Yoshlar ittifoqi

Yoshlar - OKMKning munosib vorislaridir

on .

Mamlakatimiz davlat mustaqilligi yillarida jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, yoshlarimizning zamonaviy bilim hamda kasb sohibi bo`lishi, jamiyatimiz hayotida munosib o`rin egallashi uchun qulay sharoit yaratildi. Yurtimizda bolalar to`liq umumiy o`rta ta’limga jalb etilyapti, maktablarni bitirayotgan yoshlar uzluksiz ta’limning barcha bosqichlari bo`yicha to`liq qamrab olinmoqda.

Bularning barchasi navqiron avlod uchun, ularning kelajagi uchun, mamlakatning ertangi kuni uchun amalga oshirilmoqda. Kelajagimiz egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Yoshlar barcha davrlarda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etib kelingan. Muntazam shakllanib boruvchi bu qatlam doimiy yo`naltirib va qo`llab-quvvatlab turishni talab etadi. Mamlakatimiz aholisining qariyb 64 foizini yoshlar, ya’ni 30 yoshgacha bo`lganlar tashkil etadi. Bu bir tomondan davlatimiz zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklasa, ikkinchi tomondan yoshlarga oid maqbul siyosat yuritish natijasida ulkan imkoniyatlar ham beradi. Hozir O`zbekiston mehnat resurslarining yarmidan ko`pi yoshlardir. Kelgusida har uchinchi saylovchi ham yoshlardan bo`ladi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 5 iyulida qabul qilgan “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g’risida”gi farmoni mamlakatimiz yoshlari hayotida yangi davrni boshlab berdi, desak xato qilmagan bo`lamiz. O`zbekiston Yoshlar ittifoqi va “Olmaliq KMK” AJ Yoshlar ittifoqi tashkil etilganidan keyin oradan roppa-rosa bir yil vaqt o`tdi. OKMK Yoshlar ittifoqi bugun korxona va sexlarning 35 yoshgacha bo`lgan 33 ta tashkilotini o`zida mujassam etadigan qudratli tashkilotga aylangan. Kombinatning korxona, sex va bo`linmalarida 30 yoshgacha bo`lgan 13 mingdan ziyod yoshlar mehnat qilishadi. 18 nafar Yoshlar ittifoqi raislari ozod etilgan va mustaqil faoliyat yuritish huquqiga ega bo`lgan yetakchi rahbarlar hisoblanishadi. Shuni alohida ta’kidlab o`tish zarurki, OKMK korxonalari YoI tashkilotlari to`laqonli faoliyat yuritishlari uchun barcha zarur shart-sharoitlar yaratilgan: maxsus xonalar ajratilgan va ular belgilangan tartibda tashkiliy texnikalar bilan jihozlangan, aloqa vositalari uzluksiz ishlashi yo`lga qo`yilgan. Kombinat va tegishli korxonalarning Yoshlar ittifoqi tuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkonini beradigan stendlar ishlab chiqilib, rasmiylashtirilgan. YoI tomonidan tashkillashtirilayotgan tadbirlardan foto suratlar ham aynan shu kabi stendlardan o`rin olgan. Bundan tashqari, faoliyatimizga doir barcha zarur ma’lumotlarni biz ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirib boramiz, buning uchun bizning Telegram, Facebookda o`z kanallarimiz hamda OKMK saytida o`z sahifamiz ham mavjud. Yoshlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ongi va qalbida mustaqillik g’oyalariga sodiqlik, milliy o`zlikni anglash, Vatanga muhabbat va uning taqdiriga daxldorlik, fidoyilik hissini qaror toptirish va rivojlantirish, turli mafkuraviy tahdidlardan asrash, demokratik davlat qurish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlarda yoshlar faolligini oshirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo`lida bor kuch-g’ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan, mamlakat istiqboli uchun mas’uliyatni o`z zimmasiga olishga qodir yoshlar safini kengaytirish Yoshlar ittifoqi zimmasidagi asosiy vazifalar hisoblanadi. Shuningdek, men yuqorida ta’kidlab o`tgan mamlakatimiz Prezidentining “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O`zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo`llab-quvvatlash to`g’risida”gi farmoni biz uchun dasturilamal hujjat bo`lib xizmat qiladi. Yosh ixtirochilar, ratsionalizatorlar va ijodkor yoshlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlashga asosiy urg’uni qaratganmiz. OKMK saytida “Yosh tadqiqotchi” sahifasi mavjud, aynan shu sahifa orqali yoshlar o`zlarining innovatsion g’oyalari bilan o`rtoqlashishlari mumkin bo`ladi. O`tgan yili kombinatda texnik kengash tashkil etildi, uning yig’ilishlarida yoshlarning tadqiqotlari, kelib tushgan ixtirochilik takliflari muhokama qilinadi hamda ularni hayotga tatbiq etish yuzasidan konsultativ maslahatlar berib boriladi. Joriy yilda Markaziy ta’mirlash mexanika zavodi yosh mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan ikkita texnik ishlanmalar ishlab chiqarishga joriy etildi. Kelgusida yoshlarimizni ilmiy izlanish va tadqiqotlarga faol jalb etish maqsadida fan va innovatsiyalar bo`limi bilan izchil hamkorlikni yo`lga qo`yishni rejalashtirganmiz. Yoshlarimizning tashabbuslarini qo`llab-quvvatlash hamda rag’batlantirilishini, ahloqiy, ma’naviy va madaniy qadriyatlarning ustuvorligini va ularning huquqlarini ta’minlash maqsadida turli tadbirlar o`tkazib kelinmoqda. Birgina o`tgan yilning o`zida YoI tashabbusi ostida 20 dan ziyod kasb mahorati tanlovlari tashkillashtirildi. “Balli qizlar”, “O`zbegim mard o`g’lonlari” kabi ko`rik-tanlovlar orqali yangidan-yangi iqtidor va iste’dod sohiblari kashf etib kelinayapti.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etadigan, xalq manfaatlariga sadoqat bilan xizmat qiladigan bilimli, tashabbuskor, ishbilarmon, halol va fidoyi yosh rahbar kadrlarni tarbiyalash, zaxirasini yaratish faoliyatimizning yana bir muhim yo`nalishlaridan hisoblanadi. Bo`lajak ishchi-xodim va mutaxassislarimizni kombinat hayoti bilan yaqindan tanishtirish, turli yo`nalishlarda seminarlarni o`tkazish yaxshi an’anaga aylangan. “Ustoz-shogird” tizimini yanada yuqori bosqichga ko`tarish maqsadida mazkur tanlov yangi asoslarda ustozlar uchun alohida o`tkazilishi va uning g’oliblarini Ustoz va murabbiylar kunida aniqlashni rejalashtirganmiz. Har bir korxonada yosh mutaxassislar zahirasi bilan ishlar olib borish namunali yo`lga qo`yilgan. YoIning ko`plab yetakchilari bo`lajak rahbarlar zahirasida turishi quvonchlidir. Kombinat yoshlari ommaviy-sport sog’lomlashtirish tadbirlari muntazam ravishda o`tkazilishini qo`llab-quvvatlashi bilan birga ushbu tadbirlarning faol ishtirokchilari hisoblanishadi. Shuni ta’kidlab o`tish joizki, yildan-yilga sport-sog’lomlashtirish bazalari mustahkamlanib borilayapti, mini-futbol maydonlari, sport zallari korxonalar tomonidan bunyod etib kelinayapti. Yoshlar kuni va mamlakatimiz davlat mustaqilligi kunlarida yoshlar o`rtasida o`tkazilgan yugurish marafoni doimiy an’anaga aylantiriladi. Yoshlar ittifoqi yoshlarimizning turli ijtimoiy, maishiy muammolari hal etilishiga ham o`z yordamini ko`rsatib kelmoqda. Masalan, kombinat umumiy yotoqxonalaridan xonalar ajratilishiga bevosita ko`mak berib borilmoqda. Vakillarimiz shahrimizda bunyod etilayotgan yangi mikrorayondagi ko`p qavatli uylardan kvartiralarni taqsimlash komissiyasi tarkibiga kiritilgan. Barcha rejalangan tadbirlarni yuqori saviyada tashkillashtirish maqsadida “Olmaliq KMK” AJ Kasaba uyushmasi Kengashi tomonidan moliyaviy yordamlar berilib, qimmatbaho sovg’alar ajratilmoqda.

Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuyg’usi, bag’rikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli ta’sirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga bo`lgan qat’iy ishonch va qarashlarga ega qilib tarbiyalashdek mas’ul vazifalar bajarilishiga baholi qudrat hissa qo`shib kelayotgan barcha insonlarga tashakkurimizni bildirib o`tishni o`z burchim deb bilaman. Shu o`rinda OKMKning barcha yoshlarini bayramlari bilan muborakbod etib, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiyasi, keng dunyoqarash va chuqur bilimlarga ega tashabbuskor, shijoatli, el-yurt manfaati yo`lida bor kuch-g’ayrati, bilim va salohiyatini safarbar qiladigan yurtimizning, xususan, kombinatning munosib vorislari sifatida kamolga yetishlarida mustahkam sog’lik va omad tilayman. Bayramingiz muborak bo`lsin, kombinat yoshlari.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech