Yoshlar ittifoqi

Shahrimizda “Yoshlar kuni” keng nishonlandi

on .

Vatanimiz taraqqiyoti, dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoridan uning o`rin olishi ko`p jihatdan unib-o`sib kelayotgan yosh avlodning salohiyati, bilimga chanqoqligi, ilm-fan cho`qqillarini o`zlashtirishi va yuksak ma’naviy qiyofasiga bog’liq.

Kuni-kecha mamlakatimizda ilk bora keng ko`lamda nishonlangan “Yoshlar kuni” shahrimizda, xususan, OKMKda ham alohida shodiyonalar bilan kutib olindi.

30 iyun kuni yurtimiz bo`ylab keng quloch yozgan yoshlar bayrami shahrimizda ham katta tayyorgarliklar bilan ko`tarinkilikda kutib olindi. Ushbu kun “Yoshlar bog’i” shahrimiz yoshlari bilan yanada gavjumlashdi. Mazkur maskanda “Yoshlar festivali” doirasida turli madaniy-ma’rifiy kechalar, sport musobaqalari, davra suhbatlari va sayillar, “Yosh oshpazlar” tanlovi tashkil etilib, “Kitobxonlar viktorinasi”da ishtirokchi yoshlar 50ga yaqin kitoblarga ega bo`lishdi. Sana munosabati bilan o`tkazilgan “Hokim va yoshlar” uchrashuvida shahar hokimi Mira’zam Mirqosimov tantanaga yig’ilgan yoshlarni bayram bilan qutlab, ular bilan dildan suhbatlashdi. Yoshlar ittifoqi tomonidan o`tgan bir yil ichida bajarilgan ishlarga to`xtalib, xayrli amallarda tashabbus va g’ayrat ko`rsatgan faol yoshlarga o`z minnatdorchiligini bildirdi. Shuningdek, ushbu uchrashuv davomida o`tgan davr mobaynida turli musobaqa va ko`rik-tanlovlarda munosib ishtirok etib, yuqori marralarni qo`lga kiritgan hamda tengdoshlariga o`rnak bo`lib kelayotgan yoshlar munosib taqdirlanishdi.

Bog’dagi “Yoshlar kuni”ga bag’ishlab tashkillashtirilgan OKMK va shahrimiz yoshlarining ijod namunalaridan iborat ko`rgazmalar - rang-tasvir asarlari, milliy hunarmandchilik buyumlari, yosh tadbirkor tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyishi bayramni o`zgacha ruhda o`tishini ta’minladi. Bayram sayli tushlikdan so`ng, “Metallurg” madaniyat saroyi hovlisiga ko`chib, katta sahnada uyushtirilgan kontsert tadbirida xalqimiz sevgan iste’dodli yosh xonanda Jasur Umirov o`zining diltortar qo`shiqlari bilan barchaga xushkayfiyat ulashdi. Kombinat Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan shahrimizning yuqori qismida joylashgan Yoshlik I konidan boshlangan yugurish marafoni keng yoshlar qatlamini qamrab oldi. Marafon g’oliblari qimmatbaho sovg’alar bilan taqdirlanishdi.

Axborot xizmati

Click to listen highlighted text! Powered By GSpeech