qoidalarga mos holda qat'iyat bilan olib borishayotgani diqqatga molikdir. M.Boboxonov, S.Ustakarimov, D.G’o’ziev, R.Mirzavaliv, I.Yunusov va E.Alimqulov kabi yig’uchi-chilangarlarning fidokorona mehnatlari evaziga uchastka jamoasi  yuqori natijalarga erishib kelmoqda.

- Uchastka ta'mir va yig’uv birigadalari tomonidan ayni kunlarda bir qator ahamiyatga molik metall konstruksiyalar va uskunalarni tayyorlash ishlari olib borilmoqda, - deydi Chilangarlik-yig’uv uchastkasi katta ustasi Farhod Yusupov. - Jumladan, kombinat temiryo’lchilarining buyurtmalari asosida tiquchsiz yoyli o’tkazgichlar, kombinat shaxta quruvchilari uchun turli kesimlardagi  mustahkamlagichlar yuqori sur'atlarda tayyorlanmoqda. Ulitali ta'minlovchi korpusi, ruda tegirmoni baraban korpusi va gidrosiklonlar tayyorlab berish uchun buyurtmalarga egamiz. Jamoamizdagi hamjihatlik, vazifalar ijrosidagi intizom va qat'iy nazorat yuqori ko’rsatkichlarimiz va mahsulotlarimiz sifatining bosh omili bo’lib xizmat qilmoqda.

Yilning birinchi choragida Temirchilik-payvandlash sexi jamoasi tomonidan pokovkalarni tayyorlash 102%, metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish 101,6%ga ortig’i bilan bajarildi. Ushbu mehnat yutug’ida Chilangarlik-yig’uv uchastkasi jamoasining salmog’i alohida bo’ldi. Hisobot oyida 235 tonnaga teng metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish vazifasi sharaf bilan uddalanishida ham chilangar-yig’uvchilar o’z hissalarini qo’shishlari shubhasiz.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech